AQSh hukumati jahonning sakkiz ayolini Mardlik mukofoti bilan taqdirlamoqda.
Sovrindorlardan biri - Mo'tabar Tojiboyeva, o'tgan yili O'zbekistonda qamoqdan ozod etilgan faol.
Mukofot (Award for International Women of Courage) Vashingtonda AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton tomonidan topshirildi.
Tojiboyeva qatorida bu unvonga Afg'oniston, Malayziya, Rossiya, Iroq, Gvatemala, Niger va Yaman ayollari ham munosib ko'rilmoqda.
Mo'tabar Tojiboyeva mamlakatda tanilgan huquq himoyachilaridan biri va hukumatni o'z xalqiga nisbatan shafqatsizlik va zulmda ayblab keladi.
2005 yil oktabrida O’zbekiston Jinoiy Kodeksining 16-bandi bo’yicha sakkiz yil qamoq jazosiga mahkum etilgan Mo’tabar Tojiboyeva o'tgan yilning iyun oyida muddatidan erta ozodlikka chiqarilgan edi.
Uning erkinlikka chiqarilishi o'shanda AQSh Davlat kotibi muovini
Richard Boucherning Toshkentga tashrifiga to'g'ri kelgan edi.
Mo’tabar Tojiboyeva Marg’ilondagi “O’tyuraklar klubi” inson huquqlari tashkilotining raisi edi.
2005 yili Mo’tabar Tojiboyeva jahondagi 1000 nafar ayol qatorida tinchlik uchun Nobel mukofotiga ko’rsatilgan.
2008 yilning yozida esa u Martin Ennals nomidagi yillik xalqaro sovringa, sal keyinroq esa Fransiya hukumatining oliy mukofotiga ham sazovor bo'lgan edi.