Breaking News

Katrina urgan hududlarda majburiy evakuatsiya hali ham davom etmoqda


AQSh janubini Katrina nomli qudratli to’fon urganidan beri 10 kun o’tdi, ammo bu tabiiy ofat zarar yetkazgan hududlardan aholini evakuatsiya qilish ishlari hali ham avjida. Katrina to’fonidan eng ko’p zarar ko’rgan Yangi Orlean shahridan o’tgan kunlar ichida o’n minglab odamlar boshqa joyga ko’chirildi.

Jabrdiydalar Amerika janubi bo’ylab, turli shaharlardan vaqtincha boshpana berilyapti. Kimdir bag’ri keng oilalar tomonidan, kimdir cherkov va hayriya tashkilotlari tomonidan mehmon qilinyapti, boshqalar esa turli kompaniyalar va firmalar yordami bilan vaqtincha boshpana topgan. AQSh Favqulodda Xizmat Boshqarmasi direktori Maykl Braunning aytishicha, evakuatsiya qilingan kishilarning hammasiga ikki ming dollarlik elektronik bank kartochkalari beriladi.

“Maqsad ularning qo’liga pul tutqazish. Bu bilan ularga kuch-quvvat beryapmiz. Odamlar o’zlariga zarur narsalarni sotib olishlari mumkin. Hayotlarini qaytadan boshlash uchun kerakli qarorlar qilishda bu moliyaviy yordam juda qo’l keladi,”- deydi favqulodda xizmat boshqarmasi direktori Braun.

AQSh rasmiylariga ko'ra, Yangi Orleanda hali ham 10 mingga yaqin odam bor. Ayni damda Yangi Orlean shahrining har bir ko’chasi, qolaversa har bir burchagi nazorat ostida, deyishadi mahalliy mutasaddilar. O'n kundan beri elektr quvvatisiz, oziq-ovqatsiz yashash, albatta, oson emas. Shu sabab ham boshida uyini tashlab ketishni istamagan odamlar endilikda turli yo’llar orqali qutqaruvchilar bilan bog’lanib, shahardan vaqtincha chiqib ketyapti. Buning ustiga, hamma zudlikda evakuatsiya qilinsin, degan buyruq hali ham kuchda.

Yangi Orlean shahar politsiyasi boshlig’i Edvin Compass, shahar tamoman bo'shatiladi, deydi. “Ko’ngilli ravishda evakuatsiya qilishni istagan minglab odamlar bor. Bor imkoniyatdan foydalanib, ularni xavfsiz va toza joyga ko’chiryapmiz,” -deydi janob Compass.

AQSh qonun chiqaruvchilari va boshqa yuqori lavozimli rasmiylar, Katrina to’foni keltirgan zararni qoplash uchun kamida 150 milliard dollar kerak bo’ladi, deb taxmin qilishmoqda. Prezident Bush Kongressdan qayta tiklanishning ilk bosqichi uchun 40 milliard dollardan ziyod pul ajratishni so’ramoqda.

AQSh Kongressi tabiiy ofat keltirgan zararni qoplash uchun, ya’ni tiklanishning ilk bosqichi uchun, 51,8 milliard dollar ajratdi. Katrina to’foni qoldirgan vayronalarni tiklash, mol-mulki, qolaversa, hayoti poymol bo’lgan odamlarga yordam berish uchun hali katta xarajatlar qilinadi, deyishmoqda ba’zi qonun chiqaruvchilar.

Mablag’ ajratishga kelganda, demokrat va respubkilachilar bir yoqadan bosh chiqaryapti. Ammo, to’fon urgan mintaqani qanday tiklash borasida, hamma turlicha qarashga ega. Masalan, Senatdagi demokratlar sardori, Garri Rid, qayta tiklashda xuddi Yevropa Ikkinchi Jahon Urushidan keyin qanday tiklangan bo’lsa, shunday ish tutish zarur, deb bong urmoqda: “Biz Yangi Orlean shahrini qayta qurish uchun Marshall plani singari yirik reja bilan chiqishimiz lozim.”

Demokratlar Bush rahbariyatini tabiiy ofat zararini oshirganlikda, uning xavfini ko;ra bilmaganlikda keskin tanqid qilishmoqda. Demokrat senator Tom Karper deydiki,
“Agar hukumat Yangi Orleanga kerakli yordamni o’z vaqtida yetkazganida va to’fondan oldin, zarur choralar ko’rilganida, hozirda yuzlab milliard emas, balki o’nlab milliard dollar sarflayotgan bo’lardik. Minglab odamlarni emas, balki yuzlab odamlarni yo’qotgan bo’lardik.”

Hozirda AQSh Vakillar Palatasi va Senat birgalikda maxsus qo’mita tuzigan bo’lib, u tabiiy ofatga nisbatan kim, nima, qachon va qayerda xato yoki loqaydlik qilganini ko’rib chiqadi. Xulosa 2006 yilning 15 fevraligacha e’lon qilinishi kutilmoqda.

To'fon jabrdiydalariga yordam berishda diniy tashkilotlar muhim rol o'ynamoqda. Asosan nasroniy jamg'armalar va muassasalar faollik ko'rsatayotgan shu kunlarda, Amerika-Islom aloqalari kengashi boshchiligida tuzilgan AQSh musulmonlari koalitsiyasi Katrina to’foni jabrdiydalari uchun 10 million dollar ajratganini ma’lum qildi.

“Islomiy tashkilotlar hozirda jabrdiydalarga qaysi sohalarda yordam berish kerakligini o’rganib chiqmoda va shunga qarab, to’fondan zarar ko’rganlarga musulmonlar jamoasi nomidan ko’maklashamiz,”-deydi Amerika-Islom aloqalari kengashi matbuot kotibi Ibrohim Xuper.

Koalitsiya Shimoliy Amerikadagi sakkiz yirik musulmon tashkilotlarini birlashtirgan va ularning ko’pi hayriya ishlari bilan mashgul.

“To’fon urgan hududlarda qutqaruvchilik yoki ko’ngilli xizmat qilayotgan musulmonlar ko’p. Hozirgacha ular bergan ma’lumotlarga qarab, ikki million dollar mablag’ berdik,”-deydi AQSh musulmonlar jamoasi vakili Ibrohim Xuper.

Hozirda Amerikada yetti millionga yaqin musulmon istiqomat qiladi. Ularning ko’pchiligi AQSh fuqarolari va doimiy yashash huquqiga ega kishilardir.

XS
SM
MD
LG