Breaking News

AQSh: Uyg'ur jangari Al-Qoidaning ishongan odami


Qo’shma Shtatlar bayon qilishicha Abdul Haq ismli uyg’ur jangari Xitoyda o’tgan yilgi yozgi Olimpiya o’yinlari paytida terror xurujlari uyushtirishga uringan.

Hozir bu shaxsga qarshi moliyaviy sanksiyalar qo’yilgan va Vashington nazarida Abdul Haq Sharqiy Turkiston Islomiy Partiyasi (Harakati) bosh qo’mondoni hamda Al-Qoida boshqaruv kengashining a’zosi.

37 yoshli bu shaxsning o’z safdoshlarini Yaqin Sharq mamlakatlariga yuborib, ularga mablag’ yig’ishni buyurgani gaqida aniq dalillar bor, deydi rasmiylar. Biroq Abdul Haqning hozir qayerda ekani noma'lum.

Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati, deydi agentlar, o’tgan yilgi Xitoyning Shanxay va Kanming shaharlarida avtobuslarni portlatgan.

Ularda besh kishi o’lgan edi.

O’tgan yilning avgust oyida Shinjonda yuz bergan portlashlarda Xitoy maxsus kuchlaridan 20 nafari ham halok bo’lgan.

Xitoy uyg’urlarni azaldan terrorizmdan ayblab keladi.

AQSh va BMT Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatini 2002 yilda terror guruhi deb e’lon qilgan.

Ko’pchilik uyg’urlar jangari guruhni qoralaydi. Jamoa yetakchilari deydiki uyg'ur ozodlik harakati ekstremizm bilan hech bir jihatdan bog’liq emas.

"Xitoy terrorizmni bahona qilib, bu millatni yo’q qilishga urinmoqda",- deydi Robiya Qodir, Jahon Uyg'urlari Kongressi rahbari.

XS
SM
MD
LG