Breaking News

Uyg'urlarni bosh ko'tarishga undayotgan omillar


Xitoy rasmiy propagandasiga ko’ra, Shinjon-Uyg’ur muxtoriyati kun sayin farovonlashib, har jihatdan gullab-yashnayotgan diyor.

Lekin bu viloyat markazi Urumchi shahrida yuz bergan qonli to’qnashuvlar va davom etayotgan namoyishlar tub aholi bo’lmish uyg’urlar markaziy hukumatdan tobora norozi ekanini ko'rsatmoqda.

Musulmon va turkiy bu millat vakillari kommunistik rejimdan to’yganini aytmoqda.

5 iyuldan beri Urumchining o’zida 160 ga yaqin kishi o’lgan, 1000 ga yaqini jarohatlangan.

Uyg'urlarning bugungi ahvoli qanday?

"Shinjondagi so’nggi qon to’kilishlar zaminida uzoq yillik murakkab masalalar yotibdi", - deydi dunyoning bu qismi bilan yaqindan tanish, uyg’urshunos olim Shon Roberts (Sean Roberts).

Uning fikricha uyg’urlar uch muammoga ortiq toqat qilolmaydi. Birinchisi, uyg’ur muxtoriyati endilikda muxtoriyat emas. Markaziy hokimiyat nazoratni kuchaytirgan. Ayniqsa iqtisodiy jihatdan Xitoy hukumati bu hududni to’la idora etishga urinmoqda. Uyg’urlar uchun iqtisodiy imkoniyatlar cheklangan.

Ikkinchidan uyg’urlarning yerlariga Xitoyning boshqa qismlaridan aholi ko’chirib olib kelinmoqda. Uyg’urlar boshqa mintaqalarga majburan jo’natilmoqda. Xitoy uyg’urlarning bir joyda kun kechirishini istamayapti. Jamoaning bo’lib tashlanishi kuchli qarshilikka sabab bo’lmoqda.

Uchinchidan esa, deydi uyg’urshunos olim, Shinjonda siyosiy erkinliklar haqida gapirish mumkin emas. Hukumatdan nozorilik terrorizmga qiyoslanadi. Odamlar doimiy qo’rqinchda yashaydi. E’tiqod erkinligi, madaniy huquqlar poymol etilmoqda.

Uyg'urlar o'z-o'zini boshqarishni istaydi, ammo bugun elat sifatida katta to'siqlar bilan yuzlashmoqda

Uzoq yillardan beri uyg’ur ozodlik harakati va Xitoy siyosatini kuzatib kelayotgan Shon Roberts nazarida uyg’urlar bugun ancha birlashgan elat.

"Ammo bu bilan ularning azaliy orzusi – o’z davlatiga ega bo’lish yoki o’z-o’zini boshqarish maqsadiga erishishi oson kechadi yoki bunga vaqt yetgan deya olmaymiz",- deydi tahlilchi.

Siyosatshunos ta’biricha Xitoydek qudratli davlat bunga hech qachon yo’l qo’ymaydi va uyg’urlar xalqaro maydonda u qadar keng miqyosda quvvatlanmaydi.

Uyg’urlar uchun eng muhimi hozir o’zligini saqlab qolish. Elat sifatida tan olinib, deydi olim, uzviy huquqlarga ega bo’lish.

"Uyg’urlar tarqoq xalq emas",- deydi Shon Roberts, "keying yillarda ular G’arbda kuchli tashkilotlar tuzishga, lobbichilikni oshirishga, muhojir jamoalarni birdamlikka undab, siyosiy nufuzini ancha mustahkamlashga muvaffaq bo’ldi".

"Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati degan terrorchi guruh bor degan ma’lumotlar uyg’urlar yuziga dog’ tushirdi, ammo uyg’ur faollar Amerika va Yevropa siyosatchilariga bu elat dardini tushuntirib, “Biz diniy emas, erkinlik kurashi olib bormoqdamiz” deya ko’rsata oldi",- deydi Shon Roberts.

Xalqaro miqyosda tanilgan uyg’urlardan biri bu Nuri Turkel bo’lib, yaqin yillargacha u Vashingtonda asoslangan Uyg’ur-Amerika Uyushmasi rahbari edi.

Kasbi advokat, asli qashg’arlik, Xitoy va AQSh oliygohlarida ta’lim olgan Nuri Turkel deydiki, uning xalqi bugun juda mushkul bir holatda.

“Xitoy”,- deydi Nuri Turkel “bizni tag-tugimiz bilan yo’q qilishni, biz yashaydigan tabiiy jihatdan boy zaminimizni o’zlashtirib, uzoq asrlik merosimizni barbod qilmoqchi”.

“Xitoy hukumati hamisha o’z qora ishlarini boshqalarga to’nkab keladi. Tibetdagi ahvol bunga bir misol. Tibet xalqi o’z uzviy huquqlarini talab qilmoqda. Lekin Xitoy ularni ezib, bu elatning diniy rahnamosi Dalay Lamani ekstremizmda, zo’ravonlikka undaganlikda ayblab keladi. Aksincha, Dalay Lama ham, mana bizning yetakchimiz Robiya Qodir ham tinchlik tarafdori ekanini aytib, muzokara va muloqotgacha chaqirib, Xitoy hukumatini bu xalqlar dardiga quloq tutishga undab kelmoqda”,- deydi Nuri Turkel.

Uning nazarida Xitoy haqiqatni tan olgisi kelmaydi, ya’ni uyg’urlar erkin bo’lsa, Sharqiy Turkistondek tabiiy jihatdan boy, savdo-sotiq rivojlangan bir mintaqani qo’ldan boy berishdan qo’rqib, zulmni kuchaytirmoqda.

Hozirda Shinjondan axborot olish yanada qiyinlashgan. Telekommunikatsiya vositalari va internetga to’siqlar qo’yilgan. Xorijda yashovchi millionlab uyg’urlar yaqinlari bilan bog’lana olmayapti.

Uyg'urlar Amerikaga tayanch sifatida qaraydi, lekin...

AQSh Kongressida uyg’urlarning homiylari, ularga madad berishga urinayotgan arboblar ko’p.

Lekin, deydi Vashington siyosiy doiralariga maslahat berib turadigan Shon Roberts, Qo’shma Shtatlar Xitoy bilan hamkorlikni uyg’urlardan ustun qo’yishi ham sir emas.

“AQSh bu borada hamisha juda mujmal pozitsiyaga ega bo’lgan”, deydi olim.

"Vashington Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatidek mavhum bir guruhni terror tashkilot deb chiqqan. Bu esa Xitoyga uyg’urlarga zulm ko’rsatish uchun bahona va imkoniyat bo’ldi".

AQSh uchun Xitoy yirik iqtisodiy hamkorlardan biri. Qolaversa ko’plab xalqaro muammolarga yechim topish uchun birgalikda ishlashga majbur.

Shu bois, deydi Shon Roberts, Amerika uyg’urlar huquqi poymol etilmasligini so’rashi mumkin, ammo ular o’z davlatiga ega bo’lsin deb chiqmaydi .

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG