Breaking News

Yangi Orleanda yangi davr


Yangi Orleanning ayrim qismlari endi yo'q
Yangi Orleanning ayrim qismlari endi yo'q

2005-yil 29-avgust kuni Qo’shma Shtatlarning janubi-sharqiy sohili 12 soat davomida kuchli to’fon urib, Yangi Orlean shahri suv tagida qolib ketgan edi. Soatiga 233 kilometr tezlikda esgan shamol 1700 odam hayotiga zomin bo’ldi, yuz minglab odamlar boshpanasiz qoldi. Oradan yetti yil o’tdi, shahar hamon tiklanmoqda.

Katrina nomini olgan ofat Yangi Orlean shahrini yer bilan yakson qilgan. 200 ming uydan 120 mingtasi vayron bo’lgan. Hududning 80 foizi suv ostida qo’lgan.

“Shaharni suvdan himoya qiluvchi to’g’onlar to’fonga bardosh bera olmagan”, - deydi Jon Bigune, Amerikaning atoqli adiblaridan.

U Katrina oqibatlari haqida ko’plab asarlar yozgan. Tabiiy ofat shahar ahlining ko’zini ochdi, deydi u.

“Suv sathi qayergacha ko’tarilganini bemalol ko’rish mumkin edi. Suv to’g’onlar ustidan o’tmagan. Aksincha, himoya tizimi pastdan buzilgan. Buning sababi shuki, to’g’onlarni qurishda yetarlicha po’lat ishlatilmagan”.

Himoya tizimini qayta tiklash uchun 14 milliard dollar sarflandi.

Shaharning boshqa qismlaridagi qurilish uchun ham milliardlab dollar ajratildi.

Yangi Orlean qayta oyoqqa turishini taniqli fotograf Frenk Rell birma-bir tasvirga tushirmoqda.

Natijalar kutilganidek emas, deydi u.

“Mana bu yerda yangi kutubxona qurilyapti. Ayni vaqtda odamlar uylarini tiklash bilan ovora. Mana bu uyni Katrina yo’q qildi. Yer bilan yakson bo’ldi. Bu yerda hamon suratlar bor. Mana qarang, kimningdir tug’ilganlik haqidagi guvohnomasi…”,- deya ko’rsatadi Rell.

Jekson maydoni, Yangi Orlean
Jekson maydoni, Yangi Orlean
Shahar tiklash uchun butun mamlakatdan hasharga kelishdi. Yangi Orlean ko’plarning yangi vataniga aylandi.

Milo Dimgan shulardan biri:

"Hozirgi vaqtda Yangi Orleanda yashash va ishlash juda qiziq. Qurilish ishlari ketyapti. Turli loyihalar amalga oshirilyapti­. Qayta tiklashning eng jadal bosqichidan o’tib bo’ldik. Endi esa barqaror, uzoq muddatli strategik reja vaqti keldi”.

Jon Bigune Yangi Orleanda kambag’allar soni kamayganini aytadi. Sabab - uylarini qayta qurishga qurbi yetmaganlar shaharga qaytmadi.

“Shahar ilgariga qaraganda biroz boyroq, biroz yoshroq. Aholi orasida oq tanlilar ko’paydi. Boshqa joylardan kelayotganlar ancha. O’zgarishlar katta. So’nggi olti yil ichida jahannamni ko’rgan, boshdan kechirganlar ko’p”,- deydi adib.

Frenk Rell fikricha, bu - qahramon shahar.

“Ijodkor sifatida bir narsa meni o’ylantiradi: mehr-oqibat oshishi uchun falokat bo’lishi shartmi?... Ishimdan maqsadim - suratlar orqali odamlar dardini aks ettirish. Ularga umid baxsh etish. Ularni ogohlikka undash”,- deydi Rell.

“Biz hammamiz, jumladan men ham, ajralish nimaligini shu faokatdan keyin boshqacha tushunadigan bo’ldim”,- deydi Jon Begune.

“Menimcha, tirik qolganlar birdamlikka intilib, bir-birini qadrlay boshladi”.

Katrina to’foni shu tariqa Yangi Orleanni tubdan yangiladi. Shaharning kattagina qismi yo’q bo’lib ketdi. Qurilish ishlari hali ancha davom etadi. Manzara kun sayin o’zgarmoqda.

Shahar ahli kelajakka ishonadi, lekin oldinda hali sinovlar ko'p.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG