Breaking News

AQSh armiyasi askarlar ruhiyatidan tashvishda


Yaqinda AQShning Texas shtatidagi Fort Xud harbiy bazasida ro’y bergan fojia ketidan armiya askarlar ruhiyati va dunyoqarashiga e’tiborni oshirgan.

Harbiy vrach, mayor Nidal Malik Hasan 5 noyabr kuni bazada 13 safdoshini otib o’ldirgan edi.

Tergovda ayon bo’lishicha, Federal Qidiruv Byurosi Nidal Malik Hasan radikal imomlar bilan aloqada bo’lganini bila turib jiddiy choralar ko’rmagan.

AQSh armiyasida zobitlarning ruhiy-jismoniy ahvoli va hatto siyosiy qarashlarini muntazam kuzatib boradigan nizom-ko’rsatmalar mavjud. Qo’mondonlar ishini puxta bajarganda edi, deydi ayrimlar, fojia oldini olsa bo’lardi.

Musulmon harbiy Nidal Malik Hasan bazada otishma boshlab, 13 kishini o’ldirishiga sababchi bo’lgan omillar, uning dunyoqarashi, kim bilan aloqada bo’lgani, bu haqda qaysi idoralar nima bilgani tergov ostida.

AQShning birinchi raqamli harbiysi admiral Mayk Mullen “e’tiborga molik har qanday ma’lumot aniqlangan zahoti boshqaruv tizimining har bir bo’g’iniga yetib borishi kerak edi”, - deydi.

Ammo Nidal Hasan misolida tizim pand bergan. Tergovchilarning aytishicha, harbiyning radikallashishida uning yamanlik imom Anvar al-Avlakiy bilan yozishib turgani, G’arbda Al-Qoida tarafdori sifatida tanilgan bu shaxsning bayonotlari va veb sahifasini kuzatib borgani muhim rol o’ynagan.

Bundan 1,5 yilcha oldin Nidal Malik Hasan, harbiy psixiatr, AQSh armiyasi safidagi musulmon askarlarni o’z dindoshlariga qarshi urushlarga jo’natmaslikni tavsiya etgan.

Pentagon so’zlovchisi Brayan Vitmanning bildirishicha, bunday holatlarda qanday yo’l tutish to’g’risida Mudofaa vazirligining maxsus ko’rsatmasi bor.

Hujjat matni bilan tanishgan tahlilchilar nazarida esa u ko’proq irqiy diskriminatsiyani nazarda tutadi.

Bosh shtab rahbari muovini, iste’fodagi general Jek Kin fikricha, armiya nizomini qayta ko’rib chiqish, qo’mondonlarga ekstremistik qarash va xatti-harakatlarni erta aniqlash bo’yicha yo’l-yo’riq berish lozim.

“Gap”, deya qo’shadi u, “armiya safidagi minglab musulmonlarni nishonga olish haqida ketmayapti, albatta”.

Amerika-Islom Aloqalari kengashi Mudofaa vazirligi va Kongressda ketayotgan bu muhokamani diqqat bilan kuzatmoqda. Kengash vakili Ibrohim Xuper xavotirini yashirmaydi.

“Harbiy nizomni o’zgartiramiz deb, tag’in bazada soqol yoki namoz o’qishga ruxsat so’ragan odamni ekstremistga chiqarib qo’ymasin”, - deydi Ibrohim Xuper. “Radikal hulq-atvor deganda nima nazarda tutilayotgani oldindan aniq belgilab olinishi zarur”.

Amerikada boshqa dinlarga hurmat, bag’rikenglik eng yuqori minbarlardan turib e’tirof etilarkan, ayrim sharhlovchilar aynan diniy faktorga e’tibor qaratmoqda.

Ehtimol, deydi ular, qo’mondonlar Nidal Hasanning konstitutsion huquqlarini, e’tiqod va so’z erkinligini cheklashdan qo’rqib chora ko’rmagandir.

Amaldagi qonun-qoidalar talabga qanchalik javob berishini uning ijrosi, tekshiruv ko’rsatadi. Oxir-oqibat, deydi Mudofaa vaziri Robert Geyts, zobitlar haq-huquqi, xavfsizligi va harbiy dissiplina-intizomni ta’minlash uchun qo’mondonlar javobgar.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG