AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha yordamchisi Richard Baucher Toshkentga tashrif buyurgan kuni qamoqxonadan huquq himoyachisi Mo’tabar Tojiboyeva ozod etildi.
2005 yil oktyabrida O’zbekiston Jinoiy Kodeksining 16 bandi bo’yicha sakkiz yil qamoq jazosiga mahkum etilgan Mo’tabar Tojiboyevaning muddatidan erta ozodlikka chiqarilgani va AQSh rasmiysining tashrifi o’rtasida bevosita bog’liqlik borligiga aniq dalil yo’q. Ammo o’tmishda O’zbekiston hukumati AQSh rasmiylari tashrifi oldidan mahbuslarni ozodlikka chiqargani kuzatilgan.
Tojiboyevaning o’zi ham uning ozodlikka chiqishida xalqaro hamjamiyatning O’zbekiston hukumatiga bosimi katta rol o’ynagan deb hisoblaydi.
45 yoshli Mo’tabar Tojiboyeva Marg’ilondagi “O’tyuraklar klubi” inson huquqlari tashkilotining raisi edi. Andijon voqealaridan so’ng hukumatni ko’p tanqid qilgan. Unga akromiylarni qo’llab-quvvatlash va tovlamachilik kabi qator ayblovlar qo’yilgan. Tojiboyeva birontasiga iqror bo’lmagan. Inson huquqlari faollariga ko’ra, Tojiboyeva unga nisbatan amnistiya qo’llanilishini istamagan, chunki u o’zini aybdor deb bilmagan. Ozodlikka chiqqach ham o’z qarashlaridan qaytmagan.
Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Human Rights Watch tashkiloti Mo’tabar Tojiboyevaning ozod etilganini olqishlab, qamoqxonalarda kamida yana 11 nafar huquq himoyachisi saqlanayotganini eslatadi.
2005 yili Mo’tabar Tojiboyeva jahondagi 1000 nafar ayol qatorida tinchlik uchun Nobel mukofotiga ko’rsatilgan. Bir necha kun burun esa o’zbekistonlik huquq himoyachisi Martin Ennals nomidagi yillik xalqaro sovringa loyiq topildi.
Ayrimlar nazarida Tojiboyevaning ozod etilishiga AQSh Davlat kotibi muovini Richard Baucherning shu hafta O’zbekistonga tashrifi sabab bo’lgan bo’lishi mumkin. Baucher Toshkentda Islom Karimov va O’zbekistonning boshqa rasmiylari bilan respublikadagi inson huquqlari ahvolini atroflicha muhokama qilgan.
"Inson huquqlari masalalari muloqotimizning bosh mavzusi bo’ldi. Bu yo’nalishda ayrim ishlar qilinmoqda. Buni tan olamiz. Inson huquqlarini ta’minlovchi qonunlar qabul qilindi. Qizil Xoch jamiyatining O’zbekiston qamoqxonalariga kirishi xususida muzokaralar ketmoqda. Biz O’zbekistonga bu borada yordam berishga tayyormiz," dedi Richard Baucher Toshkentdagi matbuot anjumanida.
Uning aytishicha, hamkorlikning boshqa sohalariga ham e’tibor qaratilmoqda.
"So’nggi bir necha yil ichida O’zbekiston va Qo’shma Shtatlar o’rtasida ishonchning yo’qolgani sir emas. Ikkala tomon shu ishonchni tiklamoqchi. Bunga o’zaro manfaatlar yo’lida birgalikda hamkorlik orqali erishish mumkin."
Richard Baucher O’zbekiston prezidenti bilan Afg’onistondagi vaziyat va O’zbekistonning u yerda harakat qilayotgan koalitsiya va NATO kuchlariga amaliy yordami haqida ham suhbatlashganini aytadi. O’zbekiston hududida yangi harbiy baza ochish haqida so’z bormagan, ammo respublika hududi orqali koalitsiya va NATO kuchlariga noharbiy ta’minotni, Afg’oniston hududiga esa elektr quvvatini yetkazib berish muhokama qilingan.
AQSh diplomatiga ko’ra, u Islom Karimovning Buxarestdagi NATO sammitida Afg’oniston bo’yicha qilgan ayrim takliflari xususida ham fikr almashgan.
Baucherning matbuot anjumanidagi chiqishini AQSh elchixonasi veb-sahifasidan topish mumkin.