Shu yilning 30 avgustida AQSh janubini urgan qudratli Katrina to’foni, mintaqa aholisi hayotini qaqshatdi. Xalq moddiy boyligidan ayrildi . Odamlar ruhiy tushkunlikka tushdilar. Ayni damda Luiziana Davlat Universitetida kutubxonachilik va axborotshunoslik fanlari bo’yicha magistrant, AQSh Davlat departamentining Edmund Maski stipendiyasi sohibi, tojikistonlik talaba Rustam Mirzashirinov ana shu tabiiy ofatni o’z ko’zi bilan ko’rib, uning dahshatini boshdan kechirdi.
Bir umrlik orzusi nihoyat ro’yobga chiqib, Rustam yozning jazirama issiq kunlarida Amerikaning Luiziana shtati poytaxti Baton Rujda o’qiy boshladi. Xushmanzara sohillari bilan tanilgan Meksika ko’rfazi uning ko’ziga jannatning o’zginasi bo’lib ko’ringan edi.
Bu sokin to’lqinlar bir necha kun ichida nafaqat qirg’oqni balki bir paytlar Frantsiya mulki bo'lgan, yuzlab yillik tarixga ega toshdan bitilgan qator shaharchalarni ham yuvib ketishini, ularni suv-osti dunyosiga aylantirishini Dushanbeda katta bo’lib, fuqarolar urushi davrida esini tanigan yosh yigit qaydan ham xayoliga keltiribdi, deysiz.
“Darslar 22 avgustda boshlangan edi. O’qishning birinchi haftasidayoq bizni to’fon yaqinlashayotgani haqida ogohlantirishdi,”- deydi Rustam. “26 avgust kuni mashg’ulotlarni bekor qilindi va barcha muassasalar yopila boshladi. Hamma to’fonga tayyorlana boshladi.”
To’fon yaqinlashayotganidan vahimaga tushgan xalq katta do’konlarga yopirildi. “Men ham zarur narsalarni sotib olish uchun borganimda rastalar bo’shab qolgan edi,”-deydi Rustam. “Supermarketda navbatda turgan xaridorlar soni shu qadar ko’p ediki... Rastalar bo’m-bo’sh edi. Iloji boricha hamma zarur narsalarni xarid qildik-da, uyga qaytib, to’fonni kuta boshladik.”
“Umrimda to’fon nimaligini ko’rmaganim uchun uncha qo’rqqanim yo’q; to’g’risini aytsam, tezda o’tib ketadigan qattiq shamol, deb o’yladim,”- deydi Rustam. Ammo, 28 avgust kuni kechga yaqin osmonni qora bulutlar qoplay boshladi. Ularning bunchalik tez harakat qilishini birinchi marta ko’rdim, keyin esa shiddatli yomg’ir quydi,"- deydi suhbatdoshimiz:
“Bu to’fonning boshlanishi ekan, xolos. 29 avgust erta bilan shamol kuchayib, bo’ronga aylandi. Xuddi borliq o’pirilayotgandek ko’rindi. Biz uydan chiqmasdan o’tirdik.”
Rustam yashayotgan Baton Ruj shahriga to’fon undan 128 kilometr janubda joylashgan Yangi Orlean shahrida bo’lganidek kuchli kelmadi. Elektr quvvati boshqa joylarda o’chsa-da, universitet yorug’ turdi. Chunki, deydi Rustam, uning oliygohi to’fon jabrdiydalari uchun vaqtincha boshpanaga aylantirildi.
“To’fon tingach, ko’chaga chiqdim. Atrofda hech zodni ko’rmasdingiz. Daraxtlar qulagan... manzara bombardimondan keyingi ahvolni eslatar edi.”
Universitet binolari tabiiy ofat jabrdiydalari bilan to’lib ketdi. Rustamning aytishicha, harbiy vertolyotlar har 5-10 minutda chetdan odam olib kelishar va ular saqlanayotgan joylarga tashqaridan hech kimni, hatto matbuot xodimlarini ham kiritishmas edi. Lekin, deydi u , jabrdiydalarning ko’pi ular uchun ajratilgan zonadan chiqib, universitet kutubxonasida Internetdan foydalanishar, qolaversa, o’qishi to’xtab qolgan Rustam kabi talabalar bilan dardlashar edi. To’fondan ikki hafta o’tib, ahvol ancha o’zgardi. Darslar qayta boshlandi va to’fon jabrdiyalari asta boshqa joyga ko’chirildi. "Vaziyat yaxshilanmoqda,"- deydi Rustam.
“Hozirda hammasi qayta o’rniga tushyapti. Xuddi hech narsa bo’lmagandek... Universitetimda Yangi Orleandagi oliygohlardan ko’chirilgan talabalar ko’p. Ularga bu yerda o’qish uchun yordam berishyapti.”
Rustam Katrina to’foni kelgan mintaqada u va Markaziy Osiyodan yana uch talaba borligini aytadi. Unga homiylik qiluvchi IREX no-hukumat tashkiloti talabalarga tabiiy ofat davrida yetarli yordam berdimi, deb so’raganimizda, Rustam “Albatta, bo’lmasachi,”- deb javob qiladi. “IREX biz bilan telefon va elektron pochta orqali doimiy aloqada. Bundan tashqari birato’la olti-oylik stipendiyamizni berdi.”
Ikki hafta davomida ham telefon, ham Internet orqali bog’lanish qiyin kechgani sabab, “Amerika o’g’limizga iliq quchoq ochmadi, deya qattiq xavotirga tushgan ota-onamni tinchlantirish oson kechmadi,”- deydi Rustam.
“Dushanbeda oilam televizorda Yangi Orleanda nima bo’lganini ko’rib, juda xavotirlanishdi. Luiziana, Luziana deb qayta-qayta aytgan sari ular ham yanada kuyina boshlashgan. Chunki, bilishadiki, men shu shtatdaman.”