Breaking News

Xitoy Qashg'ardagi uyg'ur mahallalarini buzmoqda


“Washington Post” gazetasiga ko’ra, Xitoy hukumati Shinjon uyg’ur muxtoriyatining Qashg’ar shahrida eski mahallalarni buzib, aholini yangi, ko’p qavatli uylarga ko’chirmoqda.

Uyg’urlar nazarida rasmiy Pekin ularning madaniyatiga tajovuz qilmoqda.

Gazeta muxbirining Qashg’ardan xabar qilishicha, Xitoy shaharning eski mahallalarida istiqomat qilayotgan qariyb 50 ming kishini yangi, ko’p qavatli kvartiralarga ko’chirmoqda.

Buning uchun 500 million dollar ajratilgan. Xitoy rasmiylariga ko’ra, eski shahardagi uylarning aksariyati beruxsat qurilgan, zilzila va yong’inlarga dosh bera olmaydi.

Ammo, deydi gazeta bilan suhbatda xitoylik bir olim, “bu ko’hna uylar yozda salqin, qishda issiq bo’ladi, puxta qurilgan. Qashg’arda shu paytgacha qattiq zilzila bo’lmagan” deydi u.

Qashg’arlik huquqshunos Nuri Turkel “eski shahar mahalliy xalq hayotida muhim o’rin egallaydi. Uyg’urlarning tirikchiligi asosan shaharning shu qismida o’tadi. Qashg’ar – uyg’urlar madaniy markazi, deydi u.

Uyg’ur-Amerika tashkiloti bayonotiga ko’ra, Xitoy qadim Qashg’ardagi uyg’urlar madaniyatini toptash maqsadida ularni uylaridan haydab, shaharga boshqa joylardan ko’chib kelgan xitoyliklar orasiga joylashtirishga harakat qilyapti. Nuri Turkel ham shu fikrda.

Xitoy rasmiylari turizmni rivojlantirish maqsadida eski shaharning bir qismini ozchilikdagi millatlar ochiq muzeyi sifatida saqlab qolishni taklif qiladi.

Ammo yaqinda Qashg’arga bo’lib qaytgan xitoylik olim Wu Diant ta’kidlaganidek, bu joy muzey emas, mahalliy uyg’urlar turmushi va madaniyati bilan chambarchas bog’liq. Eski binolarni buzib tashlash uyg’urlar madaniyatiga zarar qiladi, deyd u.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG