AQSh admirali, prezident maslahatchisi Mayk Mullen Mudofaa vazirligini tanqid qilmoqda. Admiral nazarida vazirlik dunyo davlatlari bilan aloqani to’g’ri yo’lga qo’ya olmayapti.
Admiral Mayk Mullen harbiy nashrda e’lon qilgan maqolasida Pentagon faoliyati va uning kamchiliklarini tahlil qiladi. AQSh Mudofaa vazirligining asosiy muammosi – ishonch qozona olmayotganida, xoh Yaqin Sharq, xoh, umuman, musulmon olami bilan bo’lsin, deydi u.
Yil boshida o’tkazilgan so’rov natijalarga ko’ra, dunyoda Amerikaga nisbatan munosabat iliqlashgan, biroq arab, musulmon davlatlarida AQShning reytingi hamon past.
Admiral ta’rificha, Pentagon chiroyli va balandparvoz so’zlar haqida bosh qotiradi-yu, amaliy harakat, natijalarga yetarli e’tibor bermaydi. Qisqasi, deydi Mullen, qanday qilib gaplashsak ekan deb o’tirmay, nima qilish kerak ekani haqida o’ylash lozim.
Admiral Afg’oniston masalasida to’xtaladi.
“Maqsad faqat dushman bilan jang qilish emas, Afg’oniston xalqi ishonchi, mehrini qozonish hamdir”, - deydi Myullen. “Afg’on xalqiga imkon va madad berilsa, o’zini-o’zi eplab ketadi”, - deydi harbiy.
AQSh prezidenti va mudofaa vazirining harbiy masalalar bo’yicha maslahatchisi Mayk Mullen nazarida Qo’shma Shtatlar birovga yordam bergani yaxshi. Ammo o’sha inson, davlat, jamoaning ishonchini qozonish ham muhim. So’zni amalda isbotlash, odamlarga yordam berib, xatoni ochiq tan olish lozim; Mudofaa vazirligi esa kamtarroq bo’lib, boshqalarga quloq tutishi kerak, deydi u.