Breaking News

AQShda sog'liqni saqlash islohoti kunning dolzarb mavzusi


Prezident Barak Obama AQSh sog’liqni saqlash tizimini isloh qilib, barcha amerikaliklarni sifatli va arzon tibbiy xizmat bilan ta’minlamoqchi.

Lekin prezident taklif qilayotgan dasturga qarshilik kuchli. Muxolifat, ya’ni respublikachilar nazarida sog’liqni saqlash sohasi - xususiy sektor va hukumat unga aralashmasligi kerak.

Tibbiy xizmat haqi bozor, talab va sifatga bog’liq, deydi ular. Respublikachilar davlat yordam dasturlarini kengaytirsin, ammo yangi umumiy programma kerak emas demoqda.

Obama Kongressdan uning dasturini yoqlashni so’ramoqda.

“Har bir fursat g’animat. Siyosiy o’yinlarni bas qiling. Amaliy qadamlar vaqti yetdi. Har ikki partiyaning eng ma’qul g’oyalarni o’rtaga qo’yib, kelishaylik. Amerika xalqiga xizmat qila olishimizni ko’rsataylik. Xalq ko’mak kutmoqda”,- deydi prezident.

Amerikada sog’liqni saqlash masalasi hamisha munozarali mavzu bo’lib kelgan. Tibbiy xizmatga boshidan biznes sifatida qaralgan. Sog’liqni sug’urta qilish bu xalqqa odat, hayotning bir qismi.

"Mana shu yerda o’tirgan har bir arbob amaldagi tizim ish bermayotganini biladi. Odamlar tibbiy xizmat qimmatligi sabab davolana olmayapti axir",- deydi Obama Kongress a'zolariga qarata.

Bu soha islohoti oldin ham olg’a surilgan, ammo lobbichilar uni to’xtatgan. Sog’liqni saqlash tizimi hukumatga tegishli emas, deydi ular.

Odamlar kasalxonalar kamroq haq so’rasin deydi, ammo ortiqcha soliq to’lamoqchi emas.

Hukumat dasturi yordam evaziga soliqni oshirishi mumkin.

Ayrimlar g’azabda. Obama siyosatchilarga “yolg’on gaplar tarqatmang”, deydi.

"Mening dasturim haqida tuhmat qilmang. Yolg’on ma’lumot ulashmang. Muammoni rad eta olmaysiz. Yechim kerak, yechim",- deydi prezident.

Obama demokrat va respublikachilarni bir yoqadan bosh chiqarib, hammani rozi qiladigan qaror qabul qilishga undamoqda. Yirik kompaniyalar daromad ketidan quvib, deydi u, sog’liqni saqlash tizimi inson salomatligi emas, sug’urta firmalari foydasini ko’zlaydi.

"Har bir amerikalik zarur muolajani vaqtida va arzonga olishi shart. Hukumat buning uchun zamin hozirlashi lozim",- deydi Obama.

Kongressmen Charlz Bustaniy respublikachilar nomidan gapirar ekan, prezident va uning demokrat safdoshlarini dasturni qayta ko’rib chiqishga chaqirdi. Hukumat, deydi u, xususiy sektorni siquvga olmoqchi.

"Amerikaliklar islohotlar tarafdori, ammo u to’g’ri maqsadlarni ko’zlashi kerak",- deydi kongressmen.

Bustani aslida shifokor. "Sog’liqni saqlash tizimidagi muammolar bilan tanishman",- deydi u.

Obama Kongressda so’zlayotgan paytda ayrim respublikachilar dasturga nisbatan g’azabi va noroziligini yashira olmadi.

Prezident "Islohotlar noqonuniy immigrantlarga biror huquq bermaydi" deganida Jo Uilson ismli respublikachi kongressmen unga qarata "Aldayapsiz"!deb hayqirdi.

"Haqiqatni aytyapman",- dedi Obama.

Kongressmen Jo Uilson qo’pol gapirgani uchun Obamadan kechirim so’ragan, ammo bahsu munoza davom etmoqda.

Tibbiy xizmat uchun amerikaliklar har yili trillion dollarlab mablag' sarflaydi

Obama esa muolaja haqi va dori-darmon bahosini pasaytirish kerak deb chiqmoqda. Uning rejasi byudjetga qimmatga tushishi aniq. Kelasi 10 yil uchun, hozirgi hisob-kitoblarga ko’ra, kamida 800 milliard dollar. Lekin Oq Uy ta’biricha bu arzigulik harajat; har bir amerikalik manfaatini birdek ko’zlovchi loyiha. Komron Usmon mavzuni davom ettiradi.

Amerikaliklar sog’liqni saqlash uchun har yili jami 2 trillion 250 milliard dollar sarflaydi. Kelayotgan 10 yil ichida bu raqam ikki baravarga oshishi mumkin.

Tahlilchi Norman Ornshteyn fikricha tibbiy xizmat haqi sun’iy tarzda o’sib bormoqda. Hukumat buning oldini olishi kerak, deydi u.

"Sog’liqni saqlash harajatlari yildan yilga oshib borayotganiga guvoh bo’lyapmiz. Nima uchun deb qiziqayotganimiz yo’q", - deydi mutaxassis.

Aholi daromadi ko’tarilmayotgan ekan, nega tibbiy xizmat haqi bu qadar yuqori?

Amerikada bundan 45 yil avval sog’liq saqlash uchun o’rtacha daromadning 6 foizi sarflangan. Bugun bu davlatlarda maoshning qariyb 20 foizi tibbiy sug’urta uchun ketadi. O’tgan yili bu 17 foizda edi.

2036 yilga borib, har bir amerikalik o’z salomatligi uchun daromadining 41 foizini sarflashi bashorat qilinar ekan, sug’urtadan voz kechayotganlar soni ortmoqda.

Xususiy sektor vakillari hukumat sog’liqni saqlash tizimi ustidan nazoratni oshirib, bu sohani egallab olmoqchi deya tashvishda.

Karen Ignani tibbiy sug’urta kompaniyalari nomidan gapirar ekan, "Hukumat taklif qilayotgan yangi tizim butun sanoatni yo’q qiladi",- deydi.

Ayrim iqtisodchilar bu bema’ni gap deydi. Tahlilchi Anna Matias fikricha davlat dasturi aslida xususiy sektor sektorda raqobatni kuchaytirib, sifatni oshiradi.

"Amerika tarixida hukumatga qarashli biror bir tashkilot xususiy kompaniyalarga bas kela olmagan. Bu yordam dasturi bo’ladi, biznes emas",- deydi u.

Obama olg’a surayotgan programma tibbiy sug’urta sotib olishga qurbi yetmaydigan shaxs va oilalarga yordam ko’rsatadi. Byudjetdan buning uchun kelasi 10 yilga qariyb 1 trillion dollar ajratiladi.

Qo’shma Shtatlar sog’liqni saqlash tizimi murakkab va iqtisodiyotning ajralmas qismi. Uni isloh qilish har bir korxona va kompaniya faoliyatiga chuqur ta’sir ko’rsatishi tayin. Kimdir jamiyat bu islohotlarga tayyor desa, yana kimdir kelajakni hukumat emas, talab, raqobat va sifat belgilasin, demoqda.

XS
SM
MD
LG