Breaking News

O'zbekistonlik yo'lovchilar: aeroportlarda tekshir-tekshir kuchaygan


Yakshanba. Havo ancha sovib, yomg’ir yog’a boshladi.

Lekin Nyu-Yorkning uzundan-uzoq metrosiga sho’ng’igandan keyin odam buni sezmas ekan.

Poyezd-poyezdga ulanib, to’g’ri Jon Kennedi nomidagi xalqaro aeroportga yetkazib qo’ydi.

Aeroport terminallari o’rtasida qatnovchi ozoda poyezdda yoshi kattaroq bir kishi “O’zbekistondanmisiz?” deb qiziqib gap ochib qoldi.

Oilasi bilan Amerikada yashovchi Sergey ismli bu rus amakiga Toshkentdan posilka olib kelishlari kerak ekan.

Bizga kerakli terminalgacha hali 3-4 bekat bor, sekin gaplashib ketdik. O’zimni tanishtirib, aeroportdagi ahvol, oxirgi o’zgarishlardan so’radim.

“Tekshir-tekshir hamma joyda bor. U yerda ham, bu yerda ham. Lekin AQSh aeroportlarida muomala yaxshiroq. Toshkentda dovon-to’siqlardan o’tib olguncha esing ketadi. Kuzatayotganlarni-ku aeroportga umuman kiritmaydi. Juda qiyin”,- dedi u.

Gap bilan bo’lib, bekatdan o’tib ketdik. Sergey amaki “poyezdda boshqa intervyu olmang endi” deb o’pkalagan kishi bo’ldi.

Har besh daqiqa qatnab turgan poyezdlarning navbatdagisiga o’tirib, shart ortga qaytdik.

Soat chamasi 11-lar – shinam, yorug’ to’rtinchi terminalda odam kam. Tabloda “O’zbekiston havo yo’llari” samolyoti Rigadan kelib qo’ndi deb yozib qo’yibdi (Toshkent-Nyu-York-Toshkent yo'nalishida haftada bir marta samolyot qatnaydi).

Sal o’tmay kutuvchilar ko’payishib, o’zbek, tojik, ruscha gap-so’z quloqqa chalina boshladi. Xullas, aeroportda tilni bilmay, yo’qolib qolaman deb o’ylamang – qarashib yuboradiganlar topiladi.

Besh-olti kishi bo’lib turgan odamlarning oldiga borib, savol otiga mindim.

Yaqinda bir kishi Amerika samolyotini portlatmoqchi bo’lgandi, endi aeroportda tekshir-tekshir ko’paygan, kelayotgan odamni xabardor qildingizmi, deb so’radim.

Yoshlari miq etmadi. Faqat telpak kiygan bir kishi, ko’rinishidan oila kattasi gapni qisqa qilib javob berdi:

“O’zi bir yilda bir marta uchib turamiz. Rigada sumkalarni tekshiradi. Odamlar o’zlari bilishadi buni. Hech qanday problema yo’q, menimcha”.

Zalni aylanaman. Endigi suhbatdoshim Toshkentdan inisini, 18 yildan beri ko’rmagan qadrdonini kutib olayotgan ekan:

“Amerikada anchadan beri yashaymiz. Lekin aeroport xavfsizligi masalasida biror o’zgarish haqida eshitmadik. Ma’muriyat sizga bu haqda aytmaydi baribir. Ular bu choralarni sir tutishadi”.

Nihoyat samolyotdan tushgan odamlar bitta-bitta chiqib kela boshladi – o’zgarish haqida ana shular biladi deb, qo’limda diktofon, o’sha tomon chopdim.

Charchagan yo’lovchilar avvaliga hadiksirab, keyin esa ochilib, sabr-toqat bilan savollarimga javob berishdi:

“Amerika aeroportida unaqa tekshirib o’tirishmadi. O’zbekistonda qattiqroq tekshirishdi lekin”.

“Grin-karta yutganman. Ikkinchi bor kelishim, qizim, ikki nevaram shu yerda. Toshkentda ham, Rigada ham qattiq tekshirishdi. Ayniqsa Toshkentda “jestkiy”. Aynan Nyu-Yorkka reys bo’lgani uchun hamma yuklarni bittalab ochib qarashdi. Savollar berishdi, mumkin bo’lmagan narsalaringiz bormi deb. Amerikaga kirib kelganimizda yuklarni faqat rentgendan o’tkazishdi, lekin ochib o’tirishmadi”.

Yilda kamida ikki marta Amerikaga qatnashini aytgan mana bu ayol nazarida xavfsizlik bobida o’zgarish bor:

“Rigada ayniqsa og’ir. Hech qanday xavf bo’lmasa ham sumkalarni bo’shatib, ko’rishdi. Xuddi haligi “nadzor”dan o’tayotganday. Odamlarning o’zini qattiq tekshirishdi. Rigada uzoq kutdik, havo ham sovuq edi. Yosh bolali ayollar juda qiynalishdi. Odamlarning paltosi samolyotda qolib ketgan... Lekin, Rigadan Toshkentga uchayotganda negadir bunaqa qattiq nazorat yo’q. Menimcha, bu adolatdan emas. Har ikki tomonga uchayotgan odamlar birday ko’rikdan o’tishi kerak”.

Suhbatdoshlarimga rahmat aytib, endi Toshkentga uchayotgan odamlarning ham suhbatini olish uchun terminalning uchinchi qavatiga chiqdim.

“O’zbekiston havo yo’llari” xodimlari bilan gaplashib bo’larmikan, deb qarasam, hamma band.

“Amerika Ovozi” necha bor qo’ng’iroq qilib, savol so’raganida kompaniya javob berishni lozim topmadi. “Xavfsizlik - maxfiy masala, buni sizga ochiq ayta olmaymiz” degan gapdan nariga o’tishmadi.

Xullas, xodimlar bo’shashini kutib, yuklarini sellofan bilan o’rab-chirmagan yo’lovchilar bilan gurunglashib turdim.

“Aeroportlar masalasida nazorat haqiqatan kuchaygan. Toshkentda ayniqsa. Tekshir-tekshirga ko’proq vaqt ketadi hozir”.

“Amerika Ovozi”:
“Nega yuklarni bunaqangi o’rab tashladingiz?”

“Hech kim tegmasin deb. U yoqda. Toshkentda”.

Yarim soatlar o’tib, O’zbekiston havo yo’llari registratsiya stoliga kelsam, bir xodim o’tiribdi – amerikalik.

“O’zbekistonlik yo’lovchilar, nazarimda tartibsizroq, masalan, yevropaliklarga qiyoslaganda”,- deydi o’zini Toni deb tanishtirgan xodima. “Lekin O’zbekiston havo yo’llari” kompaniyasi ishonchli, aniq ishlaydi. Xavfsizlik masalasida esa, albatta, boshqa davlatlar aeroportlari, havo yo’llariga xabar beriladi”,- deydi u.

Darvoqe, aksariyat yo’lovchilar Toshkent aeroportidan nolisa-da, “O’zbekiston havo yo’llari” haqida – narxi, xizmati haqida yaxshi gaplar aytishdi. Bu - alohida lavhada qalamga olinadigan mavzu.

XS
SM
MD
LG