O'zbekiston prezidenti Islom Karimov bugun AQSh Davlat kotibining Siyosiy masalalar bo`yicha o'rinbosari Vilyam Bernsni (William Burns) qabul qilgan.
Afg`onistondagi vaziyat, hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilingan.
AQSh diplomatining aytishicha, Obama mamuriyati O`zbekiston bilan aloqalarni yaxshilamoqchi, tashrif bu borada qo`yilgan birinchi qadam.
Karimov tashrifni ikki davlat o`rtasida uzoq muddatga mo`ljallangan hamkorlikka hozirlik sifatida baholagan.
Uchrashuvda siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik borasidagi hamkorlik, Afg’onistondagi vaziyat muhokama qilingan. Vilyam Berns prezident bilan muzokaradan oldin jurnalistlar bilan qisqa uchrashuv o`tkazdi.
“Tashrif prezident Obama ilgari surayotgan o`zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish siyosati o`laroq amalga oshmoqda. Bu hamkorlik har ikki tomonning manfaatlariga asoslangan”, - dedi Berns.
Uning aytishicha, Barak Obama ma’muriyati O’zbekiston bilan aloqalarni yaxshilash harakatida. Vilyam Berns Toshkentda fuqaroilik jamiyatining ayrim vakillari bilan uchrashgan.
Uning so’zlariga ko`ra, O`zbekiston bilan tiklanayotgan aloqalarda inson huquqlari va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish muhim masala bo’lib qoladi. AQSh O`zbekiston bilan hamkorlikda aniq muloqot boshlanishiga umid qilmoqda.
O`zbekiston faollari orasida esa AQSh rasmiysi ta`kidlayotgan umidlar sezilmaydi.
Ularning aytishicha, inson huquqlari bo`yicha vaziyat og`irlashib bormoqda.
Huquq himoyachisi Sur’at Ikromov deydiki, rasmiy Toshkent xalqaro miqyosda inson huquqlari bo`yicha muloqotga qarshi emasligini ko`rsatayotgan bo`lishi mumkin.
“Agar O`zbekistonda shunday intilish bo`lsa, darrov bilinishi kerak. Shaxsan men uchun bu narsa sezilmayapti. Bular faqat matbuotda emas, balki amalda kuzatilishi kerak. Buning uchun esa islohotlar boshlanishi kerak, masalan, sud huquq tizimi, militsiya, ichki ishlarda reforma bo`lishi kerak. Amalda odamlar hech narsani ko`rmayapti. Xoh iqtisodda, xoh siyosiy sohalarda bo’lsin”, - deydi Sur’at Ikromov.
Sharhlovchilar AQSh-O`zbekiston aloqalaridagi jonlanishni asosan Afg’oniston bilan bog’laydi.
Tashrif davomida AQSh-O`zbekiston iqtisodiy aloqalari, jumladan, investitsiya bo`yicha hamkorlik ham muhokama qilingan.