AQShda cho’chqa grippi tarqala boshlaganidan beri virusdan 4000 kishi jon berdi. Epidemiya haqida tinimsiz ogohlantirsa-da, hukumat kasallik bunchalik ko’p talofat keltiradi deb o’ylamagan edi.
Qo’shma Shtatlarda H1N1 virusi, grippning yangi va yanada xavfli turi ilk bor shu yilning aprel oyida aniqlangan edi.
Yaqingacha rasmiylar cho’chqa grippidan o’lganlar soni ko’pi bilan 1000 deb kelayotgan edi. Kasalliklarni nazorat qilish markazi berayotgan raqamlar esa bundan to’rt marotaba katta.
Shu kungacha 22 million amerikalik bu grippga chalingan, 100 mingga yaqini kasalxonada davolanib chiqqan. Bemorlardan sakkiz millioni bolalar, 540 nafari virusga dosh bera olmagan. Markaz rahbari, doktor Anna Shukit vaziyat og’ir deydi.
“Bu qadar ko’p odam halok bo’lganidan chuqur qayg’udamiz. Ayniqsa bolalar orasida o’lim hollari ko’payishi mumkin deb xavotirlanayapmiz. Kasallikka qarshi kurashni kuchaytirganmiz. Virus juda xavfli,” - deydi doktor.
Yaqinda BMT qoshidagi Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti dunyo bo’ylab 6000 odam cho’chqa grippidan nobud bo’ldi deya ma’lum qilgan edi. 1 noyabrdan beri yer yuzida yarim million kishi bu kasallikka yo’liqqan. Bu aniqlangan hollar, yana qancha odam virusni yuqtirganini bilmasligi mumkin.
Doktor Shukitning aytishicha og’ir kasalliklardan azob chekayotgan odamlar ehtiyot bo’lishi kerak.
“Masalan, qand kasali bilan kurashayotganlar agar grippga chalinsa, ahvoli yanada og’irlashishi mumkin, chunki qondagi shakar miqdorini nazorat qilish qiyinlashadi. Biz hammani, hammani ogohlikka chaqirayapmiz,” - deydi u.
Shifokorlarning xulosa qilishicha, cho’chqa grippiga qarshi eng ma’qul chora bu emlanish. Hozirda Amerika bo’ylab virusdan himoya qiluvchi vaksina tarqatilmoqda. Lekin kun sayin ortayotgan talabni qondirish qiyin.
“Kelasi kunlar ichida vaksina ta’minotini oshiramiz. Sharoitni yaxshilaymiz. Bundan boshqa yo’l yo’q,” - deydi vrach.
Lekin kasallikka yo’liqib bo’lganlar uchun buning zarracha ahamiyati yo’q.
“Erimning holi og’ir… Kechasi bilan qiynalib chiqdi,” - deydi mana bu ayol. Virus nafas yo’lini ishdan chiqaradi.
Gripp asosan sovuq kunlarda boshlanadi. Cho’chqa grippi esa butun yoz odamlarga tinchlik bermadi. Kuz o’tib, qish yaqinlashar ekan, inson hayotiga hamla qilishda davom etmoqda.