Amerika nainki orzu bo’lsa, ro’yobga chiqadigan diyor deyishadi. Bu zaminga qadam qo’ygan kishi xayolidan o’tadigan fikrlardan biri.
Yana bir qarash shuki, Qo’shma Shtatlar qonun ustuvor mamlakat. Inson borki, teng yaratilgan deb ishonadigan davlat.
Amerikaliklar o’zini tirishqoq, bag’rikeng va mehr-oqibatli insonlar deb biladi.
Bu jamiyatga har yili minglab yangi a’zo qo’shilar ekan, muhojirlarga nisbatan munosabat qanday?
Qo’shma Shtatlar haqiqatdan ham o'zga din va elatlarga toqat qiladigan mamlakatmi?
"Amerika Ovozi" o’zbekistonlik ayrim muhojirlarga shunday savol bilan murojaat qildi.
Har bir musofirning o'z qissasi bor
Muhojirlar va ularning taassurotlarini bir so’z bilan ta’riflash qiyin. Albatta, hamma o’z tajribasidan kelib chiqqan holda xulosa qiladi.
Kimdir talaba sifatida kelgan. Til bilgani, yosh bo’lgani uchun bu jamiyatda o’z o’rnini topib ketishga u qadar qiynalmagan.
Yana kimdir gap o’z o’rnini topishda emas, “baribir vatanga qaytaman. Maqsad bu yerda ishlab O’zbekistondagi oilamni boqish” deydi.
Katta yoshdagi immigrantlar uchun yangicha sharoitga moslashish qiyin. Hamma narsani noldan boshlash ularga qiyin kechishi sir emas.
Chet elga chiqqan kishida o’z millati, madaniyati va diniga nisbatan yangicha faxr ham paydo bo’ladi, deydi o’zbekistonlik yoshlardan biri.
“Amerikaga kelganimdan beri men o’zbek va osiyolik ekanimni ko’proq anglab yetayapman. Chunki bu yerda rasmiy qog’ozlarni to’ldirayotganingizda qaysi irq va millatga mansub ekaningizni yozishingiz shart”,- deydi u.
AQShda aholidan kelib chiqishi haqida so’rash, mutasaddilarning aytishicha, odamlarni ro’yxatga olishning bir qismi. Davlat uning hududida yashayotganlar haqida yaxshiroq bilishni, ularning kim ekanini tan olishni istaydi.
Ohayo shtatida tahsil olib, hozirda Nyu-Yorkda yashayotgan immigrant ayol nazarida ziyolilar Amerikada ancha tolerant, ammo intellektual doiralardan uzoqda, xalqaro hayot bilan uncha tanish bo’lmagan olis hududlarda muhojirlarga gumon bilan qarashadi, ulardan xavfsirashadi.
Lekin, deydi u, AQShda so’z va fikr erkinligi qadrlanar ekan, odamlar qayerda nima bo’layotganini biladi. Adolat istab sudga murojaat qilsa, uning dardi tinglanadi, qolaversa irqchilik hollari matbuotda keng yoritiladi.
Etnik mahallalarni har yerdan topasiz. Xitoy, koreys, yahudiy, hind, afg’on, fors, arab, turk deysizmi, rang-barang jamoalar…
“U yerda ingliz tilini bilmasdan ham Amerikada butun umr yashayotgan odamlar bor. Shunday bir cho’ntakchalar hosil bo’lgan. Umuman olganda tolerantlik bor”,- deydi immigrant.
O'zga yurt - o'zgacha turmush
Ayrim muhojirlar fikricha yangi hayot izlab keldingizmi, demak yangi shart-sharoitga ham ko’nikish kerak; yoqmasa, bu sizning muammoingiz.
"Agar siz bu yerga kelib ularning tiliga, yashash sharoitiga, madaniyati va urf-odatlariga hurmat bilan qaraydigan bo’lsangiz, shu hurmatni ko’rsatadigan bo’lsangiz, hech kim sizni oyoqosti qilmaydi yoki ko’kragingizdan itarmaydi. Sharoitga ko’nika olmasangiz, demak, bu yerda sizga o’rin yo’q”,- deydi Amerikada uch yildan beri yashayotgan Fazilat Ma'murova.
“O’zbekligingdan chiqib ket degan ma’noda aytayotganim yo’q. Lekin bu yerning ko’p jihatlari, masalan muomala madaniyati, ularning dunyoqarashi, tushunishi va tushuntirishi umuman boshqacha”.
Fazilat Ma’murova nazarida ajnabiylardan begonasirash - inson tabiatiga xos bir jihat. Hech kim uning ona tuprog’ini kimdir boshqa yurtdan kelib bosib olishini yoki uning madaniyati va turmush tarziga salbiy ta'sir qilishini xohlamaydi deya mushohada yuritadi u.
"Amerikani Amerika qilgan bu muhojirlar"
Bu yerda barcha elat va e’tiqod vakillarini topasiz. Hukumat ham, ko’plab fuqarolar ham ijtimoiy xilma-xillikka boylik sifatida qaraydi.
Muhojirlarga nisbatan munosabat ham shunga yarasha.
"Bu yerda hech kim kelib yuzingizga "Sen muhojirsan, o’z mamlakatingga ket” demaydi. Chiroyli gapirib, mamlakatida ekaningizdan xursand ekanini aytadigan odamlar bor. Lekin ikkinchi toifadagi odamlar ham borki, ular yuzidan bildirib qo’yadi. Muhojirsan, nimaga kelding bu mamlakatga, nima maqsading bor degan ma’noda",- deydi Fazilat Ma'murova.
AQSh Barak Obamadek qora tanlini prezidentlikka saylab irqiy tengsizlikdek mudhish illatdan qutulganini isbotladi deya qanchalik bong urilmasin, Bill Klinton singari sobiq prezidentlar fikricha bu jamiyatda diskriminatsiya chuqur muammo bo’lib qolmoqda. Irqiy nafrat aks etgan hollarga guvoh bo’lasiz.
Yaqinda Vashingtonda, Xolokost va yahudiylar tarixiga bag'ishlangan muzeyda yuz bergan hujum ko’pchilikni dahshatga soldi. Aniqlanishicha, oq tanlilar boshqa irq vakillaridan har jihatdan ustun deya ishongan va ayniqsa yahudiylarni dushman deb bilgan bir shaxs gavjum maskanga qurol bilan kirib, bir kishining hayotiga zomin bo'lgan. Voqea munozaralarga turtki berib, tolerantlik ahamiyatiga diqqatni qaratmoqda.
Bahrom Mirg’aniyev, AQShda uzoq yillardan beri yashayotgan o’zbekistonlik mutaxassis deydiki, bu jamiyatda chet elliklarga munosabat ancha ijobiy.
"Amerikani Amerika qilgan muhojirlar bo’ladi. Odamning o’ziga bog’liq, besh panja bir emas. Endi yaratgan
qayerda rizqimizni bergan bo’lsa, o’sha yerda yashaymiz-da",- deydi u.
Muhojirmisiz, fuqaromisiz, deydi Bahrom Mirg'aniyev, hayotim farovon bo’lsin, tanim sog’ bo’lsin, bolalarim o’sib ulg’aysin deysiz.
"O’zbekiston – vatanimiz. Amerikada rizqimiz bor ekan, shu yerda yashab ishlab yuribmiz. Biror muammoni ko’rganim yo’q. Farzandlarim shu yerda katta bo’layapti. Shunday ekan bu jamiyat taraqqiyoti uchun kurashishimiz kerak albatta”.
Ko’pchilikni Amerikaga yetaklaydigan sabab bu imkoniyatlar. Ulardan unumli foydalanish va mehnatning rohatini ko'rish uchun, deydi muhojirlar, keng doirada o'ylashga, birdam va bag'rikeng bo'lishga majbursiz.