Breaking News

Ahmad Rashid: Pokiston shimolida jangari o'zbeklar ko'paymoqda


Ham O’zbekiston, ham G’arb davlatlari tomonidan Tolibon qatorida yakson qilingan deya tilga olinuvchi va AQShning terror guruhlar ro'yxatiga kiritilgan O’zbekiston Islomiy Harakati O’zbekiston, Tojikiston va Qirg’iziston rahbarlariga hujum qilishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Bu borada harakat yetakchisi Tohir Yo’ldoshning o’zi audio yozuv tarqatgan.

Tohir Yo’ldoshning prezidentlar Islom Karimov, Kurmanbek Bakiyev va Imomali Rahmonovga qarshi hujum qilamiz, deya ogohlantirishi yuzasidan mintaqada hali biror rasmiy munosabat bildirilgani yo’q.

Ko’pchilikni ajablantirayotgan tomoni shu paytgacha infratuzilmasi zaiflashgan deb ta’kidlangan – O’zbekiston Islomiy Harakatining bu kabi xitoblar bilan chiqishi. AQSh-boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Afg’onistonda 2001 yil oxirida Tolibon hokimiyati qatorida islomiy harakatga ham katta zarba bergani haqida ko’plab dalillar mavjud. AQSh harakatning o’nlab a’zolari Kubadagi Guantanamo qamoqxonasida ekani haqida bildirib keladi.

O’zbekiston Islomiy Harakati juda kichik, avvaldan shunday kichik guruh edi, deydi tashkilot tarixi va maqsadlari haqida kitob bitgan pokistonlik jurnalist Ahmad Rashid. Uningcha, harakat qarorgohi hozir Pokistonning Afg’oniston bilan chegaradosh Vaziriston viloyatida joylashgan.

"Yaqinda Pokiston harbiylari va mintaqada Tolibonni quvvatlovchi guruhlar tinchlik bitimi imzoladi. O’zbekiston Islomiy Harakati ana shu toliblarga hayrihoh odamlar qanoti ostida. Harakat a’zolarining Markaziy Osiyoga borib keladigan yashirin yo’llari bor. Bu yo’llarning qayerdan o’tishini hech kim bilmaydi. Balki ikki yo’nalish, biri Pokistondan Eron, Erondan Turkmaniston orqali O’zbekistonga... yoki Pokistondan Afg’oniston orqali to’g’ri O’zbekistonga kirishyaptimi?"- deydi jurnalist.

Ahmad Rashid nazarida O’zbekiston Islomiy Harakatining o’zi ham turli xitob va tahdidlar qilib, biror narsaga erisha olmasligini biladi. Ularning qo’lidan ko’p narsa kelmaydi, ammo mintaqa xalqining iqtisodiy jihatdan og’ir ahvoli va O’zbekiston kabi davlatda siyosiy tazyiq kuchli ekanidan foydalanib, xalq ko’nglidan joy olishga urinmoqda, deydi jurnalist. Mintaqa iqtisodiy va siyosiy jihatdan erkinlashsa, O’zbekiston Islomiy Harakati kabi guruhlar o’z-o’zidan yo’qoladi, deydi Ahmad Rashid. Biroq so’nggi maqolalarida jurnalistning o’zi Vaziristonda mingga yaqin o’zbekistonlik bor, deb yozgan.

"Bu haqda menga AQSh harbiylari ma’lumot bergan. Shuncha o’zbekistonlik u yerga qaydan borib qoldi, deyishingiz mumkin, ammo Andijon voqealari ketidan o’zbek jangarilar ko’plab odamlarni mehmondo’stlik niqobi ostida olib kelishga muvaffaq bo’lgan. Hududda inson huquqlari tashkilotlari yoki boshqa xalqaro guruhlar deyarli ishlamaydi. Shunday ekan, bu kabi oqimlar haqida juda kam bilamiz. Pokiston ham, AQSh ham Vaziristonda yashirin muhojirlar ko’payganini biladi",- deydi Ahmad Rashid.

Yuqoridagi raqam haqiqatga qanchalik yaqin? Ahmad Rashid, bu son bo’rttirilgan bo’lishi mumkin, deydi. Ammo, muhim tomoni shuki, Vaziriston shimolida O’zbekistondan borgan oilalar, jamoalar bor. Buni mintaqada yaxshi bilishadi, deydi jurnalist.

“Muammo shundaki, Shimoliy Vaziristonga chetdan hech kim kira olmaydi, ayniqsa tahlilchi, kuzatuvchi tashkilotlar. Shunday ekan, asl haqiqatni bila olmaysiz”, - deydi Ahmad Rashid.

Pokiston hukumati bilan tuzilgan bitimga ko’ra, Tolibon uning hududida amerikalik va boshqa chet-elliklarga qarshi hujum uyushtirmaydi, ularni nishonga olmaydi.

Biroq bitimda mintaqadan turib, qo’shni hududlarga, jumladan Markaziy Osiyoda hujumlar rejalash man etilmagan. Xo’sh, O’zbekiston Islomiy Harakati qilayotgan tahdiddan mintaqa ahli qanchalik xavotirlansa bo’ladi? Tahlilchilar nazarida, qisqa muddatda bu tahdidni xavfsizlik kuchlarini shaylash orqali bartaraf etish mumkindir, biroq uzoq-muddatda muammo kaliti baribir iqtisodiy-siyosiy taraqqiyotga borib taqaladi.

XS
SM
MD
LG