Germaniyada terror hujumi rejalaganlikda ayblanib qo’lga olingan kishilarning o’zbek jangarilariga, Islomiy Jihod Ittifoqi degan guruhga aloqasi borligi gumon qilinmoqda.
Tergovchilarning aytishicha, bu guruh nafaqat AQShning Germaniyadagi harbiy inshootlarini, balki O’zbekistonning bu davlatdagi elchixona va vakolatxonalarini ham nishonga olmoqchi bo’lgan.
Germaniya Termizda harbiy bazaga ega. Bazadagi uch ming askar Afg’onistonda xizmat qiladi.
Tekshuriv davom etmoqda. Yangi ma’lumotlar, yangi taxminlar…
Tahlilchilar nazarida O’zbekiston Islomiy Harakati kabi diniy tuzumni tashviq qilgan kuchlar hozirda mo’rt bir holatda.
Biroq undan yangi guruhlar paydo bo’lgan.
Jumladan Islomiy Jihod Ittifoqi, deydi musulmon jangarilari va terrorizm bo’yicha izlanuvchi, Angliyaning Kembrij Universiteti (University of Cambridge) doktoranti Kristofer Svift (Christopher Swift).
"Terrorchi tashkilotlar tez-tez bo’linib turadi. Bilishimizcha, Islomiy Jihod Ittifoqi o’ta radikal ruhdagi musulmon jangarilardan tuzilgan. Ular oxirgi marta O’zbekistonda 2004 yilda qator hujumlarni amalga oshirgan va shundan beri yo’qolib ketgan edi. Juda kichik guruh",- deydi Svift.
Tahlilchi yurtma-yurt harakatlanadigan bu jangarilar markaziy boshqaruvga ega emas deydi. Markaziy Osiyoda jangarilar bir tashkilotga birlashmagan.
"Islomiy Jihod Ittifoqi kabi guruhlar Xamas yoki Hizbulloh singari hududiy va etnik kurash olib borayotgani yo’q. Ular mafkuraviy kurashchilar. Ular bir yerda asoslanmagan",- deydi olim.
"Bu kurashchilar biror geografik hudud tanlamaydi. Ularning a’zosi har yerdan, har millatdan. Masalan, Germaniyada tutilganlarning ikkisi islomni qabul qilgan nemis, biri turk. Madrid, Londonni portlatganlar ham bir jamiyatdan chiqmagan".
Islom Karimov O’zbekistonda hokimiyatdan ketsa, beqarorlik vujudga kelishi mumkin deya ogohlantirayotgan International Crisis Group, bo’hronlarning oldini olish bo’yicha Brusselda asoslangan xalqaro tashkilot, azaldan Markaziy Osiyoda diniy ekstremizm emas, repressiv siyosat xalq hayotiga rahna solmoqda deb keladi.
"Biz vaziyatni yaqindan kuzatuvchi tashkilot sifatida hech qachon Markaziy Osiyoda terroristlar yo’q demaganmiz",- deydi tashkilot vitse-prezidenti Jon Grinvold (Jon Greenwald).
"O’zbekistonlik jangarilar hozir global terror tarmog’ida faoliyat olib borayotgani gumon qilinadi",- deydi Grinvold.
"Bu juda tashvishli hol. Lekin mintaqa hukumatlari terrorchi guruhlar mavjud tuzumga tahdid solmoqda deganda, buni o’z foydalari uchun bo’rttirib ko’rsatyapti deb tahlil qilganmiz".
Xalqaro tashkilotlar O’zbekiston hukumati yetarlicha ijtimoiy-iqtisodiy erkinlik bermagani, imkoniyatlar yaratmagani uchun ham odamlar ekstremist kuchlarga ergashmoqda deya tanqid qiladi.
Hizb-ut-Tahrir tashkiloti mintaqada aqidaparastlik urug’ini sochayotganlikda ayblanadi. Tahlilchilar fikricha, hukumatlar xalqni farovonlik bilan ta’minlay olsa, radikal diniy qarashlarni targ’ib qiluvchi tashkilotlar dunyoviy tuzumlarga bolta urolmaydi.
"Hizb-ut-Tahrir, diniy mafkuraga asoslangan tashkilot, lekin siyosiy kuchdek ko’rinadi",-deydi Svift. "Bu jangari tashkilot emas, ya’ni qurolli kuchga ega emas. Bu tashkilot xavf tug’dirmaydi deyayotganim yo’q. Lekin ularni terrorchi deb ta’riflash ortida rasmiy Toshkent, Moskva va boshqa hukumatlarning siyosiy manfaati yotadi. Bu hukumatlarning qarashini, menimcha, haqqoniy munosabat deya olmaymiz".
Xo’sh, bugun O’zbekistonda, qolaversa mintaqada odamlar dinga nisbatan, dinni bayroq sifatida ko’targan aqidaparast kuchlarga nisbatan qanday munosabatda?
Vashingtondagi Jons Xopkins Universitetida (Johns Hopkins University) doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlayotgan Alisher Hamidov yaqinda vatani Farg’ona vodiysida bo’lib qaytdi. Yosh tadqiqotchi fikricha, islom mintaqa hayotining bir qismi.
Odamlar unga o’zi istagan darajada sig’inadi va amal qiladi, deydi olim. Hamidov fikricha, xalq terrorizm hayotimizga xavf solmoqda deb yashayotgani yo’q, islom hayotimizni qanchalik yaxshilaydi deb o’ylanmoqda.
"Hozir O’zbekiston, Qirg’iziston va Tojikistonda jamoatlar degan yangi birlashmalar paydo bo’lgan. Mahalliy dindorlardan iborat, masjidlar bilan hamkorlikda tuzilayotgan kengashlar. Maqsad jamoatchilikka birgalikda yordam ko’rsatish. Farg’ona vodiysida bu jamoatlar keng olqishlanadi",- deydi Alisher Hamidov.
Rasmiy Toshkent bundan ancha xavotirda. Andijonda, deya eslatadi tadqiqotchi, aynan puldor dindorlar hukumatga qarshi harakatlarda ayblanib sudlangan va bu jamoatchilikning qarshiligiga sabab bo’lgan edi.
Bu jamoatlarning a’zolari o’ziga to’q odamlar, tadbirkor va savdogarlar. Ularning fikricha, agar hamma islomga rioya qilsa, jamiyatdagi muammolar asta sekin o’z-ozidan yechimini topadi.
Lekin bu kabi qarash, undash jamiyatni islomiylashtirish harakati emasmi? Diniy emas, dunyoviy tizimni ma’qul ko’ruvchi odamlarga bosim emasmi?
"Diniy jamoatlarga nisbatan mavjud fikrlardan biri shuki, agar erkinlik bersangiz, bu dindorlar ertaga hokimiyatni egalashga urinadi. Ikkinchi fikr, agar bu dindorlarga demokratik jarayonlarga aralashishga yo’l berilsa, ular o’zgaradi va o’z yo’lida erkinlashishi mumkin",- deydi Hamidov.
O’zbekiston kabi davlatlarda hukumat biz islomni qadrlaymiz deya bong urarkan, deydi u, dindorlarga ham quloq tutmoq zarur.
"Markaziy Osiyoda hukumatlar dinga hali ham “sovetcha” qaraydi. Eski qarashlarga asoslanib, siyosat yuritadi,"- deydi Hamidov. "Dindorlar, nohukumat tashkilotlar va jamoatchilik vakillari bilan maslahatlashgan holda ish yuritilsa, fikrimcha, ham hukumatga, ham uning siyosatiga nisbatan ishonch, hurmat oshadi".
Mutaxassislar terrorizm insoniyat dushmani deydi. Ayniqsa bugun, ular nazarida, terrorchi guruhlar tartibsiz, yurtma-yurt, etnik jihatdan xilma-xil ko’rinishda harakat qilayotgan bir paytda.
Odamlar nega terrorizm, zo’ravonlik orqali maqsadga erishishni ma’qul deb topmoqda?
Terrorga qarshi kurash, deydi siyosiy tahlilchilar, har bir hukumatdan ana shu savolga to’g’ri javob topishni va xavfni bomba portlashidan oldin emas, inson ongi zaharlanishidan avvalroq bartaraf etishni talab qiladi.