Vashingtondagi Jorjtaun Universitetida (Georgetown University) Markaziy Yevrosiyo Ilmiy Jamiyatining (Central Eurasian Studies Society) yillik anjumani o’tmoqda.
Jahonning turli burchaklaridan yig’ilgan qariyb 250 tadqiqotchi Sharqiy Yevropa, Kavkaz, Markaziy va Janubiy Osiyo bo’yicha olib borayotgan izlanishlari va bu ilmiy asoslar qanday tadbiq etilishi haqida fikr almashmoqda.
Olimlarning aytisicha, hamkorlik ko'lami u qadar keng emas, chunki imkoniyatlar cheklangan.
Ammo, deydi hozir Jorjtaunda kechayotgan akademik anjuman tashkilotchilari, ilm izlagan kishilarni harakatdan to'xtatish qiyin. Yilda bir marta bo'lsa-da, tadqiqotchilarning cho'ntagi ko'tarsa yoki moliyaviy yordam topilsa, amerikalik va markaziy osiyolik olimlar bir-birining mamlakatiga borishga jon deydi.
Markaziy Yevrosiyo Ilmiy Jamiyati Garvard Universitetida asoslangan. Bu oliygoh professori va jamiyat yetakchilaridan biri, Lora Adams (Laura Adams) ko'p narsa siyosiy aloqalarga bog'liq deydi.
Olima deydiki, Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikka erishgach, G'arb ilm-fan arboblari va ta'lim dargohlari "mintaqa tashqi dunyoga ochildi va u yerdagi ziyolilarga ko'maklashamiz" deya katta umidlar bog'lagan edi. Ta'lim tizimini isloh qilish va tadqiqot sohasida yordam berishga kirishilgan edi.Lora Adams nazarida Qirg'izistondek jamiyat sal ildamroq qadam tashlab, chet ellik mutaxassislarga imkoniyat va sharoit yaratib, o'zini ilmiy jihatdan ancha tiklab oldi.
"O'zbekiston singari mamlakatlarda esa izlanish yoki maorif-ta'lim sohasida hamkorlik qilish uchun hamon qator to'siqlar bilan yuzlashasiz",- deydi olima.
"Oxirgi marta O'zbekistonda 2006 yilda bo'lganimda
respublika fan arboblari mening hukumatim va ularning hukumati orasida aloqa
salbiy ekaniga urg'u berishdi. Bundan albatta ilmiy hamkorlikka ham ziyon yetdi.
Men singari tadqiqotchilar uchun O'zbekistonga viza olish oson emas".
Amerika ziyolilari orasida ilmiy tahlili yoki
tanqidiy qarashlari O'zbekiston hukumatiga yoqmagan olimlarning viza olishi
mushkul degan fikr keng tarqalgan. Lekin O'zbekistonda ham AQShga viza olish
azob deya shikoyat qilayotganlar ko'p. Har ikki davlat tadqiqotchilari va o'qituvchilari tez-tez tilga oladigan yana bir muammo shuki hukumatlar ilmiy loyiha va o'quv dasturlari uchun kam mablag' ajratadi.
Davlatlar akademik hamkorlik uchun sharoit yaratishi kerak, ilm xalqlarni yaqinlashtiradi, tushunmovchiliklarga barham beradi, deydi mintaqa hayotini uzoq yillardan beri o'rganib kelayotgan Piter Sinnott (Peter Sinnott).
"AQSh O'zbekiston rivojlansin desa ilmiy sohada yordam berishi kerak. Bu jamiyatda bilimga chanqoq, qolaversa ilmli, o'tmish va bugunga ochiq ko'z bilan qaray oladigan insonlar ko'p, ammo ularni hech kim quvvatlamayapti. Bu ahvolda taraqqiyot bo'ladimi"? - deydi Piter Sinnott.Jorjtaun Universitetida o'tayotgan anjumanda bu olim O'zbekiston 1990-92 yillar orasida nimalarni boshdan kechirgani, o'sha paytda kechgan siyosiy-ijtimoiy bahsu-tortishuvlar, O'zbekiston Islomiy Harakatini vujudga keltirgan sabablar, respublikaning 1992 yilda yangi konstitutsiya qabul qilishdan oldingi kunlari haqidagi tahliliy ishini taqdim etmoqda.
Lora Adamsning aytishicha, Markaziy Yevrosiyo Ilmiy Jamiyatining bu safargi yig'ilishiga, AQShning o'zidan 100 ga yaqin, Yevropa va Osiyodan 40 dan ziyod, aynan O'zbekistondan 4 tadqiqotchi tashrif buyurgan. Ishtirokchilar orasida xorijda yashayotgan o'zbekistonliklar ham bor.
G'arbu-sharqni bir-biriga bog'laydigan Markaziy Osiyoda hali ochilmagan ilmiy sirlar, o'rganilmagan masalalar va qilinishi zarur bo'lgan kashfiyot va ixtirolar juda ko'p, deydi Lora Adams. Bugun xalqlarni qiynayotgan muammolar kaliti balki o'sha jumboqlar yechimidadir.