Navro’z tarix davomida turli ta’qib va tazyiqlarga tutilishiga qaramasdan ming yillardan buyon tantana qilib kelinayotgan betakror bayram.
Bu yil YUNESKO tomonidan ham nishonlanadi. Insoniyatning madaniy merosi sifatida e’tirof etilgan.
Tarixchilarga ko’ra, Navro’z O’zbekistonda boshqa sobiq Ittifoq davlatlariga nisbatan bir qadar ko’proq taqiqlarga uchragan. Mustaqillikdan keyin milliy miqyosda rasman nishonlab kelinayotgan bu tantanalar ko’p hollarda yopiq tarzda o’tmoqda.
Sharhlovchilar nazarida milliy bayramning yopiq tantanaga aylantirilishi ko’pchilikda befarqlik kayfiyatini kuchaytirmoqda.
Navro’zni rasman umummilliy tarzda nishonlash sobiq Ittifoq davlatlariga mustaqillik barobarida nasib etdi. Bu davlatlar uchun Navro’zning yangi yil sifati ko’proq ramziy ahamiyatga ega. Bu ramziylik mintaqa xalqlari qadriyatlarining umumiyligini belgilashi bilan ajralib turadi.
O’zbekistonda Navro’z 21 mart kuni nishonlanadi, biroq rasmiy tantanalar qachon va qaysi paytda o’tishi har doim ham jamoatchilikka ma’lum qilinmaydi.
Bu yilgi bayram ham bundan mustasno emas.
“Navro’zni 21 martda ekanligini hamma biladi. Ertalab biron tadbir o’tgan bo’lsa kerak. Kimdir prezident nima deydi deb kutgan bo’lsa kutgandir, lekin biz unchalik qiziqib qaramaymiz. Shu kechki payt ko’rishimiz mumkin. Bo’lmasa, televideniyeda har kuni konsert-ku. Bu konsertlar xalq uchun bo’lganda ehtimol odamlar borib ko’rardi. Lekin xalq uchun emas, xalq uchun yopiq, faqat amaldorlar uchun, xalq uchun qizig’i yo’q uni”, - deydi fuqarolardan biri.
Jamoatchilik orasida milliy miqyosdagi tantanalarga nisbatan qiziqish susayib borayotgani ta’kidlanadi.
“Bayramni milliy kasb etishi uchun odamlarni o’zi ham ruhan tayyor bo’lishi kerak. Masalan Navro’z qanday nishonlanadi? Navoiy bog’iga prezident keladi, odamlarni taklif qog’ozi bilan yig’ishadi, konsert bo’ladi. Televizorda ko’rganlar ha bugun Navro’z ekan deydi, qo’yadi. Albatta targ’ibot-tashviqot qilinadi, radio televideniyeda, lekin bu targ’ibotlar odamlarga singmaydi, chunki ko’ngildan qabul qilinmaydi. Lekin yangi yil bayrami negadir singib ketgan”, - deydi hofiz Dadaxon Hasan.
Tarixshunoslar nazarida Navro’z diniy bayram emas, bu boradagi munozaralarni yakunlangan deb hisoblash mumkin. Ammo sobiq Ittifoq tarkibidagi barcha musulmon davlatlari uchun umumiy qadriyat ekanligi bois bu bayram tazyiq va ta’qiblardan xoli bo’lmagan.
Sobiq Ittifoqda Navro’zga nisbatan munosabat ko’proq befarqlik bilan kuzatilgan bo’lsada, aynan O’zbekistonda bir qadar ta’qiblarga uchragani ta’kidlanadi.
Ayrimlar bu ta’qiblarni O’zbekiston kompartiyasi a’zolarining shaxsiy tashabbuslarida, xususan o’sha paytlarda kompartiya firqasi rahbarlaridan bo’lgan Ra’no Abdullayeva bilan bog’liq ko’rishadi. Tarixchi olim Fayzulla Is’hoqovga ko’ra bunday ayblovlar o’rinsiz.
“Navro’z - yangi kun, bahor kelishi, fasllar almashishi bilan bog’liq bayram. Avval Sovet davrida shaharlarda katta o’yin-kulgi bilan bayram qilinmagan, lekin sumalakni hammma qilgan. Hukumat tomonidan bunga e’tibor berilmagan, ma’qullash ham, tanqid qilish ham yo’q edi. O’zbekistonda 1986 yili, desantchilar deymiz, o’shalarni ishga solishgan. Ra’no Abdullayevani hozir bekorga ayblashadi. Bitta aybi ularni tazyig’iga bo’ysungani, ular talab qilishgan. Navro’zni navbahor deb o’zgartirishga harakat qilishgan”, - deydi tarixchi olim.
O’tgan asrning 1980-90 yillari - O’zbekistonda milliy ozodlik harakati uy’gona boshlashi bilan kuzatilgan davrlar. O’zbekiston kompartiyasining Navro’zni taqiqlash borasidagi rasmiy qarori millat ziyolilarini befar qoldirmagan. Shu yillarda hofiz Dadaxon Hasan “Marhabo Navro’z” qo’shig’ini kuylaydi.
Hofizga ko’ra qo’shiq bevosita O’zbekiston kompartiyasi qaroriga norozilik sifatida yozilgan.
“Bu qo’shiq Ra’no Abdullayevani qarori bilan bayram yo’q qilinib, uni qo’llagan shoirimiz Abdulla Oripovni “Baxt va bahor bayrami” she’ri gazetada bosilib chiqqanidan so’ng yozilgan. Men bu baxt va bahor bayrami emas, Navro’z bayrami deb qo’shiq aytganman. Yaxshi qabul qilingan, o’sha paytda qisqa-qisqa qilib xorij radiolarida ham berilgan. Qachon o’zimizniki bo’lasan, zarbalarga uchrayverasan deb aytganman. Qo’shiqdan keyin mendan Navro’z qanday bayram deb so’raganlar ham kop bo’lgan. Keyinchalik Navro’z haqida gapirish boshlandi”, - deydi Dadaxon Hasan.
Adabiyotshunos olim Naim Karimov Sovet davrida shunday bayram borligini ota-onasidan eshitgan. Faqat 80-yillarda milliy harakat faollashgan paytlardagina bu bayramni nishonlash imkoni bo’lgan. Buning uchun turli sabablardan foydalanilgan.
“80-yillarga kelib milliy uyg’onish harakati kuzatila boshlandi. Shu uyg’onishni dastlabki natijalari Navro’z bayramini nishonlashda kuzatildi. O’sha paytda Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda mart oyida, Hamzani tug’ilgan kuni munosabati bilan tadbir o’tkazardik. Shunday tadbirlarda Farg’ona vodiysiga borib, ham Hamzani tug’ilgan kunini, ham Navro’z bayramini o’tkazib kelardik”, - deb eslaydi Naim Karimov.
Navro’z insonni tabiat bilan uyg’unlashuvini anglatuvchi go’zal an’ana. Bu bayramni asrlar osha xalq orasida yashab kelayotgani ham ko’proq shu fazilatga bog’liqdek. Navro’zni taqiqlash, cheklash yoki uni siyosiylashtirishga urunishlar ming yillik tarix oldida hech qanday ahamiyatga ega emasdek.