Breaking News

Amerikada ilm olib vatanga qaytish ishtiyoqidagi yoshlar


O’zbekistondan yuzlab yoshlar hozirda AQShning nufuzli universitetlarida ta’lim olmoqda.

Shimoliy Karolina Universiteti (The University of North Carolina) jurnalistika maktabi talabasi Behzod Muhammadiyning "Amerika Ovozi"ga bildirishicha, o’zbekistonlik yoshlar u yerda juda faol.

Chepl Xill (Chapel Hill) shahrida joylashgan bu dargohga 1795 yilda asos solingan.

O’tgan yili “U.S. News & World Report” siyosiy-ijtimoiy jurnali Shimoliy Karolina Universitetini AQShdagi eng nufuzli besh oliy ta’lim maskani qatoriga qo'shgan.

Hozirda u yerda o'qiyotgan Odilbek Madaminov Xorazm viloyatidan. Biznes boshqaruvi bo’yicha magistrlik darajasini olish harakatida.

“Bakalavr unvonini (Vashingtondagi) Jorj Vashington Universitetidan “Umid” programmasi orqali olganman 2000 yilda. Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetidan bakalavr ham bor. Undan keyin Markaziy Bankda ishlaganman, yetti yil davomida”.

O’zbekistondan kelgan talaba uchun AQShda o’qishning eng qiyin tomonlari nimada? U yerda bakalavrlik darajasini olib Amerikada magistrlikka intilgan yoshlar bu davlat ta'lim tizimi haqida nimalarni bilishi kerak?

Bu haqda Odilbek shunday fikr yuritadi:

“O’zbekiston talabalari iqtidorli deb hisoblayman. Lekin ta’lim sistemasi, umuman hayot boshqacha bo’lgani uchun, albatta, bu sistemaga kirishib ketish juda qiyin bo’ladi. Boshimdan o’tgani uchun aytaman. Amerikada biznes tizimi ham umuman fundamental darajada farq qilgani uchun (hamma narsani) deyarli boshidan boshlash kerak. Chunki bizlar ko’p narsalarni O’zbekiston hayotida ko’rmaymiz”.

Ijtimoiy himoya va yordam sohasi bo'yicha magistrlik darajasini olgan Zumrad Ahmadjonova bu yerda imtihonlar haqqoniy o'tadi deydi.

“Bir narsa meni rosa hayron qoldirgan: “Honor code” - “vijdoniylik qasamyodi”. Bu fundament, baza. O’shanda ilm haqiqiy bo’ladi. Bir-biridan ko'chirilmaydi. Ikkinchi narsa bu kompyuterizatsiya. Hamma narsa kompyuterlashtirilgan. Kitoblar olish oson. Kitob topolmasangiz, internetga borasiz. Xuddi shunaqa kitobni internetdan topsa bo’ladi. Uchinchisi bu, “ilmiy baza”. Judayam yaxshi baza bor bu yerda”.

Yana bir o'zbekistonlik, Ulug’bek Qosimov:

“Men asli Samarqand shahridanman. Samarqand Davlat Chet Tillar Institutida magistraturani tamomlaganman. Chepl Xillda juda ko’p vatandoshlarimiz, juda ko’p o’rta osiyoliklar kelib o’qib ketdi. Jurnalistika fakultetida “Muskie” programmasi bo’yicha juda ko’p yoshlar o’qib ketdi”,- deydi u.

Bu talabalar, imkoniyat bo’lsa, vatanga qaytib o'z sohalarida ishlashga tayyor.

“Vatanim, qarindoshlarim, ota-onalarim hammasi O’zbekistonda. Shunday sharoitda ishlash osonroq bo’ladi. Shu uchun, albatta, agarda imkoniyat bo’lsa, bemalol O’zbekistonda ishlardim”,- deydi ulardan biri.

Boshqa biri fikricha esa O’zbekistonda ta'lim tizimini yaxshilash, rivojlantirish zarur.

"Asta-sekin o’zgartirsa bo’ladi... Bu muhim narsa”,- deya qo'shadi talaba.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG