Breaking News

AQShda Andijonni qanday eslashmoqda?


Andijon voqealarining to'rt yilligi munosabati bilan Vashingtonda, Kongress qoshida maxsus brifing bo’lib o’tdi.

Tadbirni xalqaro maydonda huquq himoyachilari sifatida tanilgan Freedom House - Ozodlik Uyi va Human Rights Watch hamkorlikda tashkil etgan.

Xotira marosimida Amerika siyosiy arboblaridan - respublikachi senator Jon Makkeyn (John McCain) so’zga chiqqan.

"Amerika Ovozi" yarim soatlik kundalik dasturida brifingni yoritar ekan, studiyadan Nasiba Tohir va Kapitoliydan Navbahor Imamova orasida kechgan muloqot bilan tanishing:

Navbahor Imamova: Nasiba, brifing endi boshlandi, ancha gavjum. Senator Makkeyn hali so’z olgani yo’q. Bilasiz, Makkeyn o’tgan saylovlarda Barak Obama bilan prezidentlik uchun kurashgan arbob. Qolaversa, Amerika tashqi siyosatini belgilab kelayotgan, sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi davlatlar, xususan, Rossiya va Markaziy Osiyodagi vaziyat bilan tanish siyosatchi. Makkeyn Andijon voqealarini so’nggi yillardagi eng dahshatli fojialardan biri sifatida tilga oladi. U O’zbekiston hukumatini mas’uliyatsizlikda, mustaqil tekshiruvga yo’l bermay, xalqdan haqiqatni yashirayotganlikda ayblab keladi. Makkeyn azaldan Markaziy Osiyo diktatorlar qo’lida, Islom Karimov bu yo’lda birinchi o’rinda deydi. Bugun ham shu gaplarni takrorlashi mumkin. Makkeyn Islom Karimov siyosatini qoralab, esingizda bo’lsa, rezolyutsiya chiqarishni ham taklif qilgan edi. Bugun omma oldida so’zlayotgan yana bir kishi bu – Lutfullo Shamsutdinov. Andijon voqealari guvohi bo’lgan inson va ko’rgan-bilganlarini to’plab, xalqaro hamjamiyatga ulashgan. Hozir Amerikada boshpana olib, shu yerda yashaydi. O’zbekiston hukumati uni Andijon voqealari ortida turgan shaxslardan biri deb biladi. Brifingda hozircha O’zbekiston elchixonasidan hech kim ko’rinmayapti. Uni uyushtirgan Freedom House va Human Rights Watch tashkilotlari Obama ma’muriyati va Vashington e’tiborini O’zbekistondagi huquq ahvoliga qaratishga harakat qilmoqda va aloqalarda demokratiya targ’ibotiga urg’u berishi kerak deb chiqmoqda.

Nasiba Tohir: Andijon voqealaridan beri O’zbekiston-Amerika aloqalarida ancha oqsashlar bo’ldi. Achchiq so’zlar almashildi. Lekin Vashington siyosiy doiralari respublika bilan u qadar tanish emas, ayrim senator va kongressmenlarni hisobga olmaganda, shundaymi?

Navbahor Imamova: Nasiba, Amerikaning Markaziy Osiyo bilan ishlaydigan diplomatlari va rasmiylarigina O’zbekistondagi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy ahvolni yaxshi biladi yoki bir oz tushunadi desak xato bo'lmaydi. Agar Kongressda 535 a’zo bo’lsa, O’zbeksitonni yaxshi biladigan arboblar balki barmoq bilan sanarli. Senat va Vakillar Palatasida tashqi ishlar bo’yicha qo’mitalar bor. Ularning ayrim a'zolari O’zbekistonga tashrif buyurgan, rahbariyat bilan gaplashgan. Biroq ular ham respublikaga doir ma’lumotlarni odatda Freedom House, Human Rights Watch kabi tashkilotlar, Vashingtondagi tahlilchi va ekspertlardan oladi.

Nasiba Tohir: Amerika xalqi va siyosatchilari Andijon voqealari haqida qanchalik biladi? Bu mamlakat matbuoti, bilamizki, O’zbekistonni u qadar yoritmaydi.

Navbahor Imamova: Andijon voqealari bu davlatda ham, tabiiyki, afsus bilan tilga olinadi. Aslida u yerda nima bo’lgan deb javob izlayotgan, o’ylanayotganlar juda ko’p. Amerika jamoatchiligi O’zbekiston haqida juda oz biladi, chunki ommaviy axborot vositalari u yerdagi hayotni ko’p ham yoritmaydi. Amerika katta mamlakat, ikki davlatda urush olib borayapti, iqtisodiy inqiroz avjida. To'g'ri, O’zbekiston Afg’onistonga qo’shni, ammo AQSh yer yuzining har bir nuqtasida qandaydir manfaatga ega ekan, ma’muriyat e’tiborini talab qiladigan mavzular bir dunyo. Bugun mana shu yerda Andijon voqealarining tilga olinayotgani, O’zbekiston yuzlashayotgan muammolar sanab o’tilayotganining o’zi katta gap.

Nasiba Tohir: Katta rahmat sizga, Navbahor.

XS
SM
MD
LG