AQShda o’tgan yillar mobaynida abort qilish hollari keskin kamaygan.
Mamlakat kasalxonalari berayotgan hisobotlarga ko’ra, homilani jarrohlik yo’li bilan oldirib tashlash uchun kelayotgan ayollar soni bugun ancha kam.
Abort - Amerika jamiyatini teng ikkiga bo’ladigan masala.
1973 yilda abort qildirish ayol huquqi degan qonun qabul qilinganidan beri uni yoqlovchilar va uni qoralovchilar o’rtasida shiddatli siyosiy jang ketadi.
Qo’shma Shtatlarda 1990 yildan beri jarrohlik yo’li bilan homilani oldirib tashlash hollari 25 foizga kamaygan. Ko’payish masalalari bo’yicha izlanuvchi ilmiy markazlar tahlilicha, bu tibbiy yutuqlar mahsuli.
Tadqiqotchilar AQShda abort qiladigan har bir klinika bilan tanishgan.
Tibbiyot olamidagi yangiliklar, ilg’or texnologiya va homiladorlikning oldini oluvchi yangi vositalar foyda bermoqda.
Xotin-qizlarga jinsiy aloqa va uning oqibatlari haqida batafsil ma’lumot beriladi. Homilador ayollar abort asoratlari haqida ogohlantiriladi.
Kontraseptiv vositalarning turlari ko’paygan. Muhofazasiz kechgan jinsiy aloqadan keyin ayollarga maxsus dori beriladi. Homila bo’lmasligi uchun. Shifokor Reychel Jouns:
“Amerikada abort qilishni taklif qiluvchi tibbiy maskanlar kamaygan. Mamlakatning 87 foiz qismida bunday joyni topolmaysiz”.
Jouns kabi mutaxassislar abort maskanlarining kamayishi ayollarga og’ir tushadi deydi. Abort uning huquqimi, demak uni bu imkoniyat bilan ta’minlash lozim deydi shifokor Reychel Jouns.
Homilador ayollar salomatlik markazlari abort kamayganida bizning ham hissamiz bor demoqda. Abort maskanlari bilan yonma-yon ishlaydigan klinikalar ayollarga homila haqida tibbiy-texnik xizmat ko’rsatadi. Ko’p hollarda homila omon qoladi deydi shifokorlar. Yana bir omil bu ijtimoiy hayotning o’zgarishi.
Haromi degan munosabat yo’qolib bormoqda.
Bu ommaviy axborot vositalari, san’at, kino va teatr hamda adabiyot ta’siri deydi tahlilchilar.
Professor Jon Siri bu Amerika jamiyatidagi muhim madaniy burilish deydi.
”Ana sizga Gollivud kinolarining ongimizga oqibati”.
Abort hollarini o’rgangan olimlar xulosa qilmoqdaki, jamiyatda illat deb hisoblangan masalaga qarshi chora ko’rishning eng ma’qul yo’li – insonning ta’lim saviyasini oshirish.
Abort ayolning shaxsiy huquqi ekan, unga qaror qilishda vijdonan yondashish uchun odamga sog’lom aql kerak.
Avvalo, deydi shifokorlar, voyaga yetmagan qizlarni jinsiy hayotni erta boshlamaslikka o’rgatish lozim. Buning uchun ularda ishonch va g’urur hissini oshirish kerak. Bu esa oiladan boshlanadi.
BMT ma’lumotlariga ko’ra, bugungi kunda eng ko’p abort hollarini Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Xitoyda uchratasiz.