Breaking News

BMT: Immunitet taqchilligi virusiga chalinganlar soni ko’paymoqda


Birlashgan Millatlar Tashkilotining SPIDga qarshi kurash dasturiga ko’ra, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda VICH, ya’ni immunitet taqchilligi virusining tarqalishi kuzatilmoqda. 2005 yilda ushbu mintaqada virusga chalinganlar soni 1.6 million kishini tashkil etgan.

Bu raqam, BMTga ko’ra, bemorlar soni oxirgi salkam 10 yil mobaynida 20 baravarga o’sganidan dalolatdir. Mintaqada VICH infeksiyasiga chalinganlarning aksariyati Rossiya hamda Ukrainada yashaydi.

Bugungi kunda immunitet taqchilligi virusi Turkmanistondan tashqari barcha sobiq Sovet davlatlarida quloch yozgani aytilmoqda. Turkmanistondagi ahvol bo’yicha ma’lumot juda oz. Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari epidemiyaning boshlang’ich davrini boshdan kechirmoqda.

Tashkilotning O’zbekiston bo’yicha chiqargan hisobotida aytilishicha, rasmiylar mamlakatda immunitet taqchilligi virusining ko’payishi hollariga 2004 yilda alohida e’tibor qaratishgan. Hozirda O’zbekiston hukumati virusning oldini olishga qarshi jiddiyroq choralar ko’ryapti, deyiladi hisobotda.

2003 yil statistik ma’lumotlariga ko’ra, O’zbekistonning 15-49 yoshdagi aholisi orasida virusga chalinganlar soni taxminan 11,000 kishini tashkil etgan.

XS
SM
MD
LG