Prezident Barak Obama kecha Luiziana shtati, Yangi Orlean shahrida bo’lib, Katrina to’fonining besh yilligini yodga oldi. Tabiiy ofat hududni xonavayron qilib, taxminan 1800 odamni hayotdan olib ketgan, 125 milliard dollarlik zarar ko’rilgan edi.
Prezident Obama nazarida Yangi Orlean qayta oyoqqa turmoqda. Shahar endi vayrona emas. “Unda yangilanish kayfiyatini sezish mumkin. Katrina asoratlarini butunlay tugatmaguncha bo’sh kelish yo’q”, - deydi Obama.
“Ofatda nafaqat tabiatni, balki hukumatni ham, zaif va sust harakatlarni ayblash zarur”, - deb hisoblaydi prezident. Oqibatda yuzlab odamlar, bolalar boshpanasiz qolib, yaqinlaridan ayrilgan.
Katrina to’foni AQSh hukumati uchun katta sinov bo’lib, tizimdagi nuqsonlarni namoyish etgan. Falokatdan bir necha hafta o’tib ham yuzlab odamlar yegulik, boshpanaga muhtoj edi.
Katrina va u olib kelgan toshqin Yangi Orlean shahrida infratuzilma, tabiiy ofatdan himoya choralari qanchalik eski ekanini ko’rsatgan.
Prezident Obama shaharda toshqinning oldini oluvchi tizimni qayta qurishga va’da bermoqda. Qurilish-ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan va kelasi yilga qadar bitadi. Har yili to’fonlar mavsumiga chidamli tizim bo’ladi bu, deydi Obama.