Breaking News

Amerika sog'liqni saqlash tizimi tub o'zgarishlar bo'sag'asida


Amerika sog'liqni saqlash tizimi tub o'zgarishlar bo'sag'asida
Amerika sog'liqni saqlash tizimi tub o'zgarishlar bo'sag'asida

<!-- IMAGE -->

Prezident Obama imzolagan qonun kelasi to’rt yilda 30 million amerikalikni tibbiy sug’urta bilan ta’minlaydi, bu sohada ishlayotgan kompaniyalarni nazoratga oladi.

Mazkur qonun bir yillik achchiq bahs-tortishuvlar mahsuli.

Amerikada kasalxonalar bugun moliyaviy tang ahvolda, aksariyati zararga xizmat ko’rsatadi. Islohot dasturiga katta umidlar bog’langan.

Rojer Beyker Fokyer klinikasi rahbari. Poytaxt Vashingtondan bir soatlik yo’l. “Amerika bo’ylab minglab tibbiy muassasalar kabi bizda ham xarajatlar bir dunyo, olayotgan daromadimiz o’zimizga yetmaydi”, deydi u. Yangi qonundan ular najot kutmoqda.

“Hammaga ayonki, bu ketishda uzoqqa bora olmaymiz. Ertani o’ylayotgan bo’lsak, hozirdan chora ko’rish kerak”, - deydi Beyker.



Sog’liqni saqlash xarajatlari Amerika byudjetining 16 foiziga teng va o’sishda davom etmoqda. Katta mablag’ ajratilishiga qaramay fuqarolar shunga yarasha sifatli xizmat bilan ta’minlanmaydi.

Fokyer kasalxonasi notijoriy muassasa. Mablag’ faoliyatini qoplashga yetib tursa bo’lgani. Ahvol og’ir, o’tgan yili klinikamiz xarajatlarini zo’rg’a qopladi, deydi Rojer Beyker.

“Kirim-chiqim har bir biznesda bor narsa. Kasalxonamiz joylashgan hudud aholisi o’sib boryapti. Yordam so’rab keladiganlar ko’paygan. Jihozlarni vaqti-vaqti bilan yangilash, binoni ta’mirlash, yangi shifokor yollash – bular hammasi pul”.

AQShdagi iqtisodiy ahvol ham muammoning bir bo’lagi. Odamlarning ortiqcha xarajatga tobi yo’q. Yil boshidan beri kasalxonada jarrohlik amaliyotlari 10 foizga kamaygan. Sug’urtasi yo’q bemorlar soni esa, aksincha, oshib boryapti. Ularga xizmat ko’rsatish klinikaga yiliga 6 million dollarga tushadi.

“Ishimizning katta qismi xayriya. Tibbiy sug’urtasiz insonlar yordam so’rab kelsa haydab yubormaymiz. Hozir mijozlarimizning 8 foizi bepul davolanadi. Bir yo’lini qilib kamomadni kamaytirishga harakat qilamiz”, - deydi klinika rahbari.

Amerikada kasalxonaga qadam bosishning o’zi pul. Sug’urta sotib olish hammaga maslahat beriladi, lekin cho’ntak ko’tarmasa nachora.

Ayrimlar hukumatning qashshoq oilalar uchun mo’ljallangan Medicaid dasturiga yoziladi. Buning uchun muayyan talablarga javob berish kerak. Notijoriy tibbiy muassasalar ham Medicaid-dan yordam oladi, ammo bu yili ko’mak hajmi kamayishi kutilmoqda.

“Byudjetimiz yana 5 million dollarga qisqaradigan bo’lsa, ayrim xizmatlarni kesishga majbur bo’lamiz”, - deydi Rojer Beyker.

Klinika yuzlashayotgan muammolar mamlakatda sog’liqni saqlash tizimi qay ahvolda ekanidan darak. Yechim - iloji boricha hammani sug’urta bilan ta’minlashda.

“Qo’shma Shtatlar sog’liqni saqlash sohasida kishi boshiga eng ko’p pul sarflaydigan davlat, kekin qator ko’rsatkichlar bo’yicha orqadamiz. Buni qanday tushuntirish mumkin? Tizimni tartibga keltirish juda murakkab masala”.

Prezident Obama imzolagan qonun 30 million amerikalikni tibbiy sug’urta bilan ta’minlashni ko’zlaydi. Dastur kelasi 10 yilda bir trillion dollarga tushadi. Muxolifat nazarida bu juda qimmat va mamlakatni yangi inqiroz tomon yetaklaydi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG