Breaking News

Mo'tabar Tojiboyeva kelajakdan umidvor, faol bilan TV suhbat


Mo'tabar Tojiboyeva – Amerika Qo'shma Shtatlar nazarida nafaqat mo'tabar ayol, balki o'z vatanida huquq va adolat uchun kurashayotgan jasur va mard faol.

"Amerika Ovozi" telestudiyasida mehmon bo'lgan Mo'tabar Tojiboyeva intervyuda Jasoratli ayol mukofotini o'z xalqiga bag'ishladi.

Sovrindor nazarida O'zbekistonda fuqaro jamiyati bor. Uning aytishicha hukumatning tinimsiz bosim va tazyiqlariga qaramay huquq va erkinlik uchun kurash davom etmoqda.

"Xalqaro hamjamiyat o'tgan uch oyda meni uch yuksak mukofot bilan taqdirlab, men singari huquq himoyasi yo'lida ter to'kayotgan insonlarni quvvatlashini ochiq ko'rsatdi",- deydi Mo'tabar Tojiboyeva.

Faol 2008 yilning iyun oyida qamoqdan ozod etilganidan beri inson huquqlari uchun Martin Ennals mukofoti va Fransiya hukumatining yuksak unvoniga hamda mana Amerika tomonidan jahonning yetuk ayollariga beriladigan oliy sovringa loyiq topildi.

"Qamoqda azob chekib o'tirganimda menga kuch bergan narsa shu bo'ldiki",- deydi Mo'tabar Tojiboyeva "odamlar mening nima uchun u yerda o'tirganim, taqdirim haqida "Amerika Ovozi", "Ozodlik" va BBC kabi axborot vositalari orqali ma'lumot olayotgan edi. Bu radiolarning roli katta, ular hukumatning qilmishlarini yoritadigan asosiy manbalar".

"Ularda chiqqan xabarlar hatto qamoqxonalarga yetib boradi. Odamlar ularga tayanadi, tinglaydi, Internetni ularni o'qiydi va haqiqatni o'rganadi",- deydi Tojiboyeva.

O'zbekiston qamoqxonalaridagi siyosiy mahbuslarni himoya qilish bugunning asosiy vazifasi, dedi huquq faoli.

AQSh Davlat departamentida qilgan nutqida Tojiboyeva Obama ma'muriyatidan panjara ortida o'tirgan muxolifatchi va faollar ahvoliga e'tibor berishni, "bu nohaq qamalgan" insonlarni erkinlikka chiqarish uchun harakat qilishni so'ragan.

Vashington nazarida O'zbekistonda tuzum juda repressiv va AQShning bu boradagi yillik hisobotda respublika uzviy haq-huquqlar muntazam poymol etiladigan jamiyat sifatida tilga olinadi.

Inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati, Mo'tabar Tojiboyeva Vashingtonda bo'lib turgan paytda, O'zbekistonda fuqaro jamiyati faollarini birlashishga va mahalliy hamda xorijiy vakillarni bir davraga to'plab, e'tiborni qamoqdagi faollar va siyosiy mahbuslar taqdiriga qaratishga chaqirdi.

Mo'tabar Tojiboyevaning aytishicha uning boshchiligidagi O'tyuraklar Klubi bu taklifni quvvatlaydi va yuqorida tilga olingan masalalar yuzasidan muloqot va hamkorlikka tayyor.

AQShda ro'yxatdan o'tgan "Serquyosh O'zbekiston" koalitsiyasi ham "Ezgulik" ko'tarayotgan muammolarga qarshi birgarlikda kurashish tarafdori ekanini bildirgan. Ma'lumki, bu tashkilot asoschisi Sanjar Umarov qator moliyaviy jinoyatlarda ayblanib, 2006 yilda sakkiz yilga qamalgan. Tojiboyeva Vashingtonda Umarov haqida ham so'zlagan.

Mukofotdan oldin, aniqrog'i fevral oyidan boshlab, "Novosti Uzbekistana" gazetasi Mo'tabar Tojiboyevani Andijon voqealariga hissa qo'shganlikda, ularning ortida turganlikda ayblab, bir necha qismli maqolalar chop etgan.

"Novosti Uzbekistana" ning AQShdagi muxbiri Aydin Gudarzi o'z maqolalarida Mo'tabar Tojiboyevani firibgarlikda, radikal guruhlar bilan til biriktirganlikda, vatanini tashqi dunyoga sotib, G'arbdan mablag' undirganlikda, grant uchun o'zini bir jabrdiyda sifatida ko'rsatayotganlikda ayblaydi.

Faol bu tanqidlar va ayblovlarni quruq safsata va navbatdagi nohaq hujum deb biladi.

Mo'tabar Tojiboyeva Aydin Gudarzini G'arbda sudga bermoqchi.

"Mening qo'limda aybsiz ekanimni isbotlovchi maxfiy hujjatlar yetarli",- deydi u. "Bu "jurnalistni" javobgarlikka tutish orqali O'zbekistonda aybsiz qamalgan o'nlab insonlarning taqdirini ko'tarib chiqmoqchiman",- deydi faol.

Mo'tabar Tojiboyeva vatanga qaytishga qo'rqmaydimi?

Qonun va huquq haqida gapirganda, ularning ustuvor emasligiga faqat hukumat aybdormi? Qonunni hurmat qilish har bir fuqarodan boshlanmaydimi? O'zbekistonda xalqning siyosiy-huquqiy ongi bugun qay darajada?

Javoblarni yuqoridagi TV intervyudan olishingiz mumkin.

Suhbatni to'liq holda mana bu link orqali tomosha qiling .

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG