Arab davlatlarining sog’liqni saqlash vazirlari H1N1 virusi
epidemiysidan qo’rqib, bu yil haj safariga cheklov qo’ymoqda.
Xabarlarga ko’ra, 12 yoshdan kichik va 65 dan katta fuqarolar Makkaga
kiritilmaydi.
Arab dunyosida virus tarqaladi degan xavotir
hukmron ekan, rasmiylar ba’zilar uchun avgust oyida umra, noyabrda esa
haj safarini taqiqlashga qaror qilgan.
Avvalroq bu yilgi haj safari
umuman bekor qilinishi mumkin, degan taxmin bor edi.
Qohirada
favqulodda yig’ilish o’tkazgan sog’liqni saqlash vazirlari bolalar,
keksalar va salomatligi zaif odamlarni bu gal yo’lga chiqmaslikka
chaqirmoqda.
Ziyoratchilarga viza beruvchi Saudiya Arabistoni
bu tashabbusni bir oy oldin olg’a surgan. Qirollikda bir necha kishida
H1N1 virusi aniqlangan.
Millionlab odamlar yig’ilgan Makkada virus bir odamga yuqsa kifoya – haj paytida epidemiya boshlanishi aniq, deydi rasmiylar.
Saudiya
Arabistoni Sog’liqni saqlash vaziri Abdulla al-Robiyaning aytishicha,
mamlakatda ehtiyot choralari ko’rilmoqda, epidemiya ehtimoli sabab
qo’shimcha vaksinalar g’amlanmoqda.
“Bu bilan ziyoratchilar sog’lig’ini muhofaza qilmoqchimiz,” – deydi vazir.
Jahon
Sog’liqni saqlash tashkiloti rasmiysi Husayn Gezayriy deydiki,
ziyoratchilar yo’lga chiqishdan oldin, yangi talab-shartlarni ko’zdan
kechirishlari zarur. Ularga javob bermagan shaxslarga viza berilmaydi,
deydi u.
Saudiya Arabistoni sog’liqni saqlash vazirligi jarayon
qanday o’tishi, kimlar haj safariga ruxsat olishini bayon qilgan. Viza
uchun hujjat topshirgan odamlar nomzodini alohida tibbiy markazlar
tekshiradi, deydi rasmiy.
Yaman So’gliqni saqlash vaziri
Abdul Karim Rasoiyning aytishicha, kasallikka uchrashi oson bo’lgan
odamlar uchun haj safarini man qilish qarori uzoq tortishuvdan so’ng
qabul qilingan.
O’tgan yili ikki million musulmon haj amalini
bajargan. Yangi qoida bu yilgi ziyoratchilar soniga ta’sir
qilish-qilmasligini hozir aytish qiyin.
H1N1 virusi, cho’chqa grippi deya tanilgan kasallik shu paytgacha qariyib 800 kishining yostig’ini quritgan.