Breaking News

O'zbekiston ayollari - an'ana va tarix iskanjasidagi hayot


Markaziy Osıyo xotin-qizlari... azaldan ezilgan, shaxsiyatı va taqdirini o’zgalar ixtiyoriga topshirgan, ham oilada, ham jamoatchilikda tahqirlangan ayollar. Kommunizmga ishonib, paranji tashlagan, istiqlolga umid bog’lab, erkinlik izlagan ayollar. Endilikda esa bozoru-dalalarda tirikchilik tashvishlari bilan band, ham hukumat, ham jamoatchilik nazaridan chetda qolgan ayollar.

Olimlar nazarida XX asrda yuz bergan ba’zi ulkan o’zgarishlar zaminini tushunmay turib, bugungi o’zbek ayollarini baholash, ta’riflash juda qiyin.

O’zbekiston ayollari boshqa jamiyatlardagi kabi urf-odat va zamonaviylik, kasb va oila, mustaqil hayot va ijtimoiy talablar kabi masalalar bilan yuzlashib keladi.

O’zbekiston ayollari hayoti bilan yaqinda tanish, amerikalik olima Marianna Kemp zamonaviy tarixni, jumladan, 1920-30-yillarda Sovet hukumatining o’zbek ayollarini paranjidan chiqarish siyosatini bilmasdan turib, bugungi ayollarni tushuna olmaysiz, deydi.

“Bu jamiyat shakllanishida o’ta muhim davr bo’lgan. Sovet hukumati “hujum” siyosati orqali islom dinini, urf-odatlarni va shu tariqa ijtimoiy hayotni o’zgartirishni ko’zlagan. Kimlar uchundir xotin-qizlarning ishlay boshlashi, faollashishi ijobiy hol, inqilobiy o’zgarish bo’lgan, kimlardir bunga xavotir bilan qaragan. Shu narsani bugun ham ko’rasiz.”

Marianna Kemp o’zining “O’zbekistonning Yangi Ayoli” deb nomlangan kitobida Sovet tarixi ayollar paranjini ixtiyoriy ravishda tashlagan deya o’rgatsa-da, aslida ayollar harakati hukumat uydirmasi bo’lgan, deya xulosa qiladi. Sovet Ittifoqining milliylashtirish, sovetlashtirish, erkinlashtirish kabi siyosatlari ayollarga juda og’ir kechgan.

“Paranjidan chiqarish siyosati, ya’ni hujumni amalga oshirgan o’zbeklarning ko’pi bu yo’l bilan ayollarni ozod qilamiz deb ishongan. Shu bois Sovet hukumati ayollar paranji tashlasin deganda ular umr-yo’ldoshlarini shunday qilishga majbur qilganlar. Bunga qarshi oila a’zolar esa paranji tashlagan ayollarni o’ldirishga tushgan. Ular nazarida bu gunoh bo’lgan. Ko’plab xotin-qizlar hayoti ko’kka sovurilgan”,- deydi Marianna Kemp.

Nahotki, xotin-qizlar buni o’zi xohlamagan? Jamiyatda men ham o’z o’rnimga ega bo’lay, bu erkinlik uchun imkoniyat demaganmi ular? Ko’plab ayollar uchun, shunday bo’lgan, deydi Marianna Kemp.

“Lekin buni ayollar harakati deya olmaymiz. Xotin-qizlarni o’ldirish aksil-inqilobiy harakat va eng katta jinoyat deb chiqqan Sovet hukumati bu qonun ijrosini mahalliy adliya qo’liga topshirgan. Mahalliy adliya tizimida esa ayollarning teng bo’lishini, erkin bo’lishini istamagan odamlar ko’p bo’lgan", - deydi Marianna Kemp.

"O’zbekistonda hujum tarixi 1964 yildan keyin juda chuqur tahlil qilingan. Aminova, Olimova, Ra’no Rajabova va Bibi Polvonova kabi olimalar bu davrni izchil o’rganib, ilmiy ishlar yozgan. Hukumat nima degan, mahalliy ijrochilar nima qilgan, jamoatchilik qanday javob bergan – bu ma’lumotlar O’zbekiston arxivlarida saqlanib qolgan, kitobimni ana shu qimmatbaho faktlarga asosladim. Paranji tashlagan ayollar mard va qo’rqmas insonlar bo’lgan. Erkinlik ularga qimmatga tushgan”.

O’zbekiston ayollari hali ham muvozanat izlamoqda. Siyosiy-ijtimoiy kuchga ega bo’lishga urinmoqda. Bir qarashda ular erkin, zamonaviy, so’zga chechan, ilmli ayollar, biroq ularning ko’pi o’z taqdirini o’zi belgilamaydi. Ular uchun ota-ona, oila farzi muhim.

Kimdir ochiq kiyinadi, kimdir esa ro’molni ma’qul ko’radi. Kimdir shim kiyadi, kimdir esa lozim. Shaharda ayollar uchun imkoniyatlar ko’proq, biroq ko’pchilik qishloqda kun ko’radi. Mahalla, qarindosh-urug’ nima deydi degan xavotir hukmron. O’zbekistonning qay yerida bo’lmasin, ayollar urf-odat va zamonaviylikni qorishtirgan holda yashashga intiladi.

Mutaxassislar nazarida bu hol faqatgina O’zbekisonga xos narsa emas. Ishli, oilali, farzandli va pulli bo’lish umumbashariy istak. Ayol erkinligi - inson erkinligi: o’z fikrini bildira olish, bilim olishda va ishda erkaklar bilan teng imkoniyatlarga ega bo’lish.

“Xotin-qizlarning hayoti yaxshilanishi uchun ularga mukammal bilim berish va ularning erkin faoliyat yuritishi uchun muhit yaratish lozim. Toki ular o’z kichik biznesini boshlay olsin, daromadiga o’zi egalik qilsin, farzandlari uchun va oilasi uchun gapira olsin. Ana shu omillar ayollarning jamiyatdagi rolini kuchaytiradi. O’zbekistonda juda kuchli ayollar bor. Juda ilmli, faol, o’z o’rnini va rolini biladigan ayollar”,- deydi Marianna Kemp.

Ayrim faollar nazarida esa O’zbekistonda oddiy ayollar hayotiga e’tibor juda past. Ham hukumat, ham ilm-fan arboblari tomonidan. Hukumat xotin-qizlarga milliy mafkura g’oyasi targ’ibotchilari sifatida qaraydi. Ularni bir qolipda ko’radi. Ayollar hayoti siyosiy-ijtimoiy munozaralar mavzusi emas.

Ayollar muammosi – faqat ayollar muammosi. Oila, salomatlik va bola tarbiyasi muhim, biroq xotin-qizlarni siyosiy faollikka undovchi kuch-omil yo’q, deydi o’zbekisonlik olima, jinsiy tengsizlik haqidagi qator kitoblar muallifi, yaqingacha Toshkentda Ayollar Resurs Markazini yuritgan Marfua To’xtaxo’jayeva.

“O’zbekistonda ko’proq ayol arboblar haqida yoziladi, masalan, artistlar va shoiralar. Ammo oddiy ayolning hayoti hali tarixchilar nazariga tushmay kelmoqda”.

Mintaqada individual ravnaq degan tushunchani rivojlantirish lozim. Toki har bir yosh, ayolmi-erkak o’z taraqqiyoti haqida ko’proq bosh qotirsin. "Men kuchaysam, jamiyat ham kuchayadi deya o’ylansin",- deydi Marfua To’xtaxo’jayeva.

Olima nazarida qizlar O’zbekistonda bunday tarbiyalanmaydi. Voyaga yetsang, turmushga beramiz, tug’asan, uyda o’tirasan deya tarbiya beriladi.

Biroq ayol bo’lish, onalik va rafiqalik nima ekani, bunda kishining mustaqil inson bo’lishi naqadar muhim ekani chetda qoladi, deydi olima.

Iqtisodiy qiyinchiliklar ayniqsa xotin-qizlarga qiyin tushmoqda. Xulosa shuki, deydi Marfua To’xtaxo’jayeva, tarix bizga saboq bo’lishi lozim.

“Har bir odamning oldida bir savol bor – qanday yashash kerak? Paranji tashlash jarayoni o’sha zamon xotin-qizlariga qanday yashash uchun yo’l ko’rsatgan. Bu turtki bo’lgan, shu orqali ular o’z yo’lini topgan”,- deydi Marfua To’xtaxo’jayeva.

O’zbekistonda ziyoli, kuchli iroda va tafakkurga ega ayollar bor. Biroq ularning qo’li hali siyosiy qarorlar qilishga yetmaydi yoki ular faqatgina xotin-qizlarning tor doiradagi masalalari bilan band.

O’zbekistonda siyosiy faollik cheklangan. Siyosat esa deyarli turmushning har bir jabhasini o’z ichiga oladi. Xotin-qizlar o’z o’rnini topishi uchun Amerika kabi taraqqiy etgan jamiyatlarda ham ikki asrdan oshiq vaqt ketgan.

Biroq O’zbekistonda ayollarning 90 foizdan ortig’i savodli. Imkon berilgan taqdirda oliy ma’lumot va kasbdan qochmaydi. Mutaxassislar ta’biricha, qizlar tarbiyasida bilim va kasbiy kelajak olg’a surilishi va bilimli ayol jamiyat boyligi hamda quvvati ekani uqtirilishi lozim.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG