Afg’oniston, Eron va Tojikistan – forsiyzabon davlatlar rahbarlari hamkorlikni mustahkamlash masalasini muhokama qilmoqda.
Afghonistonda yig’ilgan rasmiylar Navro’zni ham nishonlagan.
Biroq bayram Kobulda emas, Mozori Sharifda, asosan turkiy xalqlar yashovchi hududda o’tgan.
Bu esa turkiyzabon xalqlar orasida turli taxmin va xavotirlarga sabab bo’lmoqda.
Afg’oniston matbuotiga ko'ra, Navro’z tantanlarining “shimoliy poytaxt” Mozori Sharifda o'tishi shaharning qadimiy tarixi bilan bog`liq.
Mozori Sharif aholisi asosan turkiy xalqlar, jumladan, o`zbeklar.
Hukumatning kichik elatlar, ular madaniyati, tarixiga nisbatan siyosati turkiy xalqlar, jumladan, o`zbeklar noroziligiga sabab bo`lmoqda.
Ma’lumotlarga ko’ra, Mozori Sharifda Alisher Navoiy nomidagi maktab qayta nomlangan. So’nggi paytda turkiy yodgorliklarga nisbatan shunday siyosat ko’zga tashlanmoqda.
Yaqinda afg`onistonlik o`zbeklar etakchisi general Abdurashid Do`stum bayonot tarqatgan.
“Kecha eshitdim bayonotni. Ayrim toshlarni ko’chirishgan, ayrim lavhalarni o`chirishgan. Alisher Navoiy nomidagi maktab bor edi, nomini o’zgartirishgan. Husayin Boyqaro nomi bilan bog`liq joylar bor edi, uni o`chirishgan. Madaniyat vaziri bor, o`sha olib tashlagan. Xalqning madaniy yodgorliklarini o`chirish yomon, shu harakat qoralandi. Afg`onistonda avval o`tgan millatlar tarixi, obidalari, yodgorliklarini o`zgartirish harakati kuchaygan”, - deydi afg`onistonlik o`zbeklardan, tarixchi Ustoz Hamidulla.
Ustoz Hamidulla Mozori Sharifdagi bayram tadbiri, unda Eron, Tojikiston prezidentlari Mahmud Ahmadinajod va Imomali Rahomnning ishtiroki ham ma`lum siyosiy maqsadlarni ifodalaydi, deydi.
“Bu yerdan o`zlariga bir nuqta, markaz qidirishmoqchi. Shu nuqtalardan biri Afg’oniston shimolidagi shahar - Balx deyishmoqda. Siyosiy jihatdan Karzay tojiklarni xursand qilib, prezidentlikka nomzodini mustahkamlamoqchi”, - deydi Ustoz Hamidulla.
Sharhlovchilarning aytishicha, rasmiy Toshkentning Afg’oniston bilan aloqasi xavfsizlikka asoslangan.
O`zbekiston prezidenti Islom Karimov chiqishlarida Afg`onistonda turli millatlar yashashini ta`kidlagan. Biroq o`zbeklarning haq-huquqlari borasida aniq bir fikr kuzatilmagan.
Sharhlovchi Fayzulla Is’hoqovning aytishicha, O`zbekiston hukumatida Afg’onistondagi o`zbeklarni madaniy qo`llashga qaratilgan siyosat bor deyish juda qiyin.
“Afg’onistonda turkiy millatalr juda ko`p, lekin eng ko`pi o`zbeklar. Ochig`ini aytsam, O`zbekistonda Navoiy haqida juda ko`p gapiriladi. Nafaqat Navoiy, Boburning qabri ham Afg`onistonda. Hukumatda Hamid Karzay bo`ladimi, boshqasi bo`ladimi, u yerdagi o`zbeklar bilan munosabat kengayishi kerak. To`g`ri, O`zbekistonda mablag` kamdir, lekin bu ish katta mablag` talab etmaydi, faqat siyosiy iroda zarur”, - deydi Fayzulla Is’hoqov.
Sharhlovchilarning aytishicha, O`zbekistonning o`zida inson huquqlari og`ir. Afg`onistondagi o`zbeklarning haq-huquqlari haqida rasmiy Toshkentdan biror harakat kutish amri mahol.