Breaking News

Ishsizlik: Inqiroz ayniqsa mehnat muhojirlariga og'ir tushmoqda 


Hozirda millionlab o'zbekistonlik xorijdagi ishidan ayrilib, vatanga qaytgan. Norasmiy hisoblarga ko'ra, chet elda ishlab, oilasini boqayotganlar soni respublikada 5 milliondan oshadi.

Ular topgan pul O'zbekiston iqtisodiyotining tayanchiga aylanayotgan edi. Tabiiyki, ular ishini yo'qotishi bilan millionlab oilalar turmushi ham qil ustida.

"Tezkor guruh" tahlil markazi xulosasiga ko`ra mehnat muhojirlari biror siyosiy kuchga ega bo'lmasa-da, ancha uyushgan qatlam.

Yurtida ish topa olmagach bu insonlar yana chet elga chiqishga majbur, deydi tahlilchi Suhrob Ismoilov.

"Chunki ularda boshqa imkoniyat yo'q. Maosh kam, dollarga nisbatan rublning qadri tushib ketganiga qaramasdan odamlar yana ish izlab ketmoqda", - deydi mutaxassis.

"Rossiya uchun bu muhojirlar faqat arzon ish kuchi emas, balki geosiyosiy qurol ham bo`lib kelgan. Hozir diasporalar turli jamiyatlar tuzmoqda, nodavalat tashkilot bo`lib ro`yxatdan o`tmoqda. Bu vaziyatga Rossiya aralashishi, nazorat qilishi va keyinchalik bu karta Rossiya tomonidan o`ynalishi mumkin. Hozir ma`lumki, O`zbekiston G`arb, AQSh bilan yaqinlashishga harak qilmoqda. Shunday ekan yoppasiga deportatsiya varianti ham qo`llanishi mumkin", - deydi Suhrob Ismoilov.

Sharhlovchilar nazarida O`zbekistonda muxolif siyosiy partiyalar keskin siquvda ekani vaziyatni tashqi kuchlar ixtiyoriga o`tkazuvchi holat.

Muxolifat muhojirlar singari birdam emas. Tarqoqlik ularni yanada zaiflashtirgan, deydi mustaqil tahlilchilar.

Hukumat viloyatlarda va Toshkent shahrida mehnat bozorlari tashkil etib turadi. Ularda taklif qilinayotgan ish haqlari esa aholi talabiga javob bermaydi.

Yaqinda Toshkent shahrida o`tgan ikki kunlik mehnat bozorida 25 ming kishi qatnashgan. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, ulardan 12 ming nafari ish o`rni bilan ta`minlangan.

Biroq bu rasmiy manbalarda mehnat bozorida ishtirok etish uchun asosan kollej o`quvchilari majburan olib chiqilgani haqida hech narsa deyilmaydi.

Bu yarmarkalarda e'lon qilinayotgan o'rtacha oylik faqat transport xarajati va tushlik qilish uchun ketadigan mablag'ni qoplaydi.

Shunday ekan, aholi mehnat bozoridan emas, mardikor bozoridan ish topishni afzal biladi.

"Hozircha shu bozorda ishlab turibmiz, ish haqi har xil",- deydi "Amerika Ovozi" bilan suhbatlashgan fuqarolardan biri.

"Ayollar ham ishlayapti. Ro`zgo`rini tebratishi kerak. Harakat qilmasak, hech kim hech narsa bermaydi. Non kerak, yog' kerak, sabzi-kartoshka, bu tirikchilik ", - deydi mardikor.

Prezident Islom Karimov yaqinda Vazirlar Mahkamasi yig`ilishida gapirganida, moliyaviy inqirozga qarshi qabul qilingan davlat dasturi hozirdanoq natijalar bera boshlayapti, deya qayd etdi.

Xalqaro Valyuta Jamg`armasi hisobicha 2009-2910 yillarda O`zbekistonda iqtisodiy o'sish 7 foizni tashkil etishi mumkin.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG