Jahondagi iqtisodiy inqiroz O’zbekistonga uncha ta’sir etmaganini da’vo qilayotgan rasmiy Toshkent AQSh, Yevropa Ittifoqi va Osiyo mamlakatlaridan sarmoya jalb qilish ishlarini jadallashtirgan.
Yaqinda Jenevada Yevropa Ittifoqi-O’zbekiston iqtisodiy hamkorligi istiqbollari muhokama qilindi.
Shu oy oxiri, 21-23 oktyabr kunlari Toshkentda Osiyo va Islom taraqqiyoti banklari bilan hamkorlikda O'zbekistonga xorij sarmoyasini jalb etish bo'yicha xalqaro konferensiya rejalangan.
Bu sa’y-harakatlarga qaramasdan, O'zbekistonga xorij investitsiyasining kirishi juda og’ir kechmoqda.
1 oktyabr kuni Jenevada Yevropa davlatlari sarmoyasini O'zbekistonga jalb etish muhokama qilingan edi. Tahlilchilar fikriga ko'ra, O'zbekiston iqtisodi sarmoyaga juda muhtoj. Investitsiya mamlakatga erkin tarzda emas, siyosiy muzokaralar yo’li bilan kirayotgani kuzatiladi. Bu muzokaralar har doim ham kutilganidek yakunlanmaydi.
O'zbekiston prezidenti Islom Karimov 5 oktyabr kuni Ummon sultonligiga safaridan qaytdi. Tashrif davomida neft va kimyo sanoatida hamkorlikka kelishilgan. Imzolangan memorandumga ko`ra, O`zbekistonda sement zavodi qurilishi rejalangan.
Shartnoma qiymati haqida ma'lumot yo'q. 6 oktyabr kuni Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi Qozog'istonda bo'lib, o'rtada 6 milliard dollarlik shartnomalar imzolandi.
Ikki qo'shni davlatdagi sarmoya muhitini solishtirgan tahlilchilar Qozog'istonda biznes yuritish O'zbekistonga nisbatan ancha erkin ekanini ta`kidlashadi.
Ismi oshkor etilmasligini so`ragan suhbatdoshimiz xorijlik sarmoyadorlar uchun konsalting-maslahat xizmati ko`rsatadi. Uning so’zlariga qaraganda, hukumat sarmoya uchun imtiyozlar va`da qiladi-yu, tadbirkor biznesni boshlagach yuzaga keladigan to`siqlar bu imtiyozlarni yo`qqa chiqaradi.
"Hukumat imtiyozlar bergandan ko'ra amaldagi to'siqlarni olib tashlasin. Birinchisi, bu banklar bilan ishlash. Banklar davlat funksiyasini bajaradi, nazorat qiladi, biror operatsiya bajarish uchun juda ko`p vaqt yo`qotasiz", - deydi u.
“Men konsalting xizmatini eksport qilaman. Eksport bo'yicha qo'yilgan to'siqlar, keraksiz hujjatlar tadbirkor hafsalasini pir qiladi. Bu nafaqat eksport operatsiyasi, balki biznesni barcha sohalariga tegishli holat”, - degan fikrda suhbatdoshimiz.
O`zbekiston xorij sarmoyasini jalb etish uchun Navoiy viloyatida erkin savdo hududini tashkil etdi. Hukumat qaroriga ko`ra, sarmoya kiritgan tadbirkorlar soliq, viza, bojxona to`lovlari bo`yicha qator imtiyozlarga ega bo`ladi. Biroq hozircha bu savdo hududiga investitsiyalar oqib kirayotgani kuzatilmaydi.
Sharhlovchilar sarmoya uchun to`siqni nafaqat konvertatsiya yoki banklar faoliyatidagi muammolar, balki sarmoya sohalari nazoratda ekanida ko`rishadi.
“O'zbekiston bozorlarida sog`lom raqobat shakllanmadi. Katta daromad keltiruvchi sohalar, bu boradagi investitsiyalar asosan davlat nazoratida”, - deydi tahlilchi Suhrob Ismoilov.
So’nggi paytda O`zbekiston hukumati Xalqaro Valyuta Jamg`armasi, Jahon Banki, Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki kabi moliyaviy idoralar bilan aloqani qayta tikladi. Hukumat bu moliyaviy birlashmalarga umid bilan qaramoqda.
“Sarmoya muhitini yaxshilash bo`yicha biror ijobiy ish qilinayapti deb hisoblamayman. Bilasiz, O`zbekistonda asosiy sohalarni hammasi monopoliya ostida, gaz-neft, paxta sanoati. Davlat tashkilotlari xohlaganini qiladi. Investorlarning esa faqat puli kerak, lekin ularni bu yerda ishlashi uchun hech qanday sharoit yaratilmagan”, - deydi iqtisodchi Jahongir Shosalimov.
Tahlilchilarga ko`ra, iqtisodiy muhitda real o`zgarishlar bo`lmas ekan, umidlar oqlanmasligi mumkin.