Breaking News

Barak Obama haqida yurtdoshlaringiz nima deyapti?


AQShda saylov jarayonini yaqindan kuzatgan o’zbekistonlik huquqshunos Shuhrat G’aniyev, amerikaliklar oshkoralikni yaxshi ko’rarkan, hukumatdan haqqini talab qilar olar ekan va o’z saylagan hukumatiga ishonar ekan, deya xulosa qilmoqda.

"Xalqning ishonchi - Amerikaning eng muhim boyligi. Davlat hozir qiyin ahvolda, inqiroz ketayapti. Lekin, qarangki, xalq shu paytda o'z davlati bilan. Davlat tizimiga ishonayapti. Xalq nihoyatda faol. Hamma narsa ochiq va oydin",- deydi kuzatuvchi.

G’aniyev AQSh Davlat departametining maxsus dasturi orqali shtatma-shtat kezib, oddiy oilalarda yashab, mamlakat saylov tizimi va jamoatchilik fikri tanishdi. Kuzatuvchi amerikaliklar 4 noyabr kuni kimga va nima uchun ovoz berganini shunday tahlil qiladi:

"Savolim bitta edi: nima uchun falonchi kandidatga ovoz bermoqchisiz? Har xil tabaqa vakillaridan so'radim, jumladan afro-amerikaliklar va ispan tilida gaplashadigan hamda osiyolik muhojir saylovchilardan".

"Javob bir bo'ldi: Biz terrorga qarshi urushdan charchadik. Ya'ni, amerikaliklar mifologik bir obraz bilan urushishdan charchaganini aytmoqda. Qaysidir bir uzoq jamiyatda, qaysidir bir terroristni axtarishdan charchagan. Sakkiz yildan beri, deydi amerikaliklar, "biz mana shu urushdan chiqa olmayapmiz". Amerikaliklar o'z oilasida tinch yashashni, o'z iqtisodiy taraqqiyoti rohatini ko'rib kun kechirishni xohlashini aytmoqda".

Shuhrat G'aniyev, inson huquqlari himoyachisi sifatida shuni ta'kidlaydiki, O'zbekistonda ham odamlar terrorga qarshi urush va bu borada olib borilayotgan siyosatdan charchagan.

Amerikadek erkin jamiyatda xalq ko'rinmas yovuz kuchlarga nisbatan urushdan to'yganini aytib, o'zgarishlar talab qilayotgan bo'lsa, deydi G'aniyev, bu jarayon O'zbekistonga ham o'z ta'sirini o'tkazmay qolmaydi.

Tojikistonlik jurnalist, "Xovar" davlat axborot agentligining Amerikadagi muxbiri Murodali Umarov esa Obamaning saylangani jahon tarixiga ulkan burilish sifatida kiradi.

"Bu saylovlar faqat Amerika uchun emas, butun dunyo uchun muhim. Chunki butun dunyoning yangi o'zgarishlarga, o'zgarish shamoliga ehtiyoji bor edi",- deydi jurnalist.

Asrlar davomida Amerika qit'asida qora tanlilar qul qilib ishlatilgan. AQShda ular XX asr o’rtalarigacha ham teng huquqli inson deb hisoblanmagan. AQSh Kongressi quldorlikdan bir yarim asr o'tib shu yil afro-amerikaliklardan rasman kechirim so'ragan.

Obamaning saylanishi Amerika endi irqchilik sahifasini yopib, o’tmishdagi nohaqliklarni tan olib, kelajakka ochiq yuz bilan qarayotganini namoyon qilmoqda, deydi Murodali Umarov.

"AQShda bugun qora rangli inson prezident bo'ldi. Bu o'zgarish shamoli. Bu haqiqiy demokratiya demakdir. Kecha Obama prezidentlikka saylanganidan keyin Amerika ko'chalarida, maydonlarida bir-birini hech tanimagan oq va qora tanli insonlar bir-birini quchoqlab, bir-birini tabrikladi. Bu, menimcha, katta bir zafar".

Qirg'izistonlik yosh olim, ayni damda Vashingtonda doktorlik ishi ustida ishlayotgan siyosatshunos Alisher Hamidov nazarida prezident Barak Obama Markaziy Osiyodagi hukumatlar va xalqlar bilan qanchalik hamkorlik qilishi haqida hozircha biror narsa deyish qiyin.

"Bizning liderlarimizga Jon Makkeynning pozitsiyasi aniq edi",- deydi Alisher Hamidov. "Ular nima kutishni bilardi. Obama hali chopmagan toychoqqa o'xshagan prezident. U qanday chopadi, qayerga chopadi, bu hali hech kimga ayon emas, shu jumladan mintaqamizdagi siyosatchilarga".

Tadqiqotchi nazarida, Obama asosiy diqqatni avvalo uch masalaga qaratadi: iqtisodiyot, urushlar va immigratsiya.

Tashqi aloqalarda esa, deydi Hamidov, Obama ehtiyorkorlik bilan ish tutishni rejalagan, xususan Markaziy Osiyoga nisbatan.

"Obamaning Makkeyndan farqi shundaki, Obama Rossiya yoki O'rta Osiyo respublikalariga nisbatan qattiq va achchiq so'zlar aytmagan. U bilan birga xizmat qiladigan vitse-prezident Jo Bayden (Joe Biden) juda katta tajribaga ega odam va ikkalasi juda ehtiyotkor siyosat olib borishi mumkin".

Alisher Hamidov fikricha O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston uchun Barak Obama - ochilmagan bir kitob.

"Poytaxtlarda, jumladan Bishkekda, Toshkentda, qolaversa Ostonada Amerikadagi saylovlarga ehtiyotkorlik bilan nazar tashlashmoqda. Sababi shuki Makkeyn agressiv, qattiqqo'l respublikachi singari ish tutadigan odam edi",- deydi Hamidov.

"Lekin demokratlarning bir xususiyati borki, ular inson huquqlari va demokratiya masalalarini, respublikachilardan ko'ra ko'proq olg'a surib kelgan. Bu narsa bizning avtoritar rahbarlarimizni o'yga solayapti deb o'ylayman",- deya qayd etadi u.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG