Uch yil oldin AQShning Yangi Orlean (New Orlean) shahri Katrina to'foni ostida qolib ketgan, butun shahar suv bilan qoplanib, aholi qattiq aziyat chekkan edi.
Tabiiy ofat dahshatini boshdan kechirganlar orasida qozog'istonlik bastakor, o'sha damlarda Yangi Orleanda o'qib yurgan Kadisha Onalbayeva ham bor edi.
Kadisha o'smir qizi va cholg'u asboblarini oldi-yu, Luiziana (Louisiana) shtatining boshqa bir burchagi - poytaxt Baton Rujga (Baton Rouge) ko'chib, yangi hayot boshladi.
Shu kunlarda Luiziana yana ketma-ket to'fonu dovullar bilan yuzlashar ekan, shtatda, xususan, Baton Rujda ahvol og'ir.
Kadisha, qariyb olti yildan beri to'fon ostida yashab kelayotgan sozanda, Qozog'istonning Chimkent viloyatida ulg'aygan, Almati musiqiy dargohlarida talantli ijrochi sifatida tanilib, maxsus grant orqali Amerikada kelgan bu juvon uchun dovul va jala - kundalik yangilik.
"Baton Rujda 40 foiz aholi chiroqsiz kun ko'rmoqda. Chunki ketma-ket urgan dovul tarmoqlarni tuzatishga yo'l bermaydi. Uyimni suv bosgan. Hukumat tabiiy ofatga tayyor turinglar deb ogohlantiradi, ammo tayyor turganimiz bilan nima ham qila olar edik",- deydi Kadisha.
"Katrina to'foni oqibatida bor-butimdan ayrilgan edim. O'tgan uch yil davomida nima orttirgan bo'lsam, bu yilgi dovullar mavsumida hammasi suv bilan yuvilib ketdi".
Kadishaning tasvirlashicha, tabiiy ofat bilan yuzlashayotgan hududlarda do'konlar bo'shab qolgan. Oziq-ovqat taqchil.
"Rasmiylar ahvol yomon emas, odamlar to'fonlardan qanday saqlanishni biladi deb bong urmoqda, ammo turmush izdan chiqqan, bunga mana o'zim guvohman",- deydi Kadisha Onalbayeva.
Shu yilning o'zida Meksika ko'rfazi bo'yidagi Luiziana shtati uch to'fonga uchradi.
O'tgan hafta Gustav xuruj qilgan bo'lsa, bu hafta Ayk degan dovul yaqinlashmoqda. Soatiga tezligi o'rtacha 200 kilometr bo'lgan bu to'fonlar millionlab aholini uy-joyini tashlab chiqishga majbur qilgan.
Mintaqa kuchli shamollarga o'rganib qolgan. Eng yomoni, dovul olib keladigan toshqinlar.
Hududni ona vatan deb biladigan insonlarni tushunsa bo'ladi, ammo Kadishadek chet elliklar nega boshqa shtatga ko'chib ketmayapti? Nega doimiy vahimada yashamoqda? "Noyob imkoniyatlar",- deya javob beradi Kadisha.
"O'qishni bitirib olsam bo'lgani. Qo'shma Shtatlarda uzoq yillardan beri yashayman. Magistraturani ham shu shtatda, Luizianada, o'qiganman. Doktoranturani Kaliforniya va Nyu-York kabi joylarda qilishim mumkin edi, biroq Luiziana Davlat Universitetida menga Maykl Gurt (Michael Gurt) degan mashhur pianist - daho desak arziydi - iste'dodli bir bastakor murabbiylik qilmoqda. Universitet menga katta moliyaviy yordam ajratgan. Bunga yo'q deyish qiyin. Hamma joyning o'ziga yarasha tosh-u tarozisi bo'larkan. Chidayapmiz va umid qilayapmiz",- deydi Kadisha Onalbayeva.
Uning 16 yoshli qizi Malika bugun tabiiy ofatdan azob chekkan qariyalarga va nochor oilalarga yordam beruvchi guruhda ishlaydi. Kadishaning o'zi ham ko'ngilli xizmatchi.
"Dars va konsertlardan bo'sh paytda ijtimoiy foydali mehnat bilan bandmiz",- deydi u.
Kadisha Onalbayeva bugun G'arbda mumtoz musiqa yulduzlaridan biri. Amerika bo'ylab solo-yakkaxon konsertlar bergan, dunyo miqyosida turli festivallar qatnashchisi va sovrindori. Uning asarlari xalqaro sahnada yuqori baholanadi.
Amerikada prezident saylovlari yaqinlashar ekan, nomzodlar u yashayotgan shtatni tez-tez kezib, odamlar bilan suhbat qurmoqda.Kadishaning fikricha, amerikaliklar respublikachi Jon Makkeyn va demokrat Barak Obamani birdek hush ko'radi.
"Odamlar qaniydi ikkisining bizga ma'qul taklif va g'oyalarini o'zida mujassam etgan nomzod bo'lsa deb afsuslanishadi",- deydi Kadisha. "Shu bois ularning saylanish nisbati 50/50 degan bo'lardim",- deydi u.
Prezident Jorj Bush ham shtatga bir necha bor safar qilib, aholiga katta ko'mak va'da qilgan. Ammo, deydi Kadisha, amerikaliklar hukumatning hamma va'dalariga ham ishonavermaydi.
"Iqlim og'ir. Havo juda issiq va dim. Ko'cha bilan uyning farqi yo'q. Siyosiy e'tibor bilan odamlarning hayoti yaxshilanib qolmayapti. Bor-yo'g'idan ayrilgan odamlar bilan yonma-yon yashash juda qiyin. Ko'pchilik ruhan ezilgan, tushkunlikka tushgan. Lekin odam zoti ko'p narsaga chidar ekan. Mayli bu kunlar ham o'tar ketar, tabiat qudrati, nima ham qila olar edik deb o'zini yupatishadi. Balki men ham o'sha odamlardan biridirman. Insoniyat axir qancha qancha mushkulotlarga bardosh berib keladi",- deydi Kadisha.Qozog'istonlik bu ayol Amerikada o'zini ajnabiy deb hisoblamaydi.
"Alamni musiqadan olayapman. Sarguzashtlarga boy bu hayot tafsilotlari men yozayotgan musiqada o'z aksini topmoqda",- deydi Kadisha Onalbayeva.