Fort Xud bazasida xotira marosimlari
Amerika ahli Texasning Fort Xud harbiy bazasidagi qatliomda halok bo’lgan 13 askarini yodga olmoqda. 15 ming kishi ishtirok etgan marosimda har bir askarning hayoti, el-yurt himoyasi yo’lida ko’rsatgan xizmatlari tilga olindi.
Prezident va uning rafiqasi qatorida qurolli kuchlar a’zolari, o’lganlarning yaqinlari turdi.
Bevaqt ketganlarning har biri, deydi Barak Obama, umrini mamlakat himoyasiga ba’gishlagan jasur insonlar.
"Qolaversa, farzandlari atrofida parvona otayu-ona, umr yo’ldosh, kimningdir jigarbandi. Ularning jasorati qalbimizda abadiy qoladi", deydi AQSh prezidenti.
"Tinchlik soyasida botgan har bir kunimiz, Amerika bayrog’i hilpiragan har tong, bizga in’om etilgan hayot, erkinlik va osoyishtalik - ulardan bizga meros",- deydi prezident.
Barak Obama qatliomni amalga oshirgan 39 yoshli mayor, musulmon harbiy ismini tilga olmadi. Har bir din zo’ravonlikni qoralaydi, deydi u.
"Xulosa qilishga shoshmaylik. Bu fojiaga yetaklagan sabab-omillarni hali o’rganish kerak. Lekin shunisi aniqki, hech bir e’tiqod vahshiy qotillikni oqlamaydi. Adolat albatta qaror topadi. Jinoyatchi bu dunyoda ham, narigi dunyoda ham qilmishlari uchun javob beradi",- deydi Obama.
Etiklar, qurollar va shlemlar qarshisida 13 harbiyning portreti. Ularning yaqinlarini yupatish, hamdardlik bildirish oson emas. Jang maydoniga shaylanayotgan bu amerikaliklar o’lim bilan urushda emas, ona zaminda, eng mahkam bazalardan birida ro’baro’ keldi.
Harbiylar orasida tushkunlik
Vatanida, tug'ilib o'sgan yurtida, aql bovar qilmaydigan vaziyatda jon bergan askarlarning yaqinlari hamon karaxt bir ahvolda.
Fort Xud bazasida tushkunlik hukm surmoqda. Lekin xizmat ekan, zobitlar bir zum tinchimaydi, bo’shashish mumkin emas.
Mana bu ayollarning o’g’illari xorijda xizmatda. Ular Texasning turli burchaklaridan kelib, askarlar va ularning oilalariga hamdard bo’lmoqda.
Ronda Lin Andersonning ikki o’g’li jangchi.
“Nima ham derdim. Ikki og’iz shirin so’z aytib, barini bag’rimga bosaman-da. Qo’limdan kelgani shu. Mening o’g’illarim ham urushda. Birovning boshiga tushmasin ekan”,- deydi ona.
Keti Kanfildning farzandi ham askar. Fort Xuddagi fojea harbiy xizmatni tanlagan har bir ayol va erkak hayotiga ta’sir qilishi aniq deydi u.
“Bu qiz-yigitlar tashqi dushmanga qarshi kurashib o’rgangan. Biroq safdoshing, birodaring senga qarata o’t ochsa, bu qandoq bo’ldi”?
Jamoatchilik marhum zobitlarning yaqinlariga hamdardlik izhor etib, ularga ruhiy va moliyaviy yordam taklif qilmoqda.
Bunday yordam, samimiy so’zlar odamga taskin beradi, ammo zobit qiz-yigitlar ko’pincha dardini ichga yutib o’rgangan.
Fort Xud ahli uchun motam marosimlari odatiy hol.
So’nggi bir necha yilda baza 545 nafar askarini Iroq va Afg’onistondagi janglarda boy bergan.
Kris Lav ham urushda bo’lgan. “Ammo yurtimda bunday holat bilan ro’para kelishimni bilmagan edim”, deydi u.
“Odam dahshatga tushadi. Urushdan qaytib, endi dam olsa bo’ladi, hadeb u yoq-bu yoqqa alanglash shartmas, yov uzoqda, endi vatandaman deb o’ylaysan. Urush dahshatlarini unutishga harakat qilasan. Ammo yurtingda mana bunaqa ish bo’lib turgandan keyin, qo’rqib ketadi kishi. Ayniqsa yangi askarlarga qiyin”,- deydi zobit.
Serjant Perri Osbornning aytishicha, xavotirga o’rin yo’q, hozir baza xatarsiz. Bunaqa hujum boshqa takrorlanmaydi.
“Bu voqeani deb qo’rquvga tushish yaramaydi. Tushunayapsizmi? Kurashish, ishonish kerak”,- deydi u.
AQSh xalqi ko’ksiga urilgan bu xanjar izi hali beri bitmasligi aniq. Undan saboq olib, oldinga intilmasdan iloj yoq.
Nidal Malik Hasanni jinoyatga yetaklagan sabablar...
Harbiy psixiatr, mayyor Nidal Malik jarohatlardan ancha tuzalib, tergovchilar tomonidan savolga tutilmoqda. Uning xorijdagi ekstremistik guruhlar bilan qanchalik yaqin aloqada bo’lgani tekshiruv ostida.
Savol va taxminlar bir dunyo. Texasdagi harbiy baza, xavfsizlik eng mustahkam bu istehkomda qonli fojia ro’y berganiga ishonish qiyin.
"Bu mudhish jinoyatning tagiga yetamiz. Oldini olish mumkin edimi deb so’rayapmiz",- deydi baza qo'mondoni, general-leytenant Robert Koun.
Bundan bir yarim yil oldin Nidal Hasan armiya safida xizmat qilayotgan musulmonlarni Iroq va Afg’onistondek joylarga, urushga yubormaylik, bu yaxshilik bilan tugamaydi deya ogohlantirgan. O’zi Afg’onistonga jo’nash arafasida edi.
Jon Espozito, islom bo’yicha qator adabiyotlar muallifi, uning taklifini shunday izohlaydi.
"Aksar dinlarda birovni o’ldirma deyiladi. Dindoshni o’ldirish esa ikki karra gunoh", - deydi olim.
Nidal Hasan AQShda Yamanga ko’chib ketgan radikal imom Anvar al-Avlakiy bilan aloqada bo’lgan. Al-Avlakiy o'z veb sahifasida G’arbga qarshi bayonotlar qilib turadi. Musulmonlarga boshqa dinlarga qarshi jihodga chaqiradi.
Imom Nidal Hasanni “vijdon amriga bo’ysungan qahramon” deb maqtaydi. Al-Avlakiy bir paytlar Virjiniya shtatidagi masjidda dars bergan. Nidal Hasan bilan shu yerda tanishgan.
Kontr-terrorizm bo’yicha ekspert Kent Klizbi, Markaziy Razvedka Agentligining sobiq xodimi, xorijiy davlatlarda 2001 yili AQShga qilingan xurujlarga aloqador guruhlarni aniqlash bilan shug’ullangan.
"Nafratga to’la odamlar ko’p", - deya xulosa qiladi u.
"Nafratini Amerikaga sochayotgan har bir odamni kuzataman desangiz, bir dunyo mablag’, resurs kerak",- deydi Klizbe.
AQSh armiyasi o’z safida ekstremistlar borligini bilmasa uzoqqa bormaydi, deydi respublikachi kongressmen Piter Xokstra.
"Razvedka idoralarining ko’zi qayerda? Bundaylarni aniqlash ularning ishi emasmi axir"?- deya tanqid qiladi u.
"Armiyani sustkashlikda ayblash mumkin. Boshqa dinlarga hurmat, tolerantlik, e’tiqodlar-aro totuvlik deb ko’p gapiramiz. Musulmonlarga e’tiroz bildirishning o’zi nozik masala bo’lib qolgan",- deydi tahlilchi Klizbi.
Boshqalar esa musulmonlarni islom nomiga dog’ tushirayotgan radikallarga qarshi faolroq bo’lishga undamoqda.