Breaking News

Obama 2010 yil byudjetini taqdim etdi


Prezident Barak Obama 2010 moliyaviy yilga mo'ljallangan, umumiy qiymati 3,5 trillion dollarllik davlat byudjetini Kongressdan tasdiqlash oson bo'lmaydi deydi. AQSh prezidenti o'zining haftalik telemurojaatida aytishicha, uning sog'liqni saqlash, bank, energetika va boshqa sohalardagi islohotlar dasturi ba'zi lobbichi va manfaat guruhlarga yoqmasligi mumkin.

"Ular eskichasiga ish qilishga o'rganib qolgan. Byudjetga qarshi turishga tayyor, ammo shuni bilsinlarki, men ham kurashga tayyorman," deydi Obama.

Uning aytishicha, byudjetda saylov kampaniyasi davrida bergan va'dalari aks etgan. Xususan badavlat amerikaliklar uchun berilgan soliq chegirmalarini yo'qotish. Uning rejasiga ko'ra, aholining besh foizini tashkil etuvchi badavlat kishilar kelasi 10 yil ichida jami 1 trillion dollar miqdorida soliq to'laydi, boshqalarga esa chegirma beriladi.

"Siyosatni o'zgartirish vaqti keldi. Va o'zgarish byudjetdan boshlanadi. Kelasi bir necha hafta ichida diqqatimni shunga qarataman," deydi Obama.

Oq Uy iqtisodochilariga ko'ra, AQSh yangi moliyaviy yilni 1,75 trillion dollar byudjet kamomadi bilan boshlaydi. Bu Ikkinchi jahon urushidan beri rekord ko'rsatkich bo'lib, o'tgan yilgi kamomaddan to'rt baravar ko'p.

Respublikachilar byudjetning qimmatligidan nolib, hukumat keragidan ko'p pul sarflamoqchi deydi.

Shimoliy Karolinadan senator Richard Burning aytishicha, bu AQSh tarixida eng yirik byudjet bo'lib, kamomadni misli ko'rilmagan darajaga ko'targan.

Obama defitsit bir necha yil ichida qisqartiriladi deya va'da bermoqda.

XS
SM
MD
LG