AQSh Kongressi Vakillar Palatasi azaliy bir muammo bo’yicha qonun loyihasini ma’qulladi.
Sog’liqni saqlash tizimini isloh qilish bu mamlakatda yarim asrdan beri tortishuvli masala.
Prezident Barak Obama olg’a surgan loyihaga biror bir respublikachi ovoz bermagan, lekin Kongressning har ikki palatasida demokratlar ko’pchilikni tashkil etar ekan, hujjat yetarlicha ovoz oldi.
Ovoz Obama uchun g’alaba, lekin unga qarshilik kuchli bo’lgani oldinda siyosiy sinovlar talay ekanidan dalolat.
“Biz lobbichilar ta’sirini yengdik. Sog’liqni saqlashdek muhim sohada keskin o’zgarishlar qilishga tayyor ekanimizni isbotladik”, - dedi Obama Oq Uydan turib.
Tibbiy islohot rejasi murakkab bir ko’rinishga ega. Kelasi 10 yilda 1 trillion dollarga yaqin mablag’ ajratishni talab qiladi. Respublikachilar nazarida bu o’ta mas’uliyatsiz xarajat. Sog’liqni saqlash tizimini yaxshilash zarurligini tushunamiz, deydi muxolifat, ammo Oq Uy, ular fikricha jamiyat bilan to’liq hisoblashmay bunday katta qarorlar qabul qilmoqda.
Vakillar Palatasi spikeri Nensi Pelosi loyiha respublikachilarga yoqmagani xalqqa yoqmaydi degani emas deydi.
“Islohotlar xalqimiz sog’lig’i va tirikchiligini ko’zlaydi. Uning manfaati uchun xizmat qiladi. Bu sohani yaxshilash odamlar hayotini yaxshilash degani”,- deydi Pelosi.
Gap shundaki, Amerikada sog’liqni saqlash xususiy sektor qo’lida. Tizim tibbiy sug’urta sotib olishni talab qiladi. Xizmat kun sayin qimmatlab borar ekan, aholining katta qismi uni qoplay olmayapti. Islohotdan maqsad tibbiy xizmatni arzonlashtirish va yordamga muhtoj aholi uchun imkoniyatlar yaratish.
Respublikachilar bu maqsadga qo’shiladi, ammo islohotni qanday amalga oshirish bobida tomonlar bir fikrda emas. Prezident imzo chekishi bilan qonunga aylanadigan bu loyiha hukumat vakolatlarini kengaytirib, sog’liqni saqlash tizimini butunlay davlat qaramog’iga o’tkazadi.
“Amerika xalqi buni istamaydi. Uning dardiga umuman quloq tutmayapmiz”,- deydi Vakillar Palatasida respublikachilar yetakchisi Jon Boner.
Bahsu munozaralar jamiyatni ikkiga ajratib qo’ygandek. Obama taklifiga qarshilar va uning tarafdorlari siyosiy reklama va tashviqot ishlariga zo’r berib, yaqinlashayotgan umumiy saylovlarda fuqarolarni aynan shu qonundan kelib chiqqan holda ovoz berishga undamoqda.
Bir tomon Amerikada sog’liqni saqlashdek nozik sohani xususiy sektor qo’liga topshirib qo’yish xalq salomatligini chetga surib qo’yish bilan barobar deydi.
Ikkinchi tomon esa iqtisodiy erkinlik talablarini eslatmoqda. Qay soha bo’lmasin, deydi ular, odamlarga tanlash imkoniyati berilishi kerak.
Obama ma’muriyati kecha ma’qullangan islohot rejasi har ikki tomon xohishini inobatga oladi deya qayd etmoqda. Kelasi 10 yil ichida, deydi prezident, bugungi vahimalar unutiladi, Amerikada sog’liqni saqlash hozirgidek og’ir masala bo’lmaydi.