Breaking News

O'zbekiston-Rossiya hamkorligi kimning manfaatini ko'zlamoqda?


Prezident Islom Karimov joriy yildagi xorijiy tashriflar zanjirini Moskvadan boshladi. Mutaxassislar ta’biricha, Rossiya-O’zbekiston aloqalari mustahkam va barqaror. Rossiya yaqin yetti yil davomida O’zbekistonning asosiy siyosiy-iqtisodiy hamkori bo`lib qo`lishi aniq, deydi ular.

Sharhlovchilar nazarida Islom Karimovning Rossiyaga safari rasmiy Toshkentning Vladimir Putindan keyingi Rossiya bilan munosbatlari qanday bo`lishini belgilaydi.

Tashrif davomida prezidentlar o`rtasidagi qo`shma bayonot, hukumatlararo 2008 –2012 hamkorlik shartnomasi, shuningdek Toshkentdagi samolyotsozlik zavodini Rossiya kompaniyasiga qo’shilishi haqida bitimlar imzolangan.

Karimovning Rossiyaga tashrifi yakunlari yuzasidan berilgan rasmiy axborotga ko`ra savdo aylanmasi 2007 yilda 4 millard dollardan oshgan. O`zbekiston tashqi savdosining chorak qismi Rossiya hisobiga to’g’ri keladi.

Rossiya bizneslarining O`zbekistonda kengayayotgani Kreml siyosiy ta`sirining kuchayganidan dalolat. Tahlilchi Akbar Aliyevning ta`kidlashicha Rossiya bilan iqtisodiy aloqalar O’zbekiston manfaatlari uchun xizmat qilishi kerak. Ammo, deydi u, siyosiy qaramlik respublikaga pand bermoqda.

“Birinchi navbatda gaz masalasi. Hozir Rossiya uning har ming kubometriga 130 dollar atrofida haq to`layapti. Yevropaga esa 250 dollardan oshirib sotayapti. Chkalov zavodi IL va AN rusumli samolyotlar chiqarishga mo`ljallangan edi. Masala shundaki bu samolyotlar eskirib bo`lgan. Xalqaro talablarga javob bermaydi. Ular daromad keltirmayapti. Agar Rossiyada bu borada yaxshi taklif bo`lsa ma`qul, bo`lmasa tajribaga ega davlatlarga murojaat qilish kerak. Iqtisod O`zbekiston manfaati nuqtai nazaridan himoya qilinishi kerak. Lekin Karimovning mavqei juda kuchsiz, u yon berishga majbur”, - deydi Aliyev.

Sharhlovchilarga ko’ra, Rossiya- O`zbekiston hukumati o`rtasida besh yillik hamkorlik bitimi imzolanishi, gaz eksporti miqdorini oshirish uchun transport quvurlarini kengaytirish - asosan Kremlning strategik maqsadlariga javob beradi.

Ayrimlar Islom Karimov tashrifi mobaynida rasmiy Toshkentning G’arb bilan aloqalari tiklanayotgani va geosiyisiy o’lchamlar borasida gap ketganiga shubha qilmaydi.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasining bosh kotibi Otanazar Oripovning aytishicha Kremlda imperiyacha qarashning kuchayishi tashqi siyosatda o’zgarishlar qilishga majbur etadi.

“Rossiyada boshqa davlatlarni o’ziga bog’lab olish harakati kuchaygan. Rossiya bilan iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy aloqalar davom etishi va rivojlanishi kerak. Lekin unga bog’lanib qolish xavfi ham bor. Bizning prezidentimizning o’zgaruvchan kayfiyati va unga qarab o’zgarib turuvchi siyosat natija bermaydi”, - deydi Oripov.

Karimov-Putin muzokaralarida Afg’onistodagi vaziyat yuzasidan ham so’z borgan. O`zbekiston prezidenti qo’shni davlatda ahvol tahlikali tus olayotganini aytib, bu borada Rossiya yordamiga umid qilishini bildirgan.

XS
SM
MD
LG