Amerikada H1N1, ya’ni cho’chqa grippi keng tarqalar ekan, hukumat rasmiylari “epidemiyani to’xtatishga har qachongidan tayyormiz” demoqda.
Mamlakat miqyosida kasallikka qarshi emlash kampaniyasi boshlangan, biroq farmasevtika sanoati yetarli vaksina ishlab chiqarishga ulgurmayapti.
Tibbiy xizmatchilar, homilador ayollar va bolalar cho’chqa grippiga qarshi birinchilar qatorida emlanadi. noyabr o’rtalariga borib barcha xohlovchilar vaksina olishi mumkin.
AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markazining bildirishicha, mamlakatda cho’chqa grippidan hozirgacha 800 dan ortiq odam o’lgan. 85 nafari bolalar.
Senat qoshidagi davlat xavfsizligi qo’mitasi yaqinda Obama ma’muriyati a’zolarini taklif qilib, kasallikka qarshi kurash qanday ketayotgani borasida ularni savolga tutdi. Qo’mita raisi Jozef Liberman butun e’tiborni H1N1 virusiga qaratmasak bo’lmaydi, o’lim hollari ancha yuqori, deydi.
“Chuqur xavotir bilan qayd etmoqchiman: biz siz bilan uchrashib turgan ayni daqiqalarda gripp virusi shiddat bilan tarqalmoqda. Federal hukumat, mamlakat sog’liqni saqlash tizimi bu epidemiyaga bas kela oladimi degan tashvishdaman”.
Amerikaning turli burchaklaridan to’plangan statistik ma’lumotlarga ko’ra, cho’chqa grippiga chalinayotganlarning 90 foizi hali 65 yoshga yetmagan odamlar. Ehtiyot choralarini kuchaytirish kerak, deydi senator Syuzan Kollins.
“Ham federal, ham mahalliy hukumatlar miqyosida olib borilayotgan dasturlar qanchalik samara berayotganini baholab borish lozim. Virus aholining muayyan qatlamlarida ayniqsa tez tarqalyapti”.
Hozirda emlash kampaniyasi boshlab yuborilgan. Birinchi navbatda homilador ayollar va bolalar vaksina bilan ta’minlanmoqda.
Davlat xavfsizligi vazirasi Janet Napolitano deydiki, hukumat agentliklari, vazirliklar pandemiyaning oldini olishga qaratilgan umumiy reja asosida ish yurityapti. H1N1 ayovsiz, tez sur’atda tarqalishi oldindan ma’lum edi.
Cho’chqa grippi jahon bo’ylab 4,700 kishini hayotdan olib ketgan. Amerikada anti-virus noyabr o’rtalariga borib barcha xohlovchilarga tarqatila boshlanadi.
“Dori hammaga yetarli. Har bir fuqaro emlanishi mumkin. Katta miqdorda, iloji boricha tezroq yetkazishga harakat qilyapmiz”, - deydi Sog’liqni saqlash vazirasi Ketlin Sebelius.
Dunyoning boshqa qismlarida ham o’xshash manzara. Britaniya va Fransiyada tibbiy xodimlar birinchi bo’lib emlanmoqda. Xitoyda bir necha maktablarga vaksina yetkazib berilgan.
Yirik farmatsevtik kompaniyalar va boy davlatlar dorining bir qismini kambag’al mamlakatlarga xayriya qilishga va’da bergan. Xushxabar shuki, deydi shifokorlar, H1N1 virusi yil boshida paydo bo’lganidan beri tarkibini o’zgartirgani yo’q. Bu degani, grippga qarshi dorilar samara bermoqda.
Vaksinani qabul qilayotganlar safi kengaygan sari kasallik hollari kamayishi kerak.