Breaking News

Uyg'ur imomning rafiqasi uning aybsiz ekanini ta'kidlamoqda


Uyg’ur diniy yetakchilaridan biri, Xitoy tomonidan terrorchilikda gumon qilinuvchi, hozirda Kanada fuqarosi Husayn Jalil ayni damda Toshkentda qamoqda. Yaqinda Qirg’iziston uning bo’yniga yangi ayblar qo’ydi.

Bishkek rasmiylariga ko’ra, Husayn Jalil 2000 yilning mart oyida uyg’ur jamiyati rahbarini, o’sha yilning iyun oyida esa Xitoy davlat vakillarining o’girlanishi va o’ldirilishiga aloqador shaxsdir. O’zbekiston rasmiylarining bildirishicha, Husayn Jalilning asl ismi Guler Dilaverdir.

Ayblanuvchining Kanadadagi advokatlari ularning mijoziga tuhmat qilinayotganini va yuqoridagi qotilliklar paytida Husayn Jalil Turkiyada bo’lganini aytadilar. Uning rafiqasi Komila Jalil Torontodan turib Amerika Ovozi bilan Toshkentdagi so’nggi o’zgarishlar, yangi ayblar va Husayn Jalilning so’nggi yillardagi hayoti haqida suhbatlashdi.

Amerika Ovozi: Komila, turmush o’rtog’ingizning Toshkentda qanday ahvolda ekanini bilasizmi? Kim ko’rishyapti turmush o’rtog’ingiz bilan Toshkentda?

Komila Jalil: Turmush o’r’tog’im bilan asosan Kanada konsulligi xodimlari ko’rishishyapti. Bir haftada bir bor ko’rishga ruxsat berishgan.

Amerika Ovozi: Advokat berilganmi unga?

Komila Jalil: Yo’q, advokat berilmagan. O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi advokat qo’yishga yo’l bermadi. Kanada advokatimiz bor va ko’p ishlarni bu yerdan turib qilishga majbur bo’lyapti.

Amerika Ovozi: Husayn Jalil bilan qachon turmush qurgansiz?

Komila Jalil: 1999 yilning boshida, yanvar oyida. Toshkentda tanishganmiz, ammo to’yimiz Turkiyada bo’lgan. Adam tanir edilar. Birga bozorda gazlama sotishar edi. Shu biznes orqali bilardik uni. So’ngra Turkiya borib, yaxshiroq tanishib, keyin turmush qurganmiz. Hozir uch farzandimiz bor, yana biriga homiladorman. Eng kattasi olti yarim yosh. Kanadaga 2001 yilda oktyabr oyida kelganmiz. BMT Qochqinlar agentligi yordami bilan. Hozirda o’zim ham, erim ham Kanada fuqarosi.

Amerika Ovozi: Turmush o’rtog’ingiz ham diniy yetakchi, ham uyg’ur milliy kurashi yetakchilaridan biri sifatida tilga olinadi. Sizga o’z siyosiy faoliyati haqida ochiq oydin gapirib berarmidi? Sirlasharmidi bu haqda siz bilan?

Komila Jalil: Siyosiy faoliyati haqida... 1997-98 yillarda Qirg’izistonda siyosat bilan shug’ullangan, Turkiyaga ketmasdan oldin. 1998 yilda Qirg’izistonda noqonuniy faoliyatda ayblanib, to’qqiz oyga qamalgan. Ammo, Kanadada siyosat bilan shug’ullanmadi. Ingliz tilini o’rgandi. Oila boqish bilan band bo’ldi. Ba’zan Vashingtondagi Ozod Osiyo radiosining uyg’ur xizmatiga gapirar edi. Talaba bo’lib, ingliz tilini o’rganayotgan edi. Kollejga borishga harakat qilayotgan edi.

Amerika Ovozi: Besh kishilik oilani boqish oson emas. Husayn Jalil u bu joyda ishmasmidi?

Komila Jalil: Oshxonalarda ishlardi. Shuningdek, Kanadadagi turk masjidlarida juma kunlari imomlik qilardi.

Amerika Ovozi: Chet-elga tez-tez chiqayotganmidi oxirgi paytlarda?

Komila Jalil: Yo’q, chunki chetga chiqish uchun muhojirlik hujjatimiz yo’q edi. Shu yilning yanvar oyida Saudiya Arabistoniga xajga bordi.

Amerika Ovozi: Husayn Jalilning Toshkentga birinchi marta edi, shundaymi? Nega shu paytgacha hech bormagan edi?

Komila Jalil: Hujjatsiz bora olmasdik. Buning ustiga bolalar kichik edi.

Amerika Ovozi: Toshkent kirayotganida hujjatiga qarab hech kim shubhalanmagan, ammo chiqib ketayotganida tutilgan, shundaymi?

Komila Jalil: Hech qanday muammo bo’lgani yo’q. Vizani ham tezda oldik. Toshkentda 24 aprelgacha turmoqchi bo’lib, vizani cho’zdirmoqchi bo’lganimizda, 27 mart kuni, ichki ishlar bo’limidan ushlashdi.

Amerika Ovozi: Toshkentda qarindoshlar ko’pmi?

Komila Jalil: Butun urug’-aymog’im Toshkentda.

Amerika Ovozi: Ularga hech qanday bosim o’tkazilmayaptimi umr yo'ldoshingizni deb?

Komila Jalil: Hech qanday bosim qilishga haqqi yo’q O’zbekistonni. Mening xo’jayinimning hech qanday gunohi yo’q. Qirg’izistonni tuhmatlari bilan o’tiribdi. O’zbekistonda birinchi bo’lishi edi va hech qanday haq-huquqsiz uni qamoqqa olishdi. Boshida mazasi yo’q, deyishganda, juda xavotir oldik. Shifokorni ham kiritishmadi, lekin keyinroq ko’rikdan o’tibdi va hozirda yaxshi ekan.

Amerika Ovozi: Husayn Jalil umr yo’ldoshingizning asl ismi emas, deyishyapti. Uning ismi hamisha Husayn Jalil bo’lganiga aminmisiz?

Komila Jalil: 7-8 yildan beri tanigan umr yo’ldoshimning asl ismi Husayn Jalil ekaniga aminman va buni butun uyg'ur va uning yurtida - Kashg’arda ham hamma biladi.

Amerika Ovozi: Turmush o’rtog’ingizning boshqa uyg’urlar bilan munosabatlari, ayniqsa, yetakchilar bilan muomalasi yoki o’rtada kechgan kelishmovchiliklar yoki bahslar haqida bilarmidingiz?

Komila Jalil: Turmush o’rtog’im uyg’urlarning ishiga ko’p aralashmas edi. Qo’ldan kelgancha yordam berar edi, ammo turli harakatlar va partiyalarning ishiga uncha qiziqmas edi. Hamma bilan kelishib ketadigan odam u.

Amerika Ovozi: Rahmat.

XS
SM
MD
LG