Haj – islomning besh farzidan biri. Har bir musulmon umri mobaynida hech bo’lmasa bir marta bu ziyoratni ado etishi lozim.
Bu yili ham, dunyo miqyosida gripp kasalligi bilan bog’liq epidemik vaziyat murakkab bo’lishiga qaramay, uch million musulmon makkaga bordi, shu jumladan 12 ming amerikalik.
Safi Xon - Amerikadan borgan ziyoratchilardan biri.
"Allohga doimo xizmatingdamiz, amringga taslimmiz, nimaiki istasang shu, biz ojiz bandalaring deb aytamiz. Haj ziyoratini bajo keltirib, umrimizni oxirigacha Allohga bag’ishlaymiz. Bu har bir musulmon uchun farz",- deydi u.
Safi Xon hajga rafiqasi Samira bilan bordi. Haj bizni Allohga yaqinlashtiradi, deydi bu ayol.
"Ko’rinishi, kasbi-kori, yo’nalishi turlicha insonlarning yagona Allohga itoat etishini ko’rib, kishining qalbi quvonadi",- deydi u.
Ka’abaning musulmon dunyosida tutgan o’rni beqiyos. Bu ularning qiblasi va musulmonlar tavof qiladigan makon hamdir. Bu ibodatxonani Ibrohim payg’ambar qurgan deyishadi.
Baqir Imroniy - o’qituvchi. Haj ziyoratiga beshinchi marotaba kelishi. Insoniyat uchun eng muhimi hamjihatlik, deydi u.
"Dunyoda tinchlik-osoyishtalik bo’lsin deb duo qilaman, ayniqsa musulmon dunyosida. Chunki hozir eng ko’p aziyat chekayotgan ham ular. Uyimizga tinchlik olib kelish uchun aql-zakovat bersin. Parvardigordan tilagim shu",- deydi u.
Haj safari ancha tayyorgarlik talab qiladi. Kerakli hujjatlar, ancha pul va hozirgi sharoitda, albatta, vaksina.
Cho’chqa grippidan bir necha kishi o’lgani ma’lum. Ammo haj diniy amal bo’lgani uchun al-Saud qirolligi keskin cheklovlar joriy etmadi. Ehtiyotkorlik va H1N1 virusiga qarshi vaksina olish tavsiya etilgan.
Odil al-Farmavoniy amerikalik musulmonlarga haj safarini tashkillashtirishga yordam beradi. Ziyoratchilar uchun uy-joy, mehmonxona, hammasi muhayyo.
"Besh yulduzli dastur taklif qilamiz – bahosi 8 ming dollar. To’rt yulduzlisi ham bor – 5 ming dollar atrofida",- deydi u.
Shayx Irfan Kabir Eldin ziyoratchilar guruhiga bosh-qosh. Haj amallarini qanday bajarish bo’yicha maslahat beradi.
"Har bir amalning o’z hikmati bor, ularga tushuntirib beraman",- deydi shayx.
Samolyotga chiqar ekan, ziyoratchilar xudoga salovot aytishda davom etadi. Jidda shahriga yaqinlashgach, ayollar boshdan-oyoq o’ranadi. Erkaklar ham oq matodan tikilgan kiyimga o’tadi. Bu barcha gunohlarni yuvish uchun qo’yilgan ilk qadam.
Amerikada qariyb yetti million musulmon yashaydi va har yili 10-12 ming odam hajga boradi. Hojilar va hoji onalar bo’lib qaytishadi.