Breaking News

O'zbekistonda immunitet taqchilligidan azob chekayotganlar soni mavhumligicha qolmoqda


Jahon Sog`liqni Saqlash Tashkiloti chiqargan hisobotga ko`ra, O`zbekiston immunitet taqchilligi virusi va uning oqibatida vujudga keluvchi SPID kasalligiga chalinganlar soni keskin o`sib borayotgan mamlakatlar sirasiga kiradi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko`ra, O`zbekistonda immunitet taqchilligi virusini yuqtirgan va SPID kasalligidan aziyat chekayotganlar soni besh yarim mingdan oshadi. Bu yil O`zbekistonda qancha odam bu virusga va uning kuchayishi natijasida vujudga keluvchi xavfli kasallikka chalinganligi haqida rasmiy ma’lumotlar e`lon qilinmagan. Respublika SPID markazining bildirishicha, rasmiy hisobot shu yilning oxiriga qadar e’lon qilinadi.

Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkilotining O'zbekistondagi vakolatxonasiga ko'ra, odatda immunitet taqchilligi virusiga chalinganlarning taxminiy sonini aniqlash uchun rasmiy ko'rsatkichni o'nga ko'paytirish lozim. .

“SPID muammolari bilan shug’ullanuvchi maxsus xalqaro tashkilotlar bor. Ularning hisoblariga ko`ra, har qanday rasmiy ko`rsatkichlarni o`nga ko`paytirish zarur. Men aytgan ko`rsatkichlar ham bundan mustasno emas,”- deydi tashkilot mutaxasisi Iskandar Ismoilov.

O`zbekistonda 1995-1996 yillarda immunitet taqchilligi virusi va SPIDga chalinganlar soni 90-100 kishi atrofida edi.

Mutaxassislarning fikricha, O`zbekistonda kasallik avvaliga asosan jinsiy aloqalar orqali yuqayotgani haqidagi qarash ustun bo`lsa, bugunga kelib virus 80 foiz hollarda giyohvandlik orqali orttirila ekan.

O`zbekistonga SPID kasalliligiga qarshi kurashish uchun xalqaro moliyaviy tashkilotlar tomonidan turli grantlar ajratilmoqda. Yaqinda Jahon banki tomonidan 25 million AQSh dollari berildi.

Mutaxassislarga ko`ra, hozir O`zbekistondagi asosiy muammo bu mamalakat aholisining qanchasi immunitet taqchilligi virusi va SPIDga chalinganligini aniqlashtirishdir. Bu borada yuritilayotgan targ`ibotlar va tashviqotlar qanchalik foyda berishidan qat’iy nazar, samarali natijaga erishish qiyin kechayotganligi aytilmoqda.

Shu bois rasmiy ma’lumotlarni o`nga ko`paytirish lozimligiga urg`u beriladi. Jahon Sog`liqni Saqlash Tashkiloti ma’lumotiga ko`ra, biror davlat aholisining bir foizi virusga chalinganligi aniqlansa, u yerda SPID kasalligi epidemiya sifatida e’tirof qilinadi. O`zbekistonda bu xavfli kasallikka chalinayotganlar sonini aniq emasligi sabab ham epidemik holat haqida gapirish qiyin.

XS
SM
MD
LG