Breaking News

Grippning yangi turi dunyo bo'ylab xavotir uyg'otmoqda


Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti pandemiya ehtimoli haqida ogohlantirmoqda.

Meksikada cho'chqa grippidan 152 kishi o'lgan. 1600 dan ziyod odam kasallik bilan olishmoqda. AQShda hozirgacha 50 kishida virus alomatlari aniqlangan. Bu bemorlardan 11 nafari Meksika bilan chegaradosh Kaliforniyadan ekani ma'lum.

Meksikada harbiylar aholi orasida tibbiy niqoblar tarqatmoqda. Bu mamlakatdan chiqqan kasallik qo'shni Amerikaga o'tgan, qolaversa Kanada va Ispaniyagacha yetib borgan. Yangi Zelandiyada ham topilgan. Janubiy Koreya ham virus alomatlari borligini ma'lum qilmoqda.

Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti bosh shifokorlaridan Keyji Fukuda deydiki:

"Grippning bu xavfli turi odamlar orasida tezlikda tarqaladigan kasallik. Qamrovi juda keng bo'lishi mumkin deya xavotirdamiz".

AQSh yuqumli kasalliklarni o'rganish markazi bosh mutaxassisi Richard Besser bu grippning oldini olish qiyin deydi.

"Bemorlar virusni yuqtirganidan keyin bir haftagacha uni atrofdagilarga tarqatishi mumkin. Kasallik har safar yangi tusga kiradi",- deydi u.

Kasallik alomatlari

Cho'chqa grippi odatda bu hayvonlarda kuzatilgan xolos. Hozirgi virus bu grippining yangi turi, ham bu hayvonlar, ham insonlar uchun, deydi olimlar.

Simptomlar, shamollash yoki oddiy grippga o'xshab ketadi.

Masalan, odamning issig'i ko'tariladi, boshi og'riydi; kishi holdan toyib, bog'imlar zirqiraydi, mushaklar tortishadi, bosh aylanadi, ayrim hollarda qusish va ichketishi kuzatiladi.

Doktorlar odatdagidek "O'zingizni saqlash uchun gigiyenaga rioya qiling. Kasalman deb o'ylasangiz, uyda o'tiring. Yo'talsangiz yoki aksirsangiz og'zingizni yoping", deya eslatmoqda.

Hukumatlar ham, BMT ham ortiqcha vahimagaga hojat yo'q demoqda, ammo haqiqat shuki bu virusga qarshi aniq bir dori mavjud emas.

Xalqaro choralar

Meksikadan kelayotgan kishilar maxsus tekshiruvdan o'tishi kerak. Amerikada gripp chiqqan maktablar vaqtincha yopilgan va sanitariya ishlari avjida.

Prezident Barak Obama yangi virus tashvishga molik ekanini aytib, odamlarni ogohlikka chaqirmoqda.

Amerikada bemorlar soni 40 nafardan oshgach, hukumat favqulodda tibbiy holat e'lon qilgan. Grippga qarshi, zahiradagi eng kuchli dori Tamiflu shtatlar bo'ylab tarqatilib, muolajalar boshlangan.

Cho'chqa grippiga qarshi vaksina yo'q, ammo Tamiflu va Relenza kabi dorilar effektiv ekani ma'lum.

Shifokorlarning aytishicha Meksikada bu grippga chalinganlarning ahvoli og'ir. Unga bardosh bera olmaganlar asosan o'smirlar. Odatda bu yoshda inson gripp kabi kasalliklarni yenga oladi.

Shu sabab ham mutaxassislar bu grippning juda murakkab turi deya xulosa qilmoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG