Breaking News

Xitoy "uyg'ur ekstremistlari" haqida ogohlantirmoqda


Xitoy bu yil kommunistik tuzumning 60 yilligini nishonlaydi. Oktabr oyida katta tantanalar rejalangan.

Ular oldidan esa mamlakatning barcha nozik nuqtalarida xavfsizlik choralari kuchaytiriladi.

Diqqat, deydi mamlakat diplomatlari, Shinjon uyg'ur muxtoriyati va Tibet kabi tahlikali hududlarga qaratiladi.

O'tgan oylar ichida Xitoy qo'shni va yaqin davlatlar, xususan Pokiston, Afg'oniston va Markaziy Osiyo davlatlariga "uyg'ur jangarilar hamon faol" deya eslatib, ularni ogohlikka undagan.

Rasmiy Pekin nazarida Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati, bir paytlar Amerika tomonidan ham terror tashkiloti deb tan olingan guruh, Xitoy tinchligiga raxna solishda davom etmoqda.

Guruh a'zolari Pokiston va Afg'onistondan panoh topgan, ayrimlari hatto Markaziy Osiyoda ham izg'ib yuribdi, deydi Xitoy rasmiylari. Ularning gapini Pokiston senatori Mushohid Husayn Said ham tasdiqlaydi.

Yaqinda O'zbekiston va Qozog'istonda bo'lib qaytgan siyosatchi "Amerika Ovozi" bilan Islomoboddan turib suhbatlashar ekan, "Xitoy Pokistonning qabilaviy hududlarida uyg'ur ekstremistlar yuribdi degan xavotirda", deydi.

"Xitoy hisobicha bizning mamlakatimizda hozir taqriban 100-150 uyg'ur jangari bor va ular bu yilgi marosimlar paytida terror xurujlari uyushtirishi mumkin",- deydi Pokiston senatori.

Uning aytishicha o'tgan oy Xitoy Islomobodga maxsus elchi yo'llab, masala jiddiy ekanini uqtirgan. Qolaversa Pokiston prezidenti Osif Ali Zardariy Pekinga safar qilganida bu borada gaplashgan, deydi senator Mushohid Husayn Said.

"Xitoy bizning hamkorimiz va bu davlatga qarshi bizning hududimizdan turib biror harakat qilinishiga yo'l qo'ymaymiz. Pokistonda yashiringan uyg'ur terroristlarini yo'q qilish uchun barcha choralarni ko'ramiz",- deya ta'kidlaydi bu davlat arbobi.

Uyg'urlar esa yuqoridagi kabi bayonot va tahdidlardan charchaganini aytadi.

Birinchidan, deydi Nuri Turkel, Jahon Uyg'urlari Kengashi a'zosi, "Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati degan tashkilot Xitoyning uydirmasi".

Ikkinchidan, deydi u, uyg'urlar hech kimdan hech narsani tortib olmoqchi yoki zo'ravonlik qilmoqchi emas, balki siyosiy va madaniy erkinlik uchun kurashmoqda.

"Xitoy uyg'ur millatini tag-tugi bilan yo'q qilishga, ular yashaydigan tabiiy boyliklarga ega mintaqani tamoman o'zlashtirishga urinar ekan, turli bahonalar bilan bu elatni ezishga, ozodlik talab qilayotgan odamlarning ovozini o'chirishga bel bog'lagan".

Nuri Turkel fikricha Xitoy geopolitik o'yin boshlagan va uning nafratidan qo'rqqan qo'shni davlatlar, jumladan Pokiston, O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'iziston rasmiy Pekinga tiz cho'kib uni xursand qilishga tayyor. Ular siyosiy manfaatlarni ko'zlamoqda; qardosh xalq dardi bilan qiziqmayapti, deydi u.

O'zini turkiy elat deb biluvchi uyg'urlar azaldan erkinlikka intilgan va buning nima aybi bor? - deya so'raydi faol. "Bizning da'vomiz islomiy emas, milliy va uzviy", - deydi Nuri Turkel.

Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati, bu tashkilot faoliyatini o'rgangan tahlilchilar nazarida, ko'p hollarda bo'rttirib ta'riflanadi. Bu guruh birlashgan kuch emas, deya bildiradi Vashingtonda asoslangan Xalqaro Aloqalar Kengashi.

Amerika bu tashkilotni 2002 yilda terrorchilar ro'yxatiga qo'shgan. Guruh o'sha yili Qirg'izistonda portlashlarda ayblangan va ikki uyg'ur tutilib, Xitoyga deportatsiya qilingan.

Aksariyat uyg'urlar bu tashkilotni qoralab uni bu millat erkinligiga soya solgan harakat deb biladi.

Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatiga a'zolikda va shu tariqa Al-Qoidaga aloqadorlik ayblanib, Afg'onistonda qo'lga olingan 22 uyg'ur Guantanamo qamoqxonasiga tushgan va bugunga kelib hammasi begunoh deb tan olingan.

Ularning besh nafari Albaniyadan panoh topgan, qolgan 17 nafari uchun esa boshpana izlanmoqda.

Xitoy Vashingtondan ularni topshirishni so'ramoqda, lekin Bush ma'muriyati ham, hozirga kelib Obama ma'muriyati ham bu talabni rad etgan.

Jahon Uyg'urlari Kengashi rahbari Robiya Qodir Xitoyda uzoq yil qamoqda o'tirib chiqqan.

11 bolaning onasi bo'lmish bu ayol uyg'urlar faqat tinchlik va erkinlik istaydi, deydi.

Robiya Qodir va Nuri Turkel singari faol uyg'urlar fikricha Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati - Xitoy tomonidan siyosiy maqsadlarga ko'ra to'qib chiqarilgan tizim.

Uyg'urlarning bu fikriga qo'shilmaydiganlar ko'p, lekin jamoa orasida shunday bir nazariya hukm suradi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG