Diniy radikalizm va ekstremizm – Markaziy Osiyo bo’ylab rahbarlar og’zidan tushmaydigan mavzu. Biroq ekspertlar nazarida xavf hamma yerda ham bir emas.
Masalan qo’shni Afg’oniston va Pokiston uzoq yillardan beri terror guruhlari va jangari harakatlar o’chog’i, tahdid darajasi yuqori hudud deb tan olinadi.
Ammo Markaziy Osiyoda, deydi mutaxassislar, diniy radikalizm va ekstremizm – hukmron repressiv hukumatlar uchun siyosiy bahona.
Siyosiy tahlilchi Pol Gobl (Paul Goble) Kavkaz va Markaziy Osiyodagi jangari harakatlari va diniy oqimlarni yaqindan o’rgangan mutaxassis.
O’zbekiston, Tojikiston va Qirg’iziston hududlarini qoplovchi Farg’ona vodiysi, uning fikricha, azaldan xavotir bilan tilga olinadi. O’zbekiston Islomiy Harakati shu yerdan chiqqan.
“Radikalizm O’zbekiston, Qirg’iziston va Tojikiston uchun jiddiy muammo, lekin Qozog’istonda uning xavfi u qadar katta emas. Turkmanistonda deyarli yo’q”,- deydi u.
Pol Gobl bu yerda ikkita muammo bor deydi. Birinchidan, tashqi dunyo Markaziy Osiyo davlatlari oldidagi siyosiy va harbiy qiyinchiliklarni tushunmaydi va uni tushunishga harakat ham qilmaydi.
Ikkinchidan, deydi mutaxassis, bu respublikalarning rahbarlari erkinlikdan, shu qatorda diniy erkinlikdan qo’rqadi. Ular xavfni bo’rttirib ko’rsatadi.
“Mintaqadagi ijtimoiy-madaniy hayotga e’tibor bering”, -deydi Pol Gobl.
Milliy urf-odatlar va din hamda turmush tarzi bir-biri bilan shu qadar qorishib ketganki, odamlar e’tiqod deganda uzoq tarixga ega an’ana va ko’nikmalarni tushunadi.
Pol Gobl deydiki, rahbarlar ularga qarshi turgan har bir shaxsga terrorist degan tamg’a bosib, uni ekstremizm va radikalizm kabi illatlarda ayblashni odat qilgani bugun tashqi dunyoga sir emas.
Aleksey Malashenko, moskvalik tahlilchi Markaziy Osiyoda, ayrimlar orzu qilganidek, islomiy davlat yoki xalifalik vujudga kelishiga umuman ishonmaydi.
Lekin, deydi u, iqtisodiy ahvol tang ekan, muxolifat tazyiq va bosim ostida ekan, ijtimoiy va siyosiy norozilik diniy tus olishi mumkin.
“Ayrim odamlar islomdan tasalli izlashi, dinni noto’g’ri talqin qilib, hukumatlarga qarshi u orqali kurashishga berilishi mumkin. Mintaqada radikalizm ildizi repressiyaga borib taqaladi”, -deydi u.
Malashenko fikricha O’zbekiston Islomiy Harakati va u bilan bog’liq boshqa guruhlar bugun qanchalik tahdid solayotgani haqida aniq bir xulosa qilish qiyin. Ular asosan Pokistonda, Tolibon safida harakat qilayotgani ma’lum va o’tgan bir yil ichida xalqaro koalitsiya havo hujumlaridan ancha zarba yegan.
Alisher Hamidov, mintaqadagi islomiy kuchlar faoliyatini kuzatib kelayotgan olim Vashington va boshqa muhim markazlarda qilgan chiqishlarida radikalizm tahdidi Markaziy Osiyoda avvalgiga qaraganda ancha pasayganini aytib keladi.
Uning tahlil qilishicha, hukumatlar minglab dindorlarni qamab, panjara ortida qiynoqlarni oshirib, odamlarni shunchalik qo’rqitib qo’ydiki, hozir ko’pchilik namoz o’qiyman deya olmaydi.
Ikkinchidan, tirikchilik shu qadar qiyinki, odamlarning oqim yoki taqvodorlikka berlishga vaqti yo’q. Ayniqsa yoshlar ish qidirib, chet elga, xususan Rossiya chiqib ketayapti.
Yana bir haqiqat, deydi Alisher Hamidov, regionda musulmonlar zamonaviylikka intilib yashaydi.
Markaziy Osiyoda hukumatlar endi radikalizm va ekstremizmni bahona qilib ko’p narsaga erisha olmaydi, deydi mutaxassis, G’arb masalan ularning “bu iddaosiga” ishonmay qo’ygan.
AQSh rasmiylari tahdid mavjud ekanini tan oladi, lekin uning darajasi Islom Karimov yoki qo’shni davlatlardagi rahbarlar da’vo qilayotganidek o’ta yuqori ekaniga shubha bilan qaraydi.
Regionda xalqlar radikalizm emas, repressiya girdobi ostida ekaniga ko’proq urg’u beriladi.
Obama ma’muriyatining butun diqqati hozir Afg’onistonda va Markaziy Osiyo bilan bu borada hamkorlikni oshirmoqda. Uzoq yillardan beri notinch bu o’lkada barqarorlikka erishish mintaqa manfaatlari uchun xizmat qiladi.