O`zbekistonda Navro’z keng nishonlanmoqda. Milliy bog’da bayram munosabati bilan o`tkazilgan tantanali yig`ilishda mamlakat prezidenti Islom Karimov O’zbekiston xalqini qutlab, Navro’z yangilanish bayrami ekanini ta’kidlagan.
“Bugun mana shu unutilmas damlarda, yangi mavsum arafasida barchamiz eng avvalo Navro‘z ayyomining haqiqiy egalari, rizq-ro‘zimiz bunyodkorlari bo‘lmish zahmatkash dehqonlarimizni qutlab, ularga mo‘l hosil, baxt va omad tilaymiz”.
Huquq himoyachisi Abdulla Tojiboy o`g’li nazarida Navro’z ulug’ ayyom, biroq uni nishonlash hammaga ham nasib etmayapti.
“Bugun ko`plab odamlar iqtisod tufayli o`zi bilan o`zi ovora bo`lib qolgan paytda bayram ularga qandaydir baxt keltirayapti deyish qiyin. Har kim o`z imkoniyatiga ko`ra nishonlayapti. Milliy bog`dagi bir hovuch rahbarlar uchun maxsus tantanalar o`tkazilgan”, - deydi Abdulla Tojiboy o`g`li.
Poytaxtning Navro`z tantanalariga burkangan markaziy xiyobonidan tashqarida bayram kayfiyati unchalik bilinmaydi.
“Chorsu” bozori har doimgiday ishlayapti. Odamlar savdo-sotiq bilan band.
Anor sotayotgan bir dehqonning aytishicha uning uchun eng muhumi bayram emas, balki mahsulotini tezroq sotish. Bu yil qishning sovuq kelgani, ayniqsa cheraganing yopib qo`yilishi bozorchilarga katta pulga tushgan.
Anorning bir kilosi 1000 so’m. Vaholanki, deydi bir savdogar, aslida u mevaning har kilosi uchun bir yarim ming to’lagan. Qishdan olib chiqish uchun katta sarf xarajatlar qilgan. “Shunga qaramasdan anorni sovuq olgan, oldi chirishni boshlagan. Chegara esa yopiq”,- deydi u.
Sabzavot sotayotgan boshqa bir dehqonning so’zlariga ko`ra daromad asosan chetga mahsulot sotishdan tushadi. Chegara yopiq ekan, mahsulot narxi arzimagan bahoga tushib ketadi. “Agar shu arzimagan bahoga ham sotishga ulrumasa, dehqon bir yillik mehnatiga kuyib qolishi mumkin”,- deydi u.
“Sabzining qopi 30 000 so`m. 250 so`mdan aylanayapti. Uni 300 so`mdan sotsangiz, 50 so`m pul qoladi. Qopidan bir yarim ming so`m. Bundan pattaga, qorovulga, bozorni supuradiganlarga ham haq ajratish kerak. Bundan foyda yo`q. Misol uchun pomidor, kilosi 3000-4000 so`mga chiqdi. Chegara ochilgani uchun tortdi. Lekin yopilsa, tushib ketadi. Pomidorni vaqtida uzmasangiz, boy berasiz”, – deydi sotuvchi.
Bozorda xaridor narx- navoning o`ta qimmatlashib ketayotganidan noliyotgan bo`lsa, sotuvchilar narx-navo ular mehnatini zo’rg’a oqlayotgani haqida gapiradi.
Sharhlovchilar nazarida maosh past ekan, aholida xarid qilish kuchi tobora pasaymoqda.
“Misol uchun benzin, g`osht, shakar, un yoki boshqa mahsulotalrni olaylik. Maosh dunyodagi maoshlarga nisbatan 10-15 martaga kam ekan, ularning hammasi odamlar uchun juda qimmat. Bu aholi turmush tarziga ta'sir qilayapti. Ular vaziyatdan norozi ”, - deydi sharhlovchi Toshpo`lat Yo’ldoshev.
Uning fikricha hukumat dehqon mahsulotlarini tashqi bozorga chiqarilishi yuzasidan ochiq siyosat yuritmas ekan, ahvol shu tarzda davom etaveradi.
“Oxirgi paytda benzin narxi oshdi. Kimyoviy o’g’itlar narxi oshdi. Bular oqibatida albatta mahsulot narxi ham oshdi. Shuni hisobga olsak, dehqon mahsulotini chetga chiqara olmasa, zarar ko’radi. Chegarada mahsulotini o`tkazish uchun yetarli pora bermasa, ikki-uch kun qolib ketadi. Natijada mahsulotini axlatga tashlab, qaytib kelishga majbur bo’ladi. Shuning uchun hukumatga bir tilak borki, chegara ochiq yoki yopiq bo’lishi kerak. Dehqon shunga qarab masulot yetishtirishni va sotishni rejalaydi. Agar ahvol shu tarzda qoladigan bo’lsa, xalq inqirozga uchrayveradi”, - deydi Yo’ldoshev.
O’zbekiston prezidenti esa mamlakat xalqini Navro’z bayrami bilan qutlarkan, xalq farovonligi tobora oshmoqda degan. Hayotni ko’rmoqchi bo’lsang, bozorni ko’r deyishadi. O’zbekiston bozorlarida xaridor ham, sotuvchi ham bugungi ahvolni to’q va farovon deb atamaydi.