Breaking News

Xitoy ikki uyg'urni terrorda ayblab qatl etgan


O'tgan yili Olimpiya o'yinlari oldidan terroristik harakatlarda va 17 insonning o'limida gumon qilinib ushlangan va keyinchalik aybdor deb topilgan ikki uyg'ur 9 aprel kuni Xitoyda qatl etilgan.

Shinjon uyg'ur viloyati sudi chiqargan hukmga binoan 34 yoshli Abdurahmon Ozod va 29 yoshli Qurbonjon Hamid adolat oldida javob berdi, deydi rasmiylar.

Hukm sal avval Qashg'arda to'rt ming fuqaro oldida e'lon qilingan edi.

Xitoy terrorchi deb tamg'alagan bu shaxslar, deydi Uyg'ur ozodligi uchun uzoq yillardan beri kurashib kelayotgan va o'zi ham qamoqda o'tirib chiqqan Robiya Qodir, aslida begunoh va erkin yashashni istagan odamlar edi.

"Xitoy qo'lida hech qanday isbot yoki dalil yo'q. Uyg'uylarni qatl etishdan maqsad esa boshqalarni qo'rqitish, erkinlik istab chiqayotgan shaxslarning ovozini o'chirish",- deydi faol.

Robiya Qodir rahbarligidagi Jahon Uyg'urlar Kengashi o'lim hukmi va ijrosini keskin qoralab, Xitoyni bu millat vakillariga nisbatan cheksiz zulmda ayblaydi.

Oxirgi kunlar ichida Qashg'arning tarixiy qismida yashovchi uyg'urlar majburan ko'chirilib, qator mahallalar buzib tashlangan. Hukumat ularni zamonaviy uylarga olib o'tayotganini ta'kidlaydi. Uyg'urlar fikricha esa rasmiy Pekin ularning madaniyati, qolaversa bu millatni tubdan yo'q qilmoqchi.

Ko'pchilik uyg'urlar Xitoydan ajralib chiqib o'z davlatiga ega bo'lishni orzu qiladi. Ular musulmon va turkiy dunyoning bir qismi ekanini aytib, o'zini xitoylik deb hisoblamaydi.

Xitoy rahbariyari esa buning aksini qayd etadi va uyg'urlar hech qachon mustaqil bo'lmaydi deydi. Uyg'ur harakati Xitoy nazarida separatist guruh va butun mamlakat tinchligiga raxna solmoqda.

Bugun jahon bo'ylab 20 million atrofida uyg'ur bo'lsa, ularning aksariyati Shinjonda, ular ta'biricha, Sharqiy Turkistonda yashaydi.

XS
SM
MD
LG