Breaking News

17 nafar uyg'ur taqdiri AQSh appelyatsiya sudi ixtiyorida


AQSh federal sudi va hukumati Guantanamodagi uyg'ur mahbuslari taqdiri xususida tortishmoqda. Sud ularni darhol ozod etish kerak desa, hukumat avval mahbuslarga boshpana berishga tayyor uchinchi mamlakatni topish kerak deydi.

Seshanba kuni AQSh federal sudi Guantanamodagi qamoqxonada saqlanayotgan 17 nafar uyg'ur mahbuslarini zudlik bilan ozod etish kerak, degan qaror chiqargan. Xitoylik uyg'urlar terrorizmda ayblanib yetti yildan buyon sudsiz qamoqda saqlanmoqda.

"Vashington Tayms" gazetasiga ko'ra, agar ular ozodlikka chiqsa, Guantanamoda saqlanayotgan boshqa mahbuslarning ham qamoqdan chiqishiga imkon paydo bo'ladi.

Sud qaroriga ko'ra, uyg'ur mahbuslari AQShga qarshi jang qilmagan va hukumat ularning mamlakatga tahdidi haqida sudga yetarlicha dalil bermagan. Demak, deydi sudya Rikardo Urbina, ularni ushlab turish qonunga ziddir. Ularga AQShdan panoh berilishi lozim, deyiladi sud hukmida.

Oq Uy uyg'urlarning ozod etilishiga qarshi emas, ammo ularning AQShga kiritilishi mumkin emas demoqda. Oq Uy matbuot kotibi Dana Perinoning aytishicha, sudning uyg'urlarni AQShga kiritish haqidagi qarori AQSh immigratsiya qonuniga xilof.

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Xalqaro Amnistiya tashkiloti sud qarorini olqishlagan. Ammo Adliya vazirligi qarorni appelyatsiya qilgan va kecha Federal appelyatsiya sudi uyg'urlarni AQShga chiqarish qarorining ijrosi, ish sinchkovlik bilan o'rganilmaguncha, vaqtinchalik to'xtatilsin degan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ularni Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati a'zolari va terrorchilar deb Xitoyga chiqarilishini talab qilmoqda.

Huquq himoyachilari nazarida ular terrorchi emas, balki o'z mustaqilligi uchun kurashgan insonlar. Huquq faollari mahbuslarni Xitoyda qiynoqlar kutmoqda deydi.

AQSh hukumati ularni 2004 yilda oqlagan bo'lsa-da, uyg'urlarni qabul qiladigan uchinchi mamlakat topilmaguncha Guantanamoda saqlashni afzal ko'rgan. 2006 yili Qo'shma Shtatlar Guantanamodan olti nafar uyg'urni ozod etib Albaniyaga jo'natgan edi.

"Vashington Post" gazetasiga ko'ra, AQSh poytaxti atrofida ko'plab uyg'urlar yashaydi va ular o'z millatdoshlarini qabul qilib, ularga yordam berishga tayyor. Ish va ta'lim bilan ta'minlaymiz, deydi mahalliy uyg'ur faollari.

Tutqunlikdagi uyg'urlar advokati Syuzen Menningning aytishicha, 7 yil davomida bir kishilik kamerada yolg'iz saqlangan ushbu mahbuslar uchun o'z xalqi vakillari bag'rida bo'lishi muhim.

"Vashington Post"ga ko'ra poytaxtda istiqomat qilayotgan aksariyat uyg'urlar siyosiy ma'noda faol bo'lib AQSh jamoatchiligi diqqatini Xitoyda inson huquqlari ahvoliga qaratishga harakat qilmoqda.

XS
SM
MD
LG