Breaking News

Tabiblik insonparvarlik deb yashayotgan amerikalik



Amerikada shifokorlarning xili ko’p. Biror joyingiz og’risa organizmning aynan o’sha qismini davolaydigan tabibga borish maslahat beriladi. Umumiy doktorlar juda kam. Bu esa AQShdek katta va murakkab jamiyatda o’ziga xos muammolar tug’dira boshlagan.

Deyvid Ellington AQShda kamyob shifokorlardan. Bu mamlakatda doktorlar tor ixtisosi bilan tanilgan ekan, unga o’xshagan oddiy vrachlarning non topishi qiyin.

Lekin salomatlik haqida o’ylaganda butun organizm hisobga olinishi kerak. Deyvid Ellington odamlarni sog’lom yashashga o’rgatish kerak deb bong urib keladi.

“Hammaga birdek qarayman. Qarimi yoshmi, sihatini o’ylashi, shifokor oldiga borganida to’g’ri maslahatlar, zarur muolaja va ko’mak ola bilishi kerak. Odamlar sarson bo’lishni istamaydi”,- deydi Ellington.

Uning huzuriga kelayotganlar ham shu fikrda. Besh xil do’xtir emas, bir vrachga ko’rinib, davolansam deydi bemorlardan biri.

Deyvid Ellington kabi shifokorlar Amerikada kundan-kunga kamayib bormoqda. Tibbiyot oliygohlari talabalarni maxsus bir yo’nalish tanlashga undaydi. Bu kabi yondashuv yoshlarga ham ma’qul. Albatta, deydi Ellington.

“Chunki onkolog, dermatolog yoki kardiolog bo’lsangiz, ko’proq pul topasiz”.

Meditsina universitetlarida o’qish juda qimmat va yoshlarni tushunish mumkin. Tibbiy ta’lim umum hisobda chorak million dollarga tushadi.

Deyvid Ellington faoliyatini AQSh armiyasida boshlagan. Germaniyada bir necha yil ishlagan.

"Shifokorlik xalqqa xizmat", - deydi u. Xususiy klinikada topgan pulini o’zi ochgan xayriya markaziga sarflaydi. Bepul muolaja taklif etuvchi muassasa.

Bu dargoh direktori Syuzan Sheridan fikricha, Deyvid Ellington haqiqiy tabib.

“Bemor uning uchun bemor. Kasalmand odamlarga qarash, ular boymi yoki kambag’al, asosiy burchim deb biladi. Xonadonma-xonadon yuradi. Odamlar holidan xabar oladi”,- deydi Sheridan.

Deyvid Ellington fikricha, AQShda sog’liqni saqlash tizimi qog’ozbozlikka asoslangan va u hammaga birdek xizmat qilmaydi.

“Bu sohani isloh qilib, tibbiy xizmat ko’rsatish tartibini osonlashtirish kerak. Odamlarni sog’lom yashashga undaydigan dasturlar bilan chiqish kerak. Toki odamlar kamroq kasal bo’lsin, shifoxonada ko’p yotmasin, operatsiyalar kamaysin. Inson umri uzaysa, odamlar hayot lazzatini totsa, deyman”,- deydi shifokor.

Hukumat islohotlarni olg’a surayotgan bir paytda, bu doktor nazarida odamlar orasida noto’g’ri ma’lumotlar, vahimali xabarlar kezib yuribdi.

“Jamoatchilik xavotirda. Ular islohotlar nimadan iborat bo’lishini bilmaydi”.

Hukumat o’zgarish qilmoqchimi, ommaga uni yaxshilab tushuntirsin; dasturga oydinlik kiritib, savollarga javob bersin, deydi shifokor.

“Gapim bitta – boylik ketidan quvgan shifokor shifokormas. Chunki tabiblik zaminida nochorlarga qarash yotadi”.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG