Breaking News

Tahlilchilar: Chetdan kelayotgan pul miqdori kamayishi mumkin


AQSh, Yevropa, Rossiya va Qozog’iston moliyaviy inqirozni bartaraf etish uchun bir qancha choralar belgiladi.

O’zbekistonda esa sokinlik, chunki, deydi tahlilchilar, mamlakat kompaniyalari tashqi bozorda ishtirok etmaydi.

Sarmoya va iqtisodiy sharoit bilan shug’ullanuvchi firma vakili fikriga ko’ra, moliyaviy inqirozning O’zbekistonga ta’siri sezilmayapti.

“Katta-katta davlatlar vasvasa boshlanmasligi uchun pullarini yirik banklarga berayapti, bizda bunaqa emas. Xudoga shukur, tinch. Chetdan kelayotgan sarmoyalar foizi ko’tarilmadi. Agar krizis o’rta va kichik biznesga ta`sir qilsa, shunda sezamiz. Yanvarlarga borib buyutmalar kamayib ketadi”, - deydi u.

Boshqa bir mutaxassis nazarida moliyaviy inqiroz O’zbekistonga bevosita ta’sir qilishi uchun avvalo biznes muhit faol bo’lishi va muntazam o’sishi kerak.

“O’zbekiston birjalarida chet el bilan to’g’ridan-to’g’ri savdolashish huquqi yo’q. Shunday bo`lgan taqdirda krizis asoratlarini o`lchash mumkin edi”, - deydi u.

Mutaxassislarning aytishicha, moliyaviy inqiroz O`zbekistonni chetlab o’tmayapti, asoratlari sezilmoqda.

O’zbekiston eksportining asosiy yo’nalishlari - paxta, rangli metallar bahosi tushmoqda.

“Narxlar tushmoqda, mis narxi pasaygan, paxta arzonlashishi mumkin. Paxtani Rossiya olayapti, krizis bois ularda real sektorda ish to`xtayapti. Shuning uchun paxta narxini tushirishi yoki umuman olmay qo`yishi mumkin”, - deydi Toshkentdagi biznes-konsalting firmasi mutaxassisi.

Uning so’zlariga ko`ra, moliyaviy tanglik ta`siri O`zbekistonda Rossiyadagi kabi bilinmaydi, iqtisod tarmoqlarida ish to’xtab qolayotgani yo’q.

“Hozir bizda unaqa katta muammolar yo’q. Davlat pul ajratishi kerak bo`lgan yirik kompaniyalar ham ishlab turibdi, muammolar yo’q, bilishimizcha”, - deydi u.

Sharhlovchilar fikricha, moliyaviy inqirozning Rossiya va Qozog’istondagi asorati O’zbekiston uchun xavfli, aholining asosiy qismi o’z daromadini aynan shu mamlakatlarda topmoqda.

“AQSh, Yevropa, Rossiya, Xitoy kabi davlatlar moliyaviy tanglik bois O`zbekistonga kiritayotgan sarmoyalarini qisman yoki butunlay to`xtatib qo`yishi mumkin. Davalt hozir bu haqda mutlaqo o’ylayotgani yo`q. Iqtisodiy bo`hron natijasida Rossiya va Qozog`istondan millionlab mehnat muhojirlari O`zbekistonga qaytib kelishi mumkin. Ular O`zbekistonda ishsiz kuchga aylanadi. Bu esa ijtimoiy noroziliklarga, tang ahvolga olib kelishi mumkin”, - deydi “Tezkor guruh” analitik markazi eksperti Suhrob Ismoilov.

Avvalroq Osiyo Taraqqiyot Banki mintaqa davlatlarini ogohlantiruvchi bayonot bilan chiqqan edi. Bu bayonotga ko`ra, mintaqa aholisi daromadida tashqaridan kelayotgan pul tushumining o’rni katta, moliyaviy tanglik bu daromadni xavf ostiga qo`yadi. Bank oziq-ovqat mahsulotlari bahosining keskin oshishi mumkinligiga e`tibor qaratadi.

Yaqinda mamlakat prezidenti farmoniga ko`ra, maosh 12 foizga ko`tarildi. Shu bilan birga bozorda oziq-ovqat narxi, elektr haqi, kommunal to`lovlari, jamoat transporti xarajati ham oshdi.

Sharhlovchilar fikriga ko`ra, oddiy aholi narx-navo oshishidan qattiq charchagan. Moliyaviy tanglik asorati, asosan, ana shu qatlam chekiga tushishi bilan yanada xavfli.

XS
SM
MD
LG