Geologlarning aytishicha, ular Janubiy Osiyo katta zilzila xavfi ostida ekanini oldindan bilganlar, biroq uning qachon sodir bo’lishi jumboq edi. Himoloy tog’lari 150 million yil ilgari hindistonchalik katta bir yer parchasining Antarktikadan ajralib chiqishi hamda shimol tomonga o’gib, Osiyo qit’asiga kelib urilishi natijasida vujudga kelgan. Olimlar nazarida, Janubiy Osiyoda yer Shimoliy Osiyo tomon yiliga ikki santimetr masofada siljib bormoqda. Bu esa zilzilalarga sabab bo’lmoqda.
Xarli Bens AQSh geologik tadqiqotlar va zilzilalar axborot markazida ishlaydi.
- Deformatsiya holati ming kilometrajga teng juda katta hududda sodir bo’lmoqda. Yer ko’p joylarda o’zining shaklini o’zgartirmoqda va siljish hollari kuzatilmoqda,- deydi janob Bens.
Zilzila yuz bergan joylarga misol qilib Kaliforniyadagi 1,300 kilometrlik San Andreas hudidini olsa bo’ladi. Kaliforniya Universitetining fizika va muhandislik bo’yicha professori Jon Rundl kompyuterda maxsus programma ishlab chiqqan.
- Programmani ishga solgandan keyin, o’tmishdagi yer siljishlarining qanday bo’lganini bilish mumkin bo’ladi,- deydi janob Rundl.
Doktor Rundl sun’iy yo’ldosh yordamida olingan axborotdan San Andreasdagi minglab yillar davomidagi zilzila harakatlarining qanday bo’lganligini aniqlashda foydalanib, model tuzgan. Kelajakda ana shu musxaga qarab zilzilalarni to’fonlarga o’xshab oldindan aytib berish imkoniyati bo’ladi.
- Maqsadimiz – modeldan bashorat qilishda foydalanish. Keyin esa uni mukammalashtirib, zilzilaning vujudga kelish jarayonini bir necha oy yoki bir-ikki yil oldin kuzatish imkoni bo’ladi,- deydi janob Rundl.
Doktor Rundlning aytishicha, bir necha o’n yildan so’ng jahonning uchdan bir qismi seysmik faol nuqtalarda yashashi mumkin. Biroq professorning umid qilishicha, u paytgacha maxsus kompyuter programmalari Janubiy Osiyodagi singari katta talafotlarning oldini olishga yordam beradi.